O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot
2018-03-30 | Siyosat
2018-yilning 29-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirlik va idoralarning rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo‘ldoshev olib bordi.
Senatorlar ishni yangi tahrirdagi “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqishdan boshladilar.
Ta’kidlanganidek, davlat mukofotlari rag‘batlantirishning oliy shaklidir. Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mukofotlanishi mumkin. Qonunda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari chet el davlatlarining mukofotlari bilan ham taqdirlanishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.
Qonunda davlat mukofotlarining turlari belgilab berilgan, “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni, O‘zbekiston Respublikasining 34 ta faxriy unvoni, 11 ta orden, 4 ta medal va O‘zbekiston Respublikasi Faxriy yorlig‘i shular jumlasidan. Davlat mukofotlariga taqdim etish huquqiga ega bo‘lgan subyektlar doirasi kengaytirilgan. Yangi qonunga muvofiq bundan buyon mukofotga taqdim etish huquqiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Sudyalar oliy kengashi, Markaziy bank, Davlat xavfsizlik xizmati, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi raislari, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, boshqa respublika muassasalarining, nodavlat notijorat tashkilotlari respublika organlarining rahbarlari ega bo‘ladi.
Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat mukofotlari bilan taqdirlash tashabbusini mustaqil ilgari surish huquqi mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini davlat mukofotlari bilan taqdirlash Oliy Majlis palatalari tashabbusi bilan amalga oshiriladi.
Qonunda davlat mukofotlaridan foydalanish to‘g‘risidagi norma alohida o‘rin egallaydi. Xususan, ularni taqib yurish, plankalardagi lentalarni va kichkina ko‘chirma nusxalarini taqib yurish, davlat mukofotlarini saqlash va ular tasviridan foydalanish tartibi belgilangan. Senatorlarning fikricha, ushbu qonun hujjati davlat tomonidan rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish, vakolatli organlarning bu sohadagi mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatorlarning fikricha, ushbu huquqiy hujjat fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, davlat organlari va ular mansabdor shaxslarining qonun hujjatlari talablariga so‘zsiz rioya qilishi ta’minlanishining, ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, gumanitar va boshqa sohalarda ular oldida turgan vazifalar va vakolatlar samarali amalga oshirilishining muhim omili bo‘ladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng senatorlar “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonunning maqsadi ushbu sohaga oid amaldagi qonun hujjatlarining normalarini tartibga solish va yanada takomillashtirishdan iborat.
Qonunda davlat xaridlarini davlat tomonidan tartibga solish normalari aks ettirilgan, davlat xaridlari subyektlari qayd etilgan, davlat xaridlari jarayoniga qo‘yiladigan umumiy talablar belgilab qo‘yilgan.
Elektron do‘kon orqali xarid qilish tartibining kiritilishi muhim yangilik hisoblanadi. Qonunda elektron do‘konning ishlashi va undan foydalanish tartibi keltiriladi, shuningdek, xaridlarni auksion, tanlov va tender orqali amalga oshirish, xarid komissiyasi faoliyati belgilangan. Qonunda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yagona yetkazib beruvchidan xarid qilish masalalarini tartibga soluvchi normalar ham belgilab berilgan.
Ushbu qonun normalariga muvofiq xarid qilish tartib-taomillari ustidan monitoring o‘tkazish hamda jamoatchilik va davlat nazoratini amalga oshirish, shuningdek, davlat xaridlariga doir shikoyatlar, nizolar va kelishmovchiliklarni hal qilish mexanizmi belgilangan. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan keyin senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar.
Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining (bundan buyon matnda Xizmat deb yuritiladi) faoliyatini tartibga solishdan iborat.
Qonunga muvofiq Xizmat davlat xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘z faoliyatini maxsus vositalar, shakllar va uslublarda amalga oshiradigan maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Qonunda Xizmat organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilab qo‘yilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga bo‘lgan tajovuzlarning oldini olish, aniqlash hamda ularga barham berish bo‘yicha razvedka va kontrrazvedka faoliyatini amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish, O‘zbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari va mudofaa-sanoat kompleksini davlat xavfsizligiga bo‘ladigan xavf-xatarlar hamda tahdidlardan himoya qilish, mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha strategik tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etish, terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilikka, qurol-yarog‘, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish, davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi, milliy, etnik va diniy adovatni targ‘ib etishga qaratilgan buzg‘unchilik faoliyatining oldini olish, uni aniqlash va unga barham berish kabi yo‘nalishlar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, ilmiy-texnik, ijtimoiy va axborot sohalarida davlat xavfsizligini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi xalqining madaniy-tarixiy hamda boy ma’naviy merosini himoya qilish, davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat manfaatlariga hamda xavfsizligiga tahdid soluvchi korrupsiya holatlariga qarshi kurashish, telekommunikatsiyalar va transport sohasida davlat xavfsizligi hamda davlat manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash va favqulodda vaziyatlarga shart-sharoit yaratuvchi omillarning oldini olish, aniqlash va ularga barham berish, tekshirilishi Xizmat vakolatiga kiritilgan jinoyat ishlari bo‘yicha tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish, tergovgacha bo‘lgan tekshiruv va dastlabki tergovni o‘tkazish, davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat sirlarining saqlanishini, maxsus aloqaning xavfsizligini ta’minlash hamda axborotning kriptografik himoyasini tashkil etish ustidan nazorat qilish, davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon yaratuvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish, Xizmatning jangovarlik va safarbarlik shayligi holatini takomillashtirish hamda saqlab turish, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda va harbiy holat joriy qilinganda kuch va vositalarni harakatlarga tayyorlash Xizmat faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.
