O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov bilan suhbat

2018-03-29 | Ta’lim

So‘nggi paytlarda mamlakatimizda soha va tarmoqlarni tubdan rivojlantirish, jamiyat hayotini modernizatsiyalash va yangilashga doir o‘nlab me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, ular ijrosi bo‘yicha ishlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Xalq ta’limi tizimi ham shunday tub islohotlar markazida turibdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki ertangi kunimiz qanday bo‘lishini belgilovchi yosh avlod va o‘qituvchi-murabbiylarning eng katta kontingenti (5 million 250 ming nafarga yaqin o‘quvchi, 400 ming nafardan ortiq o‘qituvchi) aynan shu tizimga qamrab olingan. Chuqur bilim va hayotiy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, intellektual rivojlangan o‘g‘il-qizlarni tarbiyalash, pirovardida, O‘zbekistonning qisqa muddatlarda rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishini ta’minlashda maktablarda berilayotgan ta’lim-tarbiya nihoyatda muhim o‘rin tutadi.

Bugungi keng ko‘lamli o‘zgarishlar davrida xalq ta’limi tizimida qanday ishlar olib borilayotgani yuzasidan atroflicha ma’lumot olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri, pedagogika fanlari doktori, professor Ulug‘bek Inoyatovga bir necha savollar bilan murojaat etdik.

— Hurmatli Ulug‘bek Ilyosovich, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan Siz rahbarlik qilayotgan vazirlik o‘ziga qanday vazifalarni belgilab oldi?

— Muhtaram Prezidentimizning 2017-yil 22-dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasi hamda 2018-yil 3-yanvarda o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar hamda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, vazirlik tomonidan ta’lim-tarbiya sifatini oshirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, joriy yilda yangi ta’lim muassasalarini qurish, mavjudlarini ta’mirlashga alohida e’tibor qaratiladi. O‘quvchilarning sifatli ta’lim olishlari uchun shart-sharoitlarni yaxshilash maqsadida 67 ming 549 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan 21 ta umumta’lim maktabini yangidan qurish, 221 tasini rekonstruksiya qilish, 93 ta maktabni kapital ta’mirlash ko‘zda tutilgan.

Respublikadagi 672 ta (shundan 335 tasi qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilishi rejalashtirilgan va 337 tasi qayta jihozlanadigan) umumta’lim maktabini 51 858 to‘plam o‘quv partalari, 225 to‘plam fizika, kimyo va biologiya o‘quv-laboratoriya jihozlari, 41 ta sport zallarini sport inventarlari bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2018-yilda umumta’lim maktablarini Koreyaning Eksimbanki kredit mablag‘lari hisobidan 2859 to‘plam, Xitoy Xalq Respublikasining grant mablag‘lari hisobidan 1303 to‘plam, Ta’limda xalqaro hamkorlik tashkilotining grant mablag‘lari hisobidan 412 to‘plam kompyuter texnikalari bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, ta’lim jarayoniga xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalari va o‘qitishning innovatsion metodlari hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali ta’lim-tarbiya jarayonining sifatini oshirish, 11-sinf o‘quvchilari uchun 20 nomdagi 9,7 million nusxa darsliklar chop etish rejalashtirilgan.

Umumta’lim maktablarining 10–11-sinf o‘quvchilariga kasb o‘rgatish shart-sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha o‘quv-ishlab chiqarish majmualarining 489 ta sinfini zarur jihozlar bilan ta’minlash orqali mehnat bozoriga kasb-hunarga ega yoshlarni yetkazib berishga erishamiz.

Muhtaram Prezidentimizning hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan tanishish yuzasidan tashriflari davomida bergan topshiriqlariga muvofiq, o‘quvchilarning muayyan fanlar bo‘yicha iqtidorini ro‘yobga chiqarish uchun Nukus shahrida O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupov, Qarshi shahrida O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov, Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya, Andijon shahrida Muhammad Yusuf, Mirzo Ulug‘bek tumanida Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalari tashkil etildi. Bundan tashqari, o‘quvchilarda harbiy-vatanparvarlik, Vatanga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida respublika bo‘yicha yana 56 ta ixtisoslashtirilgan maktab ochiladi.

