O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Korrupsiya - jamiyat rivojiga to‘siq
2018-04-02 | Jamiyat
Korrupsiya – davlat va jamiyat xavfsizligiga rahna soluvchi eng xatarli illatlardan biridir. Chunki, korrupsiya chegara bilmaydi. Bu insonning nafsi bilan bog‘liq jarayondir. Shuningdek, aynan korrupsiya sababli boshqa xavfli illatlar shakllanishiga yo‘l ochilishi hech kimga sir emas.
Davlatimiz rahbari tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning imzolanishi aynan korrupsiya jinoyatiga qaratilgan ishlar uchun dastlabki qadam bo‘ldi, desak, hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu qonunning qabul qilinishi bilan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida Respublikamiz bo‘ylab bu jinoyatning sodir etilish holatlari sezilarli darajada kamayganiga guvoh bo‘lamiz. Albatta, “Kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan yaxshi” deganlaridek, bunda profilaktik suhbatlarning o‘rni anchayin kattadir. Aynan shu munosabat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasidagi navbatdagi xizmat yig‘ilishida “Korrupsiyaga qarshi kurashishning ahamiyati” mavzusida profilaktik mazmundagi tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Fuqarolik jamiyatining shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha bo‘limi bosh mutaxassisi A.Abatov ishtirok etib, korrupsiyaning naqadar xavfli illat ekanligi, davlat va jamiyat shakllanishiga qanchalik to‘siq bo‘lishi hamda ushbu kunda Vatanimizda bu illatni bartaraf etish bo‘yicha qonuniy hamda ijtimoiy jihatdan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida mazmunli ma’ruza yig‘ilganlar e’tiboriga havola etdi.
Shundan so‘ng boshqarmaning O‘z xavfsizligi guruhi katta tezkor vakili Ye.Ibragimov so‘zga chiqib, Davlat bojxona qo‘mitasi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tegishli huquqiy-hujjatlar orqali aytib o‘tildi. Shuningdek, bojxona organlari nomiga dog‘ tushiruvchi, odob-ahloq qoidalariga zid bo‘lgan, jumladan spirtli ichimliklar iste’mol qilish, shaxsiy va xizmat avtoulovidan foydalanganda yo‘l harakati qoidalariga rioya etmaslik kabi illatlar qoralanib, bunday illatlarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan rahbariyat tomonidan kuchli ta’sir choralari qo‘llanilishi aniq misollar tariqasida yana bir bor eslatib o‘tildi.
Shu o‘rinda shuni ta’kidlab o‘tish joizki, bu kabi tadbirlarning o‘tkazilib turilishi yuqorida tilga olingan salbiy illatlarning shakllanishiga to‘sqinlik qiladigan samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
bojxona boshqarmasi
Axborot xizmati