O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat yong’in xavfsizligi xizmatidagi ilg’or va tashabbuskor yosh xodimlar moddiy va ma’naviy qo’llab quvvatlanmoqda
2018-04-03 | Jamiyat
O’zbekiston Respublikasining «Yoshlarga oid davlat siyosati to’g’risida»gi Qonuni va O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 maydagi «Ichki ishlar organlari yong’in xavfsizligi bo’linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qaroriga muvofiq 2018 yilning 13 mart kuni O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yong’in xavfsizligi xizmatining yosh xodimlari o’rtasida «Eng faol yosh xodim» ko’rik-tanlovini tashkil etish va o’tkazish to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va O’zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining qo’shma qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorning asosiy maqsadi, Davlat yong’in xavfsizligi bo’linmalari yosh xodimlarini ma’naviy, intellektual, jismoniy va ahloqiy jihatdan kamol topishiga ko’maklashish hamda ularni moddiy va ijtimoiy rag’batlantirishdan iboratdir. Mazkur qarorga asosan har yili «Eng faol yosh xodim» ko’rik-tanlovi ikki bosqichda (hududiy va respublika miqyosida) o’tkaziladi. Ko’rik-tanlovda Davlat yong’in xavfsizligi xizmatining 30 yoshgacha bo’lgan (mazkur yoshdagilar ham) barcha xodimlari ishtirok etishi mumkin.
Ko’rik-tanlov shartlariga ko’ra, ishtirokchilardan egallab turgan lavozimi bo’yicha bilim darajasi sinovdan o’tkazilib, yong’in xavfsizligini ta’minlash borasida maktab va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida o’quvchilar bilan o’tkazilgan viktorinalarning saviyasi va sifatiga, ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasi bo’yicha sinov natijalari hamda sohaga oid innovatsion g’oyalarning mavjudligiga alohida e’tibor qaratiladi. Davlat yong’in xavfsizligi xizmati va O’zbekiston yoshlar ittifoqi ko’rik-tanlovining tashkilotchilari hisoblanadi. Hududiy bosqich g’olibi va sovrindorlari diplom, pul mukofoti va esdalik sovg’alari bilan taqdirlanadilar.
Respublika bosqichi g’olibi pul mukofoti, O’zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi tomonidan tasdiqlangan birinchi darajali diplom hamda O’zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan har yili faol va iqtidorli yoshlarga taqdim etiladigan «O’zbekiston belgisi» ko’krak nishonini olish imtiyozi huquqiga ega bo’ladi.
«Eng faol yosh xodim» ko’rik-tanlovning respublika bosqichi sovrindorlari «Yoshlar uylari»ni imtiyozli ipoteka krediti asosida sotib olish uchun hisobda turgan yoki «Eng faol yosh xodim» ko’rik-tanlovidan so’ng hisobga olingan bo’lsa, O’zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 sentyabrdagi «Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashda qo’llab-quvvatlashga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi qarori doirasida qurilayotgan «Yoshlar uylari»ni navbatsiz sotib olish uchun tavsiya etiladi.
O’zbekiston Respublikasi IIV Yong’in xavfsizligi bosh boshqarmasi