Ta’lim muassasalarining rahbar kadrlarini tayyorlashni takomillashtirish maqsadida hududlardagi umumta’lim maktablari direktorlari uchun kamida bir nafardan yosh, shijoatli, tashabbuskor, tashkilotchi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallagan, xalq ta’limi tizimidagi muammolarni chuqur tahlil qiladigan, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar bera oladigan o‘qituvchi va direktor o‘rinbosarlaridan “dublyor” direktorlar tarkibi shakllantiriladi hamda ular uchun o‘quv-seminarlar tashkil etiladi. Maktablarda ta’lim sifati monitoringi o‘tkazilib, ish samaradorligi past bo‘lgan direktorlar “dublyor” direktorlar bilan almashtiriladi.

Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan qo‘yilgan vazifalarni sifatli bajarish va o‘z yechimini kutayotgan muammolarni tezkor hal etish uchun Xalq ta’limi vazirligi 2018-yilning ustuvor vazifalarini belgilab oldi.

Jumladan, Prezidentimiz farmoni bilan qabul qilingan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturining 174-bandida umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbar va o‘qituvchilarining ish vaqti me’yorlarini qayta ko‘rib chiqish asosida ortiqcha hisobotlarni kamaytirish, ta’limni boshqarish organlari va rahbarlari, shuningdek, boshqa tashkilotlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarda ko‘rsatilmagan hisobotlar va qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilishga barham berish vazifasi belgilangan. Ayni paytda shu asosda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta’limi tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Yangi qaror loyihasida o‘qituvchilar uchun oylik, yillik pedyuklama soati, hisoboti degan tushunchadan voz kechilib, o‘qituvchi berilgan topshiriqlar yuzasidan maktab pedkengashida faqat maktab rahbariyatiga har yarim yilda bir marta hisobot berishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, o‘qituvchilarning haftalik o‘quv(dars) soatlari yuklamasini kamaytirish, maktab rahbarlari va toifalar bo‘yicha o‘qituvchilarning oylik maoshini sezilarli oshirish, o‘qituvchilarni yutuqlariga qarab yil davomida bir necha bor moddiy rag‘batlantirib borish kabi qator muhim masalalar ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, bola tarbiyasida oila institutining rolini oshirish, ota-onalarga farzandlari tarbiyasi bilan shug‘ullanishlari va muloqot qilishlari uchun keng imkoniyat yaratish, ota-ona va farzandlar o‘rtasida mehr-oqibat tuyg‘ularini rivojlantirish, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘quv yuklamasini kamaytirish maqsadida joriy yilning 1 martidan boshlab respublikadagi barcha umumta’lim maktablarining 1-sinf o‘quvchilari haftasiga 5 kunlik o‘qish tizimiga o‘tkaziladi. Yangi o‘quv yilidan e’tiboran 2–4-sinflarni ham haftasiga 5 kunlik o‘qish tizimiga o‘tkazish ko‘zda tutilyapti.

Natijada o‘quvchilar ota-onalari bilan ko‘proq birga bo‘ladi, oilada kitob mutolaasi, muzey, teatr va tarixiy obidalar hamda tabiat maskanlariga sayohat qilish — ichki turizmni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratiladi. Haftaning shanba kunlari ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning qiziqishlari va ota-onalarning xohish-istaklaridan kelib chiqqan holda turli to‘garaklar, sport seksiyalari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.

Bu yil “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan pedagog kadrlarning ijtimoiy nufuzini oshirish, 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar uchun ko‘p variantlilik asosida maktab formasini joriy etish, o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilarni maxsus sirtqi bo‘limlarda bosqichma-bosqich o‘qitish orqali maktablarni oliy ma’lumotli kadrlar bilan ta’minlash, olis va tog‘li hududlarda joylashgan umumta’lim maktablarining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda maqsadli qabulni tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Aniq, tabiiy, ijtimoiy-gumanitar fanlar, xorijiy tillar va boshqa yo‘nalishlarga ixtisoslashtirilgan sinflar tarmog‘ini kengaytirish; bolalarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, umumta’lim maktablari axborot-resurs markazlari va kutubxonalarini badiiy adabiyotlar bilan to‘ldirish choralari ko‘rilmoqda.

