O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ommaviy axborot vositalari  jamoatchilik nazoratining subyektlari sirasiga kiritilmoqda

2018-03-30 | Jamiyat

Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida senatorlar “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi.

- Jamoatchilik nazorati davlat organlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish orqali fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari muhofazasini ta’minlashga xizmat qiladi, - deydi Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Tolib Madumarov. - Yuzga yaqin qonunosti hujjatlarida davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratining u yoki bu ko‘rinishiga taalluqli normalar o‘z aksini topgan. 2014 yilda Konstitutsiyaga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmi kiritilgan.

Biroq, qonunchilikda jamoat nazoratining mohiyati, turlari, uni amalga oshirishning usul va shakllari, umuman olganda, nazorat qilish mexanizmlarini nazarda tutuvchi maxsus qoidalar, yagona hujjat mavjud emas edi.

“Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi yangi qonun jami 21 moddadan iborat bo‘lib, unda jamoatchilik nazorati subyekt va obyektlari, asosiy prinsiplari va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish shakllari belgilanmoqda.

Endilikda qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari; fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari; nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari  jamoatchilik nazoratining subyektlari bo‘lishi mumkin. 

Shuningdek, jamoatchilik nazorati jamoatchilik kengashlari, komissiyalari va qonun hujjatlarida belgilangan hollarda jamoatchilik nazoratini o‘tkazishning boshqa tashkiliy shakllari masalan, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va boshqa idoralar huzurida tashkil etiladigan jamoatchilik kengashlari tomonidan amalga oshirilishi mumkinligi belgilab qo‘yilmoqda.  

Jamoatchilik nazoratining obyekti sifatida esa davlat organlari va ular mansabdor shaxslarining  faoliyatlari belgilanmoqda.   

Bundan tashqari, qonunga muvofiq, jamoatchilik nazorati subyektlari davlat organlari faoliyati ustidan qator shakllarda nazorat olib borishlari belgilab qo‘yilmoqda.   

Davlat organlariga murojaatlar va so‘rovlar yo‘llash; davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida ishtirok etish; jamoatchilik muhokamasi; jamoatchilik eshituvi; jamoatchilik monitoringi; jamoatchilik ekspertizasi; jamoatchilik fikrini o‘rganish; fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ijro etuvchi hokimiyat organlarining, boshqa tashkilotlar va muassasalarning hisobotlarini eshitish kabilar shular jumlasidandir.  

 

N.Abduraimova, O‘zA

Поделиться