O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston va Qozog‘iston birjalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi

2018-03-30 | Jamiyat

“O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyatida Qozog‘istonning “Tovarnaya birja "ETS” aksiyadorlik jamiyati vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida eksport-import birja savdosini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.

Uchrashuvda, shuningdek, MDH davlatlari birjalari xalqaro assotsiatsiyasi, “Moskovskaya birja” ochiq aksiyadorlik jamiyati vakillari va jurnalistlar ishtirok etdi. 

“O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi F.Ibrohimov mazkur kelishuv O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan birga, ikki tomon uchun ham manfaatli ekanini ta’kidladi. 

Ushbu hujjat “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” va "Tovarnaya birja “ETS” aksiyadorlik jamiyatlari xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzishni ko‘zda tutadi. Ishchi guruh mamlakatlarimiz o‘rtasida eksport-import birja savdosi uchun tovarlar ro‘yxatini aniqlash bilan shug‘ullanadi hamda tajriba tariqasida dastlabki birja savdolari o‘tkazishni muvofiqlashtiradi. 

– Birjamiz 9 yildan buyon faoliyat yuritadi. Qozog‘istonning neft qazib olishdan tortib qishloq xo‘jaligi sohasigacha bo‘lgan barcha tarmoq korxonalari bizning mijozlarimizdir, – deydi "Tovarnaya birja “ETS” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi K.Orazayev. – Mijozlarimiz O‘zbekiston bozorida yangi sheriklar topishiga, infratuzilmamiz bu borada zarur bo‘lgan servis va xavfsizlikni taqdim etishiga ishonamiz. Birjalarimiz infratuzilmalari o‘rtasida axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi, bu mamlakatlarimizda birja savdolari ishtirokchilari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. 

Qatnashchilar, shuningdek, tovarlar bozori ishtirokchilari o‘rtasidagi birja savdolari mexanizmlarini ishlab chiqishning o‘ziga xos jihatlari, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni Qozog‘istonga eksport qilish maqsadida yurtimiz ishbilarmonlarini hamda qozog‘istonlik ishlab chiqaruvchilarni birja savdolariga jalb etish yo‘llarini muhokama qildi. 

Uchrashuv yakunida tomonlar Qozog‘istonga mahsulot eksport qilish hajmini oshirish maqsadida ushbu mamlakatda “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyatining savdo maydonchalarini ochish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi.

 

Roman Bondarchuk, O‘zA

Поделиться