“Barkamol avlod” bolalar markazlarida tashkil etilayotgan tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida 2018–2022-yillarga mo‘ljallangan ustuvor tadbirlar konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Sportning 21 turi bo‘yicha “Umid nihollari — 2018” sport musobaqalarining final bosqichi joylarda “Yoshlik va sport bayrami” sifatida tashkil etiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, kelgusida yurtimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘sha oladigan avlodni kamol toptirish, jonajon Vatanimiz manfaatlarini jahon miqyosida munosib himoya qiladigan yoshlarni voyaga yetkazish yo‘lidagi ishlarimiz hali ko‘p.

Bu ishlarni amalga oshirishda muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, yangicha yondashuvlar asosida ishlash, oddiy odamlarning tashvishi bilan yashash, topshirilgan vazifani bajarishda javobgarlikni his qilib, fidoyilik namunasini ko‘rsatish — bugungi kunda faoliyatimizning bosh mezoni bo‘lishi zarur. Har bir davlat xizmatchisi har kuni o‘zining mehnati bilan egallab turgan lavozimiga loyiqligini isbotlashi shart.

— O‘tgan yil katta o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Jumladan, Xalq ta’limi vazirligi tizimi boshqaruvida ham islohotlar amalga oshirildi. Shu xususida gapirib bersangiz.

— Darhaqiqat, 2017-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimizning xohish va istaklari inobatga olingan holda ta’lim tizimini isloh qilishga qaratilgan bir qator qaror, farmon va farmoyishlar qabul qilindi.

Jumladan, xalq ta’limi tizimida davlat boshqaruvini takomillashtirish, vazirlik faoliyatini umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tizimini rivojlantirishga yo‘naltirish, ta’limning boshqaruv organlari faoliyati samaradorligini hamda mas’uliyatini oshirish, o‘quv-tarbiya jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini samarali joriy etish orqali ta’lim sifatini ta’minlash maqsadida 2017-yil 30-sentyabrda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan vazirlikning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari mutlaqo yangi talablar asosida belgilab berildi.

Qabul qilingan qaror xalq ta’limi tizimida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish, ta’limni boshqarishga vakolatli davlat tashkilotlarining mas’uliyati hamda faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish sifatini yaxshilash, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda, xalq ta’limi muassasalaridagi o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni, yangi pedagogik texnologiyalarni, ta’limning texnik va axborot vositalarini joriy etishni kuchaytirish, ta’lim jarayonini xalqaro standartlar darajasiga mos tarzda tashkil etish uchun zarur sharoitlar yaratilishiga qaratilgan.

Qarorga binoan, Xalq ta’limi vazirligi markaziy apparatida hamda uning hududiy bo‘linmalarida muhim tuzilmaviy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan topshiriq va vazifalarni to‘liq hamda sifatli bajarish maqsadida yoshlar siyosati bo‘yicha alohida vazir o‘rinbosari; vazirlik faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlash, ularni sohaga oid yangiliklar bilan tezkor tanishtirib borish ishlarini tashkil etish maqsadida vazirlik markaziy apparatida matbuot kotibi; vazirlik markaziy apparatida hamda uning hududiy bo‘linmalarida qo‘shimcha yuridik xizmat shtat birliklari joriy etildi.

Xalq ta’limi tizimidagi ta’lim muassasalariga zamon talablari darajasida malakali metodik xizmat ko‘rsatish orqali umumiy o‘rta ta’lim berishning sifat va samaradorligini yanada yaxshilash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalarining, tuman(shahar) xalq ta’limi bo‘limlarining tashkiliy tuzilmalari hamda ta’lim muassasalariga metodik xizmat ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirildi.

Bundan tashqari, Prezidentimizning “Ta’lim va tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish mexanizmini hamda davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida individual tarzda faoliyat yuritib kelayotgan buxgalteriya xizmati faoliyati tugatilib, tuman(shahar) xalq ta’limi muassasalarida markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmatlari tashkil etildi. Bu xizmat quyi muassasalarning xarajatlar smetasi tuzilishi va ijro etilishi, ish haqini hisoblash va to‘lash, tovar, ish va xizmatlarning xarid qilinishi, byudjet hamda byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobining yuritilishini ta’minlash, faoliyat turi bo‘yicha tovarlar(ishlar, xizmatlar)dan tushadigan daromadlar monitoringini yuritish kabi vazifalarni bajaradi.

