O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Strategik yo‘l xaritasi” amalda
2018-03-30 | Jamiyat
Prezidentimizning 2017-yil 12-dekabrdagi Mudofaa vazirligi va joylardagi davlat hokimiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda mamlakatning mudofaa salohiyatini mustahkamlashdagi ularning mas’uliyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmoniga muvofiq, mamlakatimiz hududlarida, jumladan, Buxoro viloyatida ham harbiy-ma’muriy sektor faoliyat yuritmoqda.
– Sektor va uning a’zolari zimmasidagi vazifalar doirasi keng, – deydi viloyat hokimi, Buxoro harbiy-ma’muriy sektori rahbari O‘ktam Barnoyev. – Viloyat hududida aholi, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Qurolli Kuchlar harbiy qism komandirlari hamda muassasa boshliqlariga kundalik faoliyatini samarali tashkil etishga ko‘maklashish, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, harbiy shaharcha va poligonlar infratuzilmasini rivojlantirish kabi dolzarb masalalar shular jumlasidandir. Tuzilmaning faoliyat samaradorligi ko‘p jihatdan tashkiliy ishlar oqilona yo‘lga qo‘yilishiga bog‘liq. Shuning uchun harbiy-ma’muriy sektorning ish algoritmi va nazorat tizimiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Uning faoliyatini tashkil etish bo‘yicha 2018-2021-yillarga mo‘ljallangan “Strategik yo‘l xaritasi” va unda belgilangan vazifalar asosida 2018-yil uchun “Yo‘l xaritasi” tuzildi. Belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan monitoring yuritish va har oyning 25-sanasiga qadar sektor rahbari va a’zolari amalga oshirgan ishlar bo‘yicha hisobot berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Belgilangan vazifalar doirasida joriy yilning 5 fevralidan boshlab Kogon tumanidagi harbiy qismlar harbiy xizmatchilari uchun autsorsing shartlarida ovqatlanish tizimi tashkil etildi. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga qarashli harbiy qismlarda ham shunday tizimni qo‘llash bo‘yicha takliflar tayyorlandi.
Prezidentimizning 2017-yil 7-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosini ta’minlash doirasida viloyat hokimligi, xalq ta’limi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining mintaqaviy bo‘linmasi hamda Qurolli Kuchlar faxriylarini jalb etgan holda “O‘zbekiston – mustaqil Vatanim, milliy armiyam – faxrim, g‘ururim!”, “Vatan ozodligi – baxtim garovi!”, “Yagonasan, muqaddas Vatanim!”, “Vatanga xizmat – oliy fazilat!”, “Armiya – buyuk kelajak kafolati!” kabi mavzularda davra suhbatlari va uchrashuvlar o‘tkazildi. Davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan Buxoro garnizoni, harbiylar, harbiy qismlar bilan hamkorlikda “Milliy armiyamiz – yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabi!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining nufuzini oshirish, yoshlarni milliy armiyamizning tashkil etilishi va rivojlanishi tarixi bilan tanishtirish maqsadida kasb-hunar ta’limi tizimi hamda umumta’lim maktablarida saboq olayotgan o‘g‘il bolalar uchun viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan maxsus jadval asosida harbiy qismlarda “Ochiq eshiklar” kunlari tashkil etildi.
Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi viloyat hududiy filiali hamda tegishli mas’ul boshqarma va tashkilotlar hamkorligida hududda faoliyat ko‘rsatayotgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
“Buxoro madaniy markazi”da “Milliy armiyamiz yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir!” shiori ostida zamonaviy harbiy texnikalar va qurol-aslahalar namoyishi, harbiy orkestr va badiiy jamoalarning chiqishi, harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rigi, shuningdek, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining harbiy-texnik va sport imkoniyatlarini namoyish etuvchi ko‘rgazmalarini o‘z ichiga olgan harbiy-vatanparvarlik festivali tashkil etildi. Unda 6 mingdan ziyod yosh qatnashdi.
Joriy yil 6-, 8-yanvar kunlari Toshkent va Andijon viloyatlarida muddatli harbiy xizmat o‘tayotgan askarlarning ota-onalari va do‘stlari bilan “Mening do‘stim – Vatan himoyachisi!” mavzusida videokonferensiya o‘tkazildi. Unga 560 dan ziyod umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari va oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda o‘qituvchilari jalb etildi.
Harbiylarni ijtimoiy himoya qilish sektor faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biridir.
