O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Forishda xotira turniri o’tkazildi
2018-04-03 | Jamiyat
Yurtdoshimiz Rustam Ahliddinov mamlakatimizda xalq ta’limini yuksaltirish, yoshlarni komil insonlar qilib voyaga yetkazishda o’zining munosib hissasini qo’shgan insonlardan biri.
U 1955 yil 20 martda tavallud topdi. O’rta maktabni tamomlagandan keyin 1971 – 1972 yillar Sirdaryo viloyati Oqoltin tuman gazetasida adabiy xodim bo’lib mehnat faoliyatini boshladi. Keyinchalik Samarqand davlat universiteti rus filologiyasi fakul’tetida tahsil oldi. U 1979 yildan 2010 yilgacha respublika Xalq ta’limi vazirligida metodistlikdan vazirning birinchi o’rinbosarligigacha bo’lgan yo’lni bosib o’tdi.
Mehnat faoliyati davomida AQSH, Germaniya, Fransiya, Angliya, Xitoy, Yaponiya, Avstraliya, Gollandiya, Shotlandiya, Koreya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Malayziya, Filippin kabi davlatlarda o’tkazilgan xalqaro anjumanlarda O’zbekiston ta’lim tizimi istiqbollariga oid ma’ruzalari bilan qatnashib, mamlakatimiz ta’lim tizimidagi islohotlar mazmun-mohiyatini keng targ’ib qildi.
Rustam Ahliddinov o’zidan yaxshiligu unutilmas xotiralar, esdan chiqmaydigan ishlar qoldirdi.
O’xum qishlog’ida yurtdoshimiz, fidoyi inson Rustam Ahliddinov xotirasiga bag’ishlab futbol bo’yicha xotira turniri o’tkazildi. Xotira turnirida «Bog’don» mahallasi, Arnasoy, Zafarobod, Mirzacho’l, Navoiy viloyati Nurota tumani, Yuqori O’xum, O’rta O’xum, Sirtikon, Porasht qishloqlari futbol jamoalari o’zaro bellashdilar.
Qizg’in kurashlar ostida o’tgan musobaqada Zafarobod tumani futbol jamoasi barcha raqiblar ustidan g’alaba qozonib, 1-o’rinni egalladi. Yuqori va O’rta O’xum jamoalariga 2, 3-o’rinlar nasib etdi.
Xotira turnirida 1, 2, 3-o’rinlarni egallagan jamoalarga kubok hamda pul mukofotlari topshirildi.
Vohidjon SHAVQIYEV,
tuman bolalar va o’smirlar
sport maktabi direktori