O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2018 yilning 1 aprelidan boshlab Davlat xizmatlari markazlarida ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 50 taga yetkaziladi
2018-03-30 | Jamiyat
Joriy yilning birinchi aprelidan boshlab, respublika bo‘ylab joylashgan Davlat xizmatlari markazlarida aholiga innovatsion texnologiyalar va zamon talablariga mos ravishda ko‘rsatilib kelinayotgan 37 turdagi xizmatlar soni 50 taga yetkazilishi nazarda tutilmoqda. Yana bir yangilik - davlat xizmatlari yuridik shaxslar bilan bir qatorda, jismoniy shaxslarga ham ko‘rsatiladi.
Bundan tashqari, kundalik hayotda har birimiz ro‘para keladigan farzandning dunyoga kelishi, bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashtirish tashvishi, ular bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish kabi yumushlar ham Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi. Bu nafaqat sarf-harajatlarni, balki inson uchun qimmatli bo‘lgan vaqtni tejashga imkon yaratadi.
Bunda, asosiy e’tibor navbatda turishlarni keskin kamaytirish, sansalorlikning oldini olish, xalqni davlat idoralaridan rozi bo‘lishiga qaratildi.
Davlat xizmatlari markazlari – aholiga barcha xizmatlar bir joyda ko‘rsatiladigan unikal, o‘ziga xos maskan bo‘lishi kutilayapti. Bu sa’y-harakatlarning barchasi Davlatimiz rahbari tomonidan xalqning og‘irini yengil qilish, ularga “davlat-fuqaro” munosabatlarida qulaylik yaratish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yangi konsepsiyasini ilgari surilishi natijasidir.
O‘tgan qisqa vaqt ichida tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga jami 46 ming 380 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Jumladan, dori vositalari chakana savdosi bilan shug‘ullanish uchun ruxsatnoma, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida, ipoteka to‘g‘risidagi shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, tibbiy faoliyatni amalga oshirish huquqini litsenziyalash, elektron raqamli imzo kalitlarini ro‘yxatga olish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun ruxsat berish va boshqalar. Bunda barcha davlat xizmatlari tezkor, qulay, shaffof va sifatli tamoyillari asosida ko‘rsatildi.
Statistika ma’lumotlariga nazar tashlasak, hozirda 65 mingdan ziyod tadbirkorlik subyektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, shundan ularning qariyb 7000 ga yaqini sayyor tartibda amalga oshirildi.
Aholini markazlar faoliyati, ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari turlari bilan yaqindan tanishtirish, ularning markazlarga bo‘lgan ishonchi va qiziqishini oshirish maqsadida Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan respublikamizning eng olis, chekka hududlarida istiqomat qiluvchi aholi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlar va ishbilarmonlar bilan jami 14 719 uchrashuvlar tashkil qilindi.
Shu bilan birga, Davlat xizmatlari markazlari faoliyatini keng omma orasida yoritish, xalqimizga ulardan foydalanishning afzalliklarini tushuntirish, markazga murojaat qilish madaniyatini shakllantirish maqsadida yurtimizning barcha aholi gavjum hududlari, bozorlar, savdo majmualari, shuningdek, reklama ustunlariga davlat xizmatlari, ularning turlari va faoliyat mexanizmi yoritilgan jami 5464 plakatlar, bannerlar va 275 565 ta buklet va flayerlar, ya’ni ko‘rgazmali targ‘ibot materiallari tarqatildi.
Shuningdek, mahallalar binosida Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar, hududlarga biriktirilgan mas’ul xodimlar va ular tomonidan o‘tkaziladigan sayyor qabullar to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettirilgan “Adliya burchaklari” stendlari joylashtirildi.
Olis hududlarda yashovchi aholiga zarur mobil davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida hokimliklar tashabbusi bilan Davlat xizmatlari markazlari avtomobillar bilan ta’minlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida shu kabi ma’lumotlar OAV vakillariga, jurnalistlarga taqdim etildi. Anjuman davomida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar asoslantirilgan javoblar berdilar. Shu bilan birga, agentlikning istiqboldagi rejalari xususida ham ularga axborot berildi.