2017-yilning 17-dekabr kuni keng jamoatchilik vakillari ishtirokida Buxoro shahrida harbiylar uchun qurilgan 36 xonadonli 2 ta uch qavatli uy-joy foydalanishga topshirildi. Joriy yilda bu ishlar davom ettirilib, Mudofaa vazirligi harbiy qismlari xizmatchilari uchun har biri 30 xonadonli 3 ta uy barpo etiladi. Shuningdek, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari uchun 30 xonadonli 1 ta, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga 30 xonadonli 1 ta, Ichki ishlar vazirligi tizimidagi hududiy tuzilmalar xodimlari uchun har biri 30 xonadonli 2 ta uy foydalanishga topshiriladi.
Yurt o‘z fidoyilarini e’zozlaydi. Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan xizmat vazifasini o‘tash paytida halok bo‘lgan 10 nafar harbiy xizmatchi xotirasiga hurmat bajo keltirilib, ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator tadbirlar amalga oshirildi. Masalan, ulardan biri Akbarjon Fayziyevning turmush o‘rtog‘iga viloyat hokimligi tomonidan Buxoro shahridan 3 xonali uyning kaliti topshirildi.
Bayram tadbirlari doirasida harbiy qismlar va muassasalarga biriktirilgan homiy tashkilotlar tomonidan 6 komputer jamlanmasi, bitta noutbuk, printer va boshqa maishiy texnika hamda esdalik sovg‘alari berildi. Viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi va harbiy qismlarning har biriga yengil avtomashina ajratildi.
Sektor tomonidan Prezidentimizning 2018-yil 13-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Viloyat hokimining tegishli qaroriga asosan chaqiriluvchilarning sifatli va xolisona tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishini tashkil etish, chaqiruv komissiyalarining faoliyati shaffofligi, ular tomonidan adolatli qaror qabul qilinishi hamda harbiy xizmatga eng loyiq nomzodlar tanlab olinishiga alohida e’tibor berildi.
Viloyat hududidagi yig‘in va chaqiruv punktlari samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun tegishli sharoitlar yaratildi. Xususan, issiqlik, elektr energiyasi ta’minoti tizimi uzluksiz ishlashi diqqat markazida bo‘ldi.
Joriy yilning fevral va mart oylari davomida viloyat hokimligi tomonidan viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi bilan hamkorlikda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan fuqarolarni kuzatish, Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni kutib olish marosimlari bayramona tashkil etilmoqda. Bunday tadbirlar yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Qurolli Kuchlar tasarrufidagi harbiy qismlar va muassasalarga maishiy turmush, jangovar, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik sohalaridagi mavjud muammolarni hal etish, jumladan, harbiy shaharcha va poligonlar infratuzilmasini rivojlantirish, autsorsing tizimini tatbiq etish sektorning doimiy e’tiborida.
Kogon tumanida joylashgan harbiy shaharcha harbiy xizmatchilari uchun tegishli qulayliklar yaratish maqsadida tashqi devor, sport zali, yo‘laklar, o‘quv binolari, ovqatlanish va yashash joylari ta’mirlandi, harbiy qism atrofi obodonlashtirildi.
Buxoro tumani Zarmonoq qishlog‘ida joylashgan maishiy xizmat va servis kasb-hunar kolleji negizida yangi harbiy shaharcha barpo etish maqsadida rekonstruksiya ishlari jadal sur’atda olib borilmoqda. Milliy gvardiya viloyat bo‘limi uchun tegishli qulaylik yaratildi.
Harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini oshirishda kitobning o‘rni katta. Shuning uchun ham sektor harbiy qismlar, chegara postlari kutubxonalarini badiiy, siyosiy va huquqiy adabiyotlar bilan to‘ldirishga amaliy yordam ko‘rsatishni doimiy nazorat qilmoqda.
Albatta, harbiy-ma’muriy sektor zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosi moliyaviy xarajatlarga ham bog‘liq. Shuning uchun viloyat hokimining tegishli qaroriga muvofiq, viloyat moliya boshqarmasiga har yili asoslangan hisob-kitoblarga ko‘ra, kelgusi moliyaviy yil uchun mahalliy byudjetni shakllantirish jarayonida daromadlar rejasi oshirib bajarilgan qismining 10-15 foizi miqdoridagi pul mablag‘larini sektor zimmasidagi vazifalar ijrosini ta’minlashga yo‘naltirishi belgilangani muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunda viloyat mahalliy hokimiyat organlari, mudofaa ishlari boshqarmasi va uning bo‘limlari, harbiy qismlarda Buxoro harbiy-ma’muriy sektori degan ibora tez-tez tilga olinadi. Tashkil etilganiga endigina uch oy bo‘lgan bu sektor Qurolli Kuchlar salohiyatini mustahkamlash, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ijtimoiy daxldorligini oshirish borasida hududda Mudofaa vazirligi hamda mahalliy hokimliklar va boshqa davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada samarali yo‘lga qo‘yishda yangi tizim sifatida mustahkam mavqega ega.