O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegaradosh viloyatlari rahbarlari kengashining birinchi majlisi to‘g‘risida
2018-03-30 | Siyosat
2018-yilning 29-mart kuni Farg‘ona shahrida O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegaradosh viloyatlari hokimlari (hukumatning vakolatli vakillari) kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Sapar Isakov raislik qildilar.
Hamkorlikning mazkur shakli O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi prezidentlarining tashabbuslariga ko‘ra tashkil etilgan va 2017-yil sentabr oyida tegishli Memorandum bilan mustahkamlangan.
Kengash chegaradosh viloyatlar o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlar holatini monitoring va tahlil qiladi, shuningdek, hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqadi.
Kengash majlisi davomida mintaqalararo hamkorlik, savdo-iqtisodiy va innovatsion sheriklik, madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish, fuqarolarning O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasini kesib o‘tishi hamda o‘tkazish punktlarining amal qilish sharoitlarini yaxshilash to‘g‘risidagi qator bitimlarni tadbiq etish masalalari va ikki tomonlama munosabatlarning boshqa dolzarb jihatlari ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, o‘tgan qisqa muddat davomida ikki davlatning chegaradosh viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik faol tus oldi. Xususan, 2018-yili Navro‘z bayramini nishonlash arafasida Botken viloyati, Jalol-Obod viloyati va O‘sh shahri delegatsiyalari mos ravishda Farg‘ona viloyati, Namangan viloyati va Andijon shahriga tashrif buyurdi. O‘z navbatida viloyatlar o‘rtasida o‘zaro savdo va madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanmoqda.
Shuningdek, Kengash doirasida Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlarining eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlari qo‘shma ko‘rgazmasi hamda “B2B” – to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes-dialog shaklida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari muloqoti tashkil etildi.
Insonlararo aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratgan holda chegaradosh mintaqalar o‘rtasida barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishga barcha sa’y-harakatlarni bundan keyin ham yo‘naltirishdan tomonlar manfaatdor ekanligi izhor etildi. Hozirgi vaqtda Davlat chegarasida bir nechta o‘tkazish punktlari ochildi. Mazkur yo‘nalishdagi ish davom ettiriladi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra Kengashning navbatdagi majlisini Qirg‘iziston Respublikasi hududida o‘zaro kelishilgan muddatda o‘tkazish to‘g‘risida kelishildi.
Tomonlar tegishli yakuniy Bayonnoma imzoladilar.