Qonuniylik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilish, fuqarolarning yordamiga tayanish, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi ustuvorligi, yaxlitlik, mustaqillik, konspiratsiya Xizmat faoliyatining asosiy prinsiplari sifatida qayd etilmoqda.
Qonunda Xizmat tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni hamda o‘qotar qurolni qo‘llash shartlari va chegaralari, davlat organlarining, boshqa tashkilotlarning va fuqarolarning transport vositalaridan foydalanish tartibi belgilanmoqda.
Ta’kidlash lozimki, Xizmat o‘z faoliyatini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi va bevosita unga hisobot beradi. Shuningdek, Xizmat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasini o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlari yuzasidan muntazam xabardor qilib boradi.
Shu bilan birga, Xizmatning faoliyatida qonunlarning aniq hamda bir xilda ijro etilishi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar tomonidan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiriladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra senatorlar yangi tahrirdagi “O‘rmon to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonunning maqsadi amaldagi qonun normalarini takomillashtirish, o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takror ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan oqilona foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Jumladan, atama va ta’riflarni bir xilda qo‘llash va turlicha talqin etilishining oldini olish maqsadida “o‘rmon”, “o‘rmonlarni ko‘paytirish”, “o‘rmonni muhofaza qilish”, “o‘rmonlarni takroriy ko‘paytirish”, “o‘rmondan foydalanuvchilar”, “o‘rmonlarni qayta tiklash” kabi tushunchalar kiritilmoqda.
Bu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilmoqda, O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining vakolatlari belgilab berilmoqda.
Ushbu qonunda o‘rmonlar muhofaza qilinishini ta’minlash va ulardan foydalanishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar ishtirokining huquqiy mexanizmi mustahkamlab qo‘yilmoqda. Xususan, ular dastur va tadbirlarni amalga oshirish, aholi orasida o‘rmonlardan oqilona foydalanish bo‘yicha tushuntirish ishlarini o‘tkazish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, davlat idoralariga bu sohada ko‘mak ko‘rsatishda ishtirok etadilar.
Bundan tashqari, qonun bilan o‘rmonni qo‘riqlashga doir qator choralar, jumladan, qoidalar, cheklov hamda taqiqlar, o‘rmonga zararli ta’sir ko‘rsatilishining yoki uning yo‘q qilib yuborilishining oldini olishga qaratilgan qoidalar joriy etilmoqda.
Qonun bilan o‘rmondan foydalanishning asosiy qoidalari ancha takomillashtirilgan. Jumladan, daraxt va butalarni kesmagan holda o‘tin va shox-shabbalarni yig‘ish, o‘rmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xo‘jaliklari ehtiyojlari uchun foydalanish, ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida foydalanish kabi o‘rmondan foydalanishning yangi turlari kiritilmoqda.
O‘rmonlarni muhofaza qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi o‘rmonlardan foydalanishga yoki foydalanishning ayrim turlariga nisbatan cheklovlar yoki taqiqlar belgilashi mumkin.
O‘rmonlarning daryolar, ko‘llar, suv omborlari va boshqa suv obyektlari sohillari bo‘ylab o‘tgan taqiqlangan mintaqalarida, eroziyadan saqlaydigan o‘rmonlarda, suv ta’minoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalaridagi o‘rmonlarda, alohida qimmatga ega bo‘lgan o‘rmonlarda, yong‘oqzor o‘rmon zonalarida, davlat qo‘riqxonalarining o‘rmonlarida, shuningdek, belgilangan rejimga muvofiq tabiat bog‘larining, buyurtma qo‘riqxonalarning, kurort tabiiy hududlarining, davlat biosfera rezervatlarining, davlatlararo muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning o‘rmonlarida chorva mollarini o‘tlatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi davlat o‘rmon fondini, uning o‘simlik va hayvonot dunyosini qo‘riqlash va undan oqilona foydalanishning qonunchilik asosini mustahkamlash, huquqni qo‘llash amaliyotining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmati sohasi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Kommunal soha barqaror va sifatli faoliyat ko‘rsatishi muhimligi, uning takomillashtirilishi, shuningdek, kommunal xizmatlar xodimlari mehnatini munosib baholash muhimligi qayd etildi. Hozirgi vaqtda respublikada ushbu sohada 157 mingdan ortiq kishi mehnat qilmoqda.
Kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, vijdonan qilinadigan mehnatni rag‘batlantirish maqsadida qonun bilan 18 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmati sohasi xodimlari kuni etib belgilanmoqda. Senatorlarning fikricha, bu kommunal xizmatlar sifati va samaradorligini yanada oshirishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng senatorlar “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar.
Qayd etilganidek, ushbu qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlisga ko‘rib chiqish uchun kiritildi. Qonun ilg‘or xorij tajribasini hisobga olgan holda sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquqlarini himoya qilishning qonunchilik asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan hamda Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslarga va “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishini nazarda tutadi.
Qonun normalarida dalillarni qalbakilashtirganlik (soxtalashtirganlik) uchun jinoiy javobgarlik o‘rnatilmoqda, yolg‘on guvohlik va yolg‘on xabar berganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Qonunga xilof usullar orqali yoki jinoyat protsessi ishtirokchilarini qonun bilan kafolatlangan huquqlaridan mahrum qilish yoki bu huquqlarni cheklash yo‘li bilan olingan faktik ma’lumotlarni dalil-isbotlar sifatida foydalanishni taqiqlovchi tegishli norma kiritilmoqda. Shuningdek, sudlarda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi prinsipini cheklaydigan qo‘shimcha talablarni joriy etish taqiqlanmoqda, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Bundan tashqari, qonunda sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan shaxslarning mazkur ehtiyot chorasi ustidan sud tartibida shikoyat qilishga doir huquqlari, shuningdek, himoyachining dalillarni to‘plash va taqdim etishga doir huquqlari kengaytirilmoqda, hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish jarayoni, tergov eksperimenti albatta videoga olinishi, shuningdek, sud tekshiruvi jarayonida stenografik yozuv olib borilishi haqidagi talab joriy etilmoqda. Dalillarni to‘plash va mustahkamlashda ruxsat berilmagan usullar qo‘llanilganligi to‘g‘risidagi murojaatlar sud-tibbiy ekspertizasi yoki boshqa ekspertiza o‘tkazilgan holda prokuror yoki sud tomonidan albatta tekshirilishi lozimligini nazarda tutuvchi tartib o‘rnatilmoqda.
Shuningdek, qonunda ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tayotgan, qamoqda saqlanayotgan, ushlab turilgan yoki ma’muriy qamoqqa tortilgan shaxslardan jinoyatlar to‘g‘risida olingan arizalar, xabarlarni va boshqa ma’lumotlarni darhol ro‘yxatga olish va hal etishda jinoyat-protsessual qonun hujjatlari talablariga rioya etilayotganligi prokuror tomonidan majburiy tarzda tekshirilishi haqidagi normalar joriy qilinmoqda.
Senatorlar ta’kidlaganidek, ushbu huquqiy hujjatning qabul qilinishi sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini ishonchliroq ta’minlashga, ularning qadr-qimmati va sha’ni kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka, shuningdek, sud va tergov organlari javobgarligini kuchaytirishga, aholining huquqni muhofaza qilish organlari va sudga bo‘lgan ishonchini oshirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan keyin senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar. Mazkur qonunda ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarni bajarish nazarda tutilmoqda.
Xususan, amaldagi qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar jurnalistlik faoliyatining erkinligini ta’minlovchi huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratishga, jurnalistlarning huquqiy maqomini aniqlashga qaratilgan.
