O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xokkey federatsiyasi ochildi
2018-04-02 | Jamiyat
Yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish uchun zarur shart-sharoitlar va infratuzilmani yaratish, mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi PF–5368-son “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida ham Olimpiya, Paralimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo chempionatlari va boshqa xalqaro musobaqa va turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirokni ta’minlash uchun istiqbolli sportchilarni tanlash, tayyorlash va mahoratini oshirishning, ular orasidan mamlakat terma jamoalari sifatli sport zaxirasi va tarkibini shakllantirishning samarali tizimini yaratish, xususan, mamlakatimizda professional, ommaviy sportni, shu jumladan sport o‘yinlari va qishki sport turlarini rivojlantirishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriq berilgan edi.
Shu munosabat bilan, Adliya vazirligi 2018 yil 28 martda O‘zbekiston Respublikasi Xokkey federatsiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Ushbu tashkilotning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasida xokkeyni rivojlantirish, targ‘ib qilish va ommaviylashtirish, shuningdek, shaxsni har tomonlama va uyg‘un kamol toptirishda uning rolini kuchaytirish hamda aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga ko‘maklashish hisoblanadi.
Shuningdek, tashkilot vazifalariga xokkey bo‘yicha sport tadbirlarini, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi chempionatlari, birinchiliklari, kuboklari va boshqa rasmiy sport musobaqalarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida xalqaro sport musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish, xokkey bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi sport terma jamoalarini tuzish va tayyorlashda ishtirok etish, oliy malakali sportchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, O‘zbekiston Respublikasi terma va klub jamoalarini xalqaro sport musobaqalarida qatnashishga tayyorlash bo‘yicha tadbirlarni ta’minlashga ko‘maklashish va boshqa vazifalar kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Xokkey federatsiyasi ta’sischilar konferensiyasida uning rahbari etib, Fazilov Baxtiyor Shuxratovich saylangan.
Shu munosabat bilan, bugun Adliya vazirligi tomonidan poytaxtimizdagi “Next” savdo kompleksidagi Muz saroyida federatsiyaning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi bo‘yicha guvohnomani topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu marosimda ishtirok etgan sportchilar va ularning ota-onalari yurtimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qishki sport turlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganligini bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Xokkey federatsiyasining tashkil etilishi ushbu ishlarning dalili sifatida ulkan tarixiy voqea bo‘lganligini ta’kidlab o‘tishdi.
O‘z navbatida Adliya vazirligi ham mamlakatimizda sportni rivojlantirish va sportchilarimizni jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishlarida barcha zarur choralarni amalga oshiradi.