O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi kodeks tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoyalaydi
2018-03-30 | Jamiyat
Mamlakatimiz iqtisodiyoti yuksalib, samarali faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari soni ortib borayotgani sababli Prezidentimiz tashabbusi bilan xo‘jalik sudlari o‘rnida iqtisodiy sudlar tashkil etildi va uning doirasi kengaytirildi.
Bu o‘zgarishlar Iqtisodiy protsessual kodeksni qabul qilish zaruratini yuzaga keltirdi. 2018 yil 24 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonun bilan yangi kodeks tasdiqlandi. 5 bo‘lim, 37 bob va 347 moddadan iborat mazkur kodeks joriy yilning 1 aprelidan kuchga kiradi.
Kodeks bilan iqtisodiy sudlarda ishlarni yuritish tartibi takomillashtirildi. Sohaga oid qonunchilik va amaliyotdagi ayrim kamchiliklar bartaraf etildi. Asosiysi, tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali ishonchli himoya qilish mexanizmi takomillashtirildi. Bu esa tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Kodeksda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan yanada keng foydalanishga oid norma belgilandi. Endilikda sud majlislarini audio va videoda qayd etish yanada kengaytiriladi. Bunday zamonaviy uslubning keng joriy etilishi sud majlislari to‘liq qonun talablari asosida o‘tishini ta’minlaydi. Sud majlisi yozilgan audio yoki videoyozuv bilan unda qatnashgan shaxslarni tanishtirish imkoniyati berilmoqda.
Hozirgi kunda tuman va shahar iqtisodiy sudlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Viloyat darajasidagi iqtisodiy sudlarda tajribali sudyalar ishlaydi. Shuning uchun murakkab toifadagi ishlarni hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida ayrim nizolarni hal etish viloyat darajasidagi iqtisodiy sudlar sudloviga o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Nizolarning tezkor ko‘rib chiqilishini ta’minlash maqsadida sudlovlilikning umumiy qoidalari o‘zgartirildi. Ya’ni yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan da’vo arizalari sudga ularning ro‘yxatga olingan joyi bo‘yicha beriladi.
Ma’lumki, yuridik shaxslar ro‘yxatdan o‘tmagan joyida ham, jumladan, turli joylarda faoliyat yuritishi mumkin. Hozirgi kunda ishlar yuridik shaxs joylashgan joyda ko‘riladi. Aytib o‘tilganidek, ular turli joylarda faoliyat yuritadigan bo‘lsa, ishni ko‘rishda qator qiyinchiliklar tug‘ilishi mumkin. Bu borada aniqlik kiritilgani, ya’ni korxona yoki tashkilotga oid da’vo arizasi ular davlat ro‘yxatidan o‘tgan joydagi sudga taqdim etilishi sud uchun shu subyektdan turli hujjatlarni olish, sud ishi bilan bog‘liq boshqa jarayonlarni olib borishda qulaylik yaratadi. Shu bilan birga, bu sud hujjatini ijro etish jarayonini ham birmuncha yengillashtiradi.
Sud ish yurituviga turli sohalarga oid ishlar kelib tushadi. Har sohaning, xususan, sudda ko‘rib chiqilayotgan har bir ishning o‘ziga xos tomonlari bo‘ladi. Ularga aniqlik kiritish maqsadida ayrim hollarda ekspertiza xulosasi talab qilinadi. Bu esa vaqt, mablag‘ talab etadigan jarayondir. Ayrim nizolarni hal qilishda esa mutaxassisning maslahati yetarli hisoblanadi. Shuning uchun bu borada qulaylik yaratish, sud ishining belgilangan muddatda ko‘rib chiqilishini ta’minlash uchun iqtisodiy sud ish yurituvining ishtirokchilari ro‘yxatiga mutaxassis kiritiladigan bo‘ldi. O‘z sohasini yaxshi bilgan mutaxassisdan ishga aloqador masalalarda ma’lumot olishning o‘ziyoq masalaga oydinlik kiritadi. Bu mutaxassis odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxs sifatida sudda qatnashadi.
Kodeksga asosan apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarining ish yuzasidan uzil-kesil qaror qabul qilish tartibi joriy etilmoqda. Buning mohiyati shundaki, endi apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlari kelib tushgan ishni avvalgidek quyi sudlarga qaytarmaydi. Ishni o‘zi ko‘rib chiqib, uzil-kesil nuqta qo‘yadi.
Shuningdek, nazorat instansiyasida ish yuritishni belgilovchi normalar tubdan qayta ko‘rib chiqildi. Endi nazorat instansiyasida ishlar nafaqat Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ularning o‘rinbosarlarining protesti, balki nazorat shikoyati asosida ham ko‘rib chiqiladi. Bu sud ish yurituvi ishtirokchilarining yuqori instansiyaga murojaat qilish huquqini kengaytirib, odil sudlovga erishish darajasini oshiradi.
Kodeksda shartnomaviy (ixtiyoriy) vakillarning ro‘yxati ham keltirildi. Sudda vakil sifatida ish yuritish bo‘yicha professional faoliyat bilan faqat advokatlar shug‘ullanishi mumkin. Bu jamiyatda advokatlarning o‘rni va roli oshishiga ham xizmat qiladi.
Kommunal to‘lovlar yuzasidan qarzdorlikni undirish bo‘yicha ham o‘zgartirishlar kiritildi. Bunda kommunal xizmatlar uchun haq to‘lash bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risida talablar bildirilganida sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi arizaga qanday hujjatlar ilova qilinishi zarurligi belgilandi. Bu qarzdorlik asossiz va noto‘g‘ri hisoblanishining oldini oladi va, o‘z navbatida, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga ko‘maklashadi.
Kodeksga nizolarni taraflarni o‘zaro kelishtirish asosida hal qilishga bag‘ishlangan kelishuv bitimiga oid yangi bob ham kiritildi. Nizolarning samarali hal qilinishini ta’minlash, taraflar o‘rtasidagi munosabatlarni saqlab qolishga qaratilgan bunday me’yor avval qonunchilikda keng aks ettirilmagan edi. Endilikda kelishuv tushunchasi, uni qanday hollarda tuzish mumkinligi bitta bobga qamrab olinib, kengroq tushuntirib berildi.
Muxtasar aytganda, Iqtisodiy protsessual kodeksning qabul qilinishi mamlakatimizda olib borilayotgan sud-huquq islohotlarini qonun darajasida mustahkamlashga, tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlari sud orqali ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.