O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi tuzilgan Qurilish vazirligi nima bilan shug‘ullanadi?
2018-04-03 | Jamiyat
Mazkur vazirlik O‘zbekiston Respublikasida arxitektura va qurilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi. U eng avvalo, hududlarda aholini joylashtirishning bosh sxemasini, aholi punktlarining bosh rejalarini va boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqadi. Ijrosi bo‘yicha monitoring yuritadi.
“O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini muvofiqlashtiradi. Shaharsozlik va qurilish uchun muhandislik-texnik izlanishlar sohasida yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni olib borib, energiya samarador va energiya tejaydigan innovatsion loyihalarni joriy etadi.
Eksperimental loyihalarni va loyiha yechimlarini ishlab chiqishni tashkil etish, shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish, qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish sohasida standartlashtirish ishlarini amalga oshirish ham uning vazifalariga kiradi.
Yangi vazirlik arxitektura, loyihalash va qurilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlash, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonining darajasi va sifatini tubdan yaxshilashda ko‘maklashadi. Qurilish sohasida, jumladan chet eldagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalarida loyihachilar va mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishda yaqindan yordam beradi.