O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati o‘rganilmoqda

2018-04-02 | Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 8 yanvardagi “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida” O‘RQ-454-son Qonunining mazmun-mohiyatini aholining keng qatlamiga tushuntirish ishlarini olib borish bo‘yicha Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat Adliya boshqarmasi hamkorligida 2018 yil 31 mart kuni “Huquqiy bilimlar” o‘quv mashg‘ulotida shaxsiy tarkibga mazkur qonunni batafsil tushuntirib berish bo‘yicha amaliy o‘quv-seminari o‘tkazildi.

Unda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi barcha tarkibiy tuzilmalari, viloyat Adliya boshqarmasi xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Dastlab, Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, bojxona xizmati mayori J.Qodirov so‘zga chiqib, ko‘pchilik davlat organlariga ishimiz tushganida turli organlarda turlicha ma’muriy tartib-taomillarga, ish yuritishga, har xil talablar belgilanganiga duch kelishimiz, ularning ba’zilarida rasmiyatchilik va suiiste’molchilik, ma’muriy to‘siqlar, sansalorlik va hujjatbozlik kabi kayfiyatimizga salbiy ta’sir qiluvchi holatlar ham uchrab turishini ta’kidlab o‘tdi.

Mamlakatimizda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq bunday to‘siqlar, turlicha ish yuritishlarni bartaraf etishga qaratilgan, inson qadrini oshirishga xizmat qiladigan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, tegishli qonun hujjatlari qabul qilinmoqda.

Shunday hujjatlardan biri – “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasini qonuni 2018 yil 9 yanvar kuni matbuotda e’lon qilindi. Qonun 7 bob, 88 moddadan iborat bo‘lib, rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n ikki oy o‘tgach kuchga kirishi belgilab qo‘yildi.

Ushbu qonunning asosiy vazifasi ma’muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashdan iborat, – deydi ma’ruzaga chiqqan viloyat Adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Sheroz Shodiyev. Mazkur qonunning kuchga kirishi xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak degan g‘oyani real hayotda amalga oshirishga qaratilgan.

U ma’muriy tartib-taomillarning umumiy qoidalarini belgilaydi, ma’muriy ish yuritish tartibini o‘rnatadi, ma’muriy ishni ko‘rib chiqish, ma’muriy hujjatni qabul qilish, uni ma’muriy shikoyat bo‘yicha qayta ko‘rish, shuningdek, ma’muriy hujjatni ijro etish jarayonlarini tartibga soladi.

Ushbu qonun ma’muriy organlarning manfaatdor shaxslarga nisbatan ma’muriy-huquqiy faoliyatiga, shu jumladan, litsenziya, ruxsat berish, ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillariga, davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq boshqa tartib-taomillarga, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ma’muriy-huquqiy faoliyatga nisbatan tatbiq etiladi.

Ijtimoiy munosabatlarning va sohalarning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, ushbu qonun normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish, davlat xizmatini o‘tash, referendumlar, saylovlar o‘tkazish, mudofaa, jamoat xavfsizligi va huquq-tartibot sohasida, shuningdek, tezkor-qidiruv faoliyati, surishtiruv, dastlabki tergov, jinoiy majburlov choralarini qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa faoliyat, sud ishini yuritish, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish sohasida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmasligi alohida belgilab qo‘yildi. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu qonunning qo‘llanilish sohasiga kiruvchi munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Har bir sohada o‘z xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ma’muriy tartib-taomillarni tartibga soluvchi maxsus qonun hujjatlari mavjud. Shuning uchun ham ushbu qonunda munosabatlar maxsus ma’muriy tartib-taomillarni belgilovchi qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan hollarda ushbu qonun normalari qo‘llaniladi deb belgilab qo‘yildi. Bundan ko‘zlangan maqsad sohalar va tarmoqlarga oid o‘ziga xoslikni hamda yillar mobaynida o‘zini oqlagan tizimni beqarorlashtirmaslikdir.

Qonunning eng muhim jihatlari uning 5-moddasida ifodalangan 13 ta asosiy prinsiplarida namoyon bo‘ladi. Xalqimiz tomonidan ushbu asosiy prinsiplar mazmun-mohiyatini chuqur o‘zlashtirib olish ularning davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan munosabatlarda o‘z haq-huquqlarini samarali himoya qila olishlariga, ortiqcha ovoragarchilik va sarsongarchilikka barham berishda muhim rol o‘ynaydi.

Qonun hujjatlarida ayrim masalalar vakolatli organlarning o‘z ixtiyoriga berilgan. Biroq organlar mazkur ma’muriy ixtiyoriylikni qonun hujjatlarida ko‘zlangan maqsad va doirada amalga oshirishi lozimligi haqida aniq, ravshan talab belgilanganmagan edi. Mazkur qonunda ushbu huquqiy bo‘shliq to‘ldirilib, ma’muriy organ ma’muriy ixtiyoriylikni qonun hujjatlarida belgilangan doirada amalga oshirishi shartligi, ma’muriy ixtiyoriylik asosida qabul qilingan ma’muriy hujjatlar va amalga oshirilgan ma’muriy harakatlar ushbu vakolatning maqsadiga mos kelishi kerak degan qoida o‘rnatildi. Bu turli suiiste’molchiliklarning oldini olishda qo‘l kelib, ixtiyoriy masalalarni turlicha talqin qilishlarga o‘ziga xos cheklov bo‘lib xizmat qiladi.

Qonunda mas’ul organlar ma’muriy ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan barcha haqiqiy holatlarni har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshirishi shartligi, zarurat bo‘lganda, ma’muriy organ manfaatdor shaxslar tomonidan taqdim etilgan dalillar bilan cheklanmasdan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z tashabbusi bilan qo‘shimcha dalillar yig‘ishga haqli ekani belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek qonunda ma’muriy hujjatlar va ma’muriy harakatlar yuqorida ko‘rsatilgan prinsiplarga muvofiq bo‘lishi kerakligi, ularga nomuvofiqlik ma’muriy hujjatlarning bekor qilinishiga yoki qayta ko‘rib chiqilishiga olib kelishi qayd etilgan.

O‘quv-seminar yakunida bojxonachilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislaridan javob olishdi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur qonunning qabul qilinishi inson huquq va erkinliklarini amalga oshirishda, tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini ta’minlashda, mavjud ma’muriy to‘siqlar, sansalorlik va hujjatbozlik ko‘rinishlariga barham berishda mustahkam qonuniy asos bo‘lib xizmat qiladi.

 

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi

Axborot xizmati

Поделиться