Qonun bilan moddiy madaniy meros obyektlarini qo‘riqlash va ulardan foydalanish masalalari kuchaytirilmoqda, suv obyektlaridan foydalanish shartlari aniqlashtirilmoqda, axborot-kutubxona faoliyati sohasini tartibga soluvchi amaldagi qonun hujjatlari takomillashtirilmoqda, shuningdek, ishga qabul qilinayotgan shaxs yaqin qarindoshlarining sudlanganligi sababli uni ishga qabul qilishni rad etish taqiqlanishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari orasidan chet davlatlarning parlamentlari va xalqaro parlament tashkilotlari bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlar, komissiyalar, qo‘mitalar, ishchi guruhlar va boshqa tuzilmalar tuzishni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga jinoyat ishlarini oshkora ko‘rish sudning tashabbusi bilan yoki jinoyat protsessi ishtirokchilarining iltimosnomasiga ko‘ra audio va videoyozuvga olishdan foydalangan holda hamda videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilishi mumkinligini, shuningdek, sudning qonuniy kuchga kirgan qarorlari jinoyat protsessi ishtirokchilarining roziligi bilan yoki shaxsini ko‘rsatmagan tarzda sudning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi mumkinligini (bundan yopiq sud majlislarida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha sud qarorlari mustasno) nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonun bilan fermer xo‘jaliklarini tashkil etish mexanizmi takomillashtirilmoqda. Masalan, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga fermer xo‘jaliklarini tashkil etish mexanizmini takomillashtirishni, yer uchastkalari taqdim etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarining huquqiy maqomini belgilash va ularni rag‘batlantirish tizimini, fermer xo‘jaliklari huquqlarini yanada kengaytirishni hamda ularning moddiy manfaatdorligini oshirishni, huquqni qo‘llash amaliyotida yuzaga keladigan muammolarni va qonun hujjatlaridagi nuqsonlarni bartaraf etishni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarda energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan turar joylarda muqobil energiya manbalaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarga muqobil energiya manbalari o‘rnatilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga mulk solig‘i va yer solig‘idan ozod qilish tarzida imtiyozlar berish, yagona ijtimoiy to‘lovni paxta yig‘im-terimi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilingan jismoniy shaxslar tomonidan bu ishlarni bajarganlik uchun olinadigan daromadlarga nisbatan hisoblab chiqarmaslik, soliq solinadigan bazani turistik faoliyat subyektlari uchun – turistik xizmatlarni onlayn-bronlashtirish va sotish bo‘yicha dasturiy mahsulotlarni hamda axborot tizimlarini joriy etishga yo‘naltirilgan mablag‘lar summasiga kamaytirish, shuningdek, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari reyestriga kiritilgan kundan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa daromad turlari bo‘yicha yagona soliq to‘lovini to‘lashdan besh yil muddatga ozod etish nazarda tutiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra senatorlar xalqaro huquqiy hujjatlarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi bir qator qonunlarni, shu jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida uch davlatning Davlat chegaralari tutashgan nuqtasi hududi to‘g‘risida shartnomani (Samarqand, 2017-yil 10-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini, “O‘zbekiston Respublikasi bilan Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘rtasida fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnomani (Toshkent, 2017-yil 5-dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini, “Umumjahon pochta ittifoqi Ustaviga to‘qqizinchi qo‘shimcha bayonnomani (Istanbul, 2016-yil 6-oktabr) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini, “Islom tashkilotining ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha ustavini (Boku, 2015-yil 26-noyabr) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini, “Shanxay hamkorlik tashkilotining Ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha konvensiyasini (Ostona, 2017-yil 9-iyun) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar.
Barcha ko‘rib chiqilgan qonunlar muhokamalardan so‘ng senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsman) 2017-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitdilar.
Ombudsmanning 2017-yildagi faoliyati davlat va jamiyat faoliyatining barcha sohalarida tub islohotlarni amalga oshirish, fuqarolarning farovon hayoti uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan vazifalarni bajarishga qaratilganligi ta’kidlandi.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturiga binoan Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qadamlar qo‘yildi. Ombudsmanning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonun hujjatlari hamda davlat dasturlari ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha huquqlari va vakolatlari kengaytirildi.
2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi va chet davlatlar fuqarolarining, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning, jamoat tashkilotlarining va yuridik shaxslarning 9074 ta murojaati Ombudsman tomonidan ko‘rib chiqilib hal etildi. Mazkur ishlar natijasida 34 kishi ishga joylashtirildi va lavozimiga qayta tiklandi, 53 nafar oilaga moddiy yordam, 39 nafar fuqaroga tibbiy yordam ko‘rsatildi, 2319 million so‘m davlat foydasiga, 263 million so‘m murojaat qilganlar foydasiga undirildi, tijorat ishlarini rivojlantirish uchun 133 million so‘mlik kreditlar olishda ko‘mak berildi.
Ombudsman tomonidan qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlari va erkinliklarini ta’minlash ustidan parlament nazoratini kuchaytirish bo‘yicha aniq maqsadga qaratilgan ishlar olib borilmoqda. Noqonuniy xatti-harakatlar ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish yakunlari haqida parlament palatalarini vaqti-vaqti bilan ogohlantirib borish mexanizmi joriy etildi, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha nazorat-tahliliy tadbirlar tashkil etish va olib borishning qo‘shma jadvali tasdiqlandi.
Senatorlar hisobotni muhokama qilish davomida Ombudsman ishining samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar va tavsiyalarni bildirdilar.
Muhokama yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n to‘rtinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.