O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«Xyuman Rayts Votch»ning O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga tashrifi
2018-04-01 | Jamiyat
O’zbekiston Respublikasi IIV Xalqaro hamkorlik boshqarmasida «Xyuman Rayts Votch» ofisining Markaziy Osiyo bo’yicha direktori Stiv Sverdlov va xalqaro tashkilot ofisining Qozog’iston Respublikasi bo’yicha maslahatchisi Viktoriya Kim bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.
Mehmonlarni O’zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor Qutbidin Burxonov qabul qildi. General-mayor Q.Burxonov mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, O’zbekistonda ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jabhalarda keng ko’lamli islohotlar, yangilanishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Xalq farovonligi, yurt tinchligini ta’minlashga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini to’laqonli va samarali himoya qilishga qaratilgan mazkur islohotlar natijasi, avvalo, mamlakatimiz ichki ishlar organlari faoliyatida yaqqol ko’zga tashlanayotganini qayd etdi.
O’z navbatida, Stiv Sverdlov iliq va samimiy qabul uchun minnatdorchiligini bildirdi. Shuningdek, O’zbekistonda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar doirasida muhim ijobiy o’zgarishlar ko’zga tashlanayotgani va bu jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotganini ta’kidladi. Ishchan muhitda o’tgan suhbat chog’ida yana bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.