O‘z navbatida, Xalq ta’limi vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmalarida Ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari tashkil etilmoqda. Mazkur tizim tuman(shahar)dagi markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati faoliyatini nazorat qilib, byudjet mablag‘larining noqonuniy sarflanishi va talon-toroj qilinishining oldini olish, tasarrufidagi muassasalarda xarajatlar smetasini rejalashtirish, byudjet hisobining yuritilishi, tender (tanlov) savdolarining o‘tkazilishi va shartnomalar tuzilishi monitoringi hamda profilaktika ishlari bilan shug‘ullanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga binoan kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan o‘quv dasturlari ishlab chiqilib, 2017-2018-o‘quv yilida chop etilgan 1-, 4-, 6-, 7- va 10-sinf darsliklari mazmun-mohiyatiga singdirildi va yurtimizdagi ta’lim 7 tilda olib borilayotgan barcha umumta’lim maktablariga yetkazildi. Yangi darsliklar asosida berilayotgan bilim, malaka, ko‘nikmalarni o‘quvchilar hayotda qo‘llay olishiga yo‘naltirish DTS va o‘quv dasturlarining asosiy maqsadi va zamon talabidir.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martda qabul qilingan “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori ham tizimda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, maktab yoshidagi bolalarni umumta’lim muassasalariga to‘liq qamrab olish, belgilangan me’yorlarga ko‘ra, o‘quvchilarni sinflarga 35 nafardan oshib ketmagan holda joylashtirish kabi muammolarni hal etadi. Qaror asosida tasdiqlangan nizomda umumta’lim muassasalari filiallari, kam komplektli sinflar, kuni uzaytirilgan guruhlar, logopediya shoxobchalarini tashkil etish va faoliyatini belgilash, o‘quvchilarni sinfdan sinfga, maktabdan maktabga o‘tkazish, hujjat yuritish, maktablarni tashkil etish, tugatish va qayta tashkil etish hamda pullik xizmatlar ko‘rsatish tartiblari aniq belgilandi.

— Mushtariylarimizni qiziqtiradigan yana bir muhim savol: umumta’lim maktablarida 11 yillik majburiy ta’limning joriy etilishi, xususan, 10-sinflarning ochilishi, 10-sinf o‘quvchilarini darsligi muallimlar bilan ta’minlashgacha bo‘lgan sa’y-harakatlar qanday kechmoqda?

— Xalq ta’limi tizimida so‘nggi bir yilda olib borilgan islohotlar, qolaversa, Prezidentimiz tomonidan tavsiya etilib, xalqimiz to‘la qo‘llab-quvvatlagan 11 yillik ta’lim tizimining joriy etilishi bilan bog‘liq moddiy-texnik baza, zamonaviy sinfxona va ustaxonalar tashkil etish, darslik va qo‘llanmalar yaratish, kadrlar bilan ta’minlash borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Xususan, Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan ishchi guruh tomonidan maktablarda 10-sinflarni ochish imkoniyatlari, o‘quvchilarning va ota-onalarning xohish-istaklari, har bir umumta’lim maktabining holati joylarga chiqib o‘rganildi, 9-sinf bitiruvchilari va ularning ota-onalari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan muammoli vaziyatlar tushuntirildi. Bunda:

10–11-sinflarning tashkil etilishi va har yili 1-sinfga qabul qilinadigan o‘quvchilar sonining muntazam oshib borishi munosabati bilan kelgusi o‘quv yillarida maktablarda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar va moddiy-texnik bazaning holati;

navbatlilik koeffitsiyenti yuqori bo‘lgan maktab o‘quvchilarini yaqin hududdagi boshqa ta’lim muassasalariga joylashtirish imkoniyatlari;

joylashuvi va transport qatnovi qulayligiga qarab maktab yoki kollejlarda o‘quv-ishlab chiqarish majmualarini tashkil etish imkoniyatlari har bir hududning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda o‘rganib chiqildi.

Har bir maktabda 9-sinf bitiruvchilarini qayd etish bo‘yicha “temir daftar”lar tutilib, o‘quvchi va ota-onalarning istaklari qayd etib borildi.

2016-2017-o‘quv yilida umumta’lim maktablarining 9-sinfini bitirgan 467 ming nafar o‘quvchidan 284 ming nafari yoki qariyb 70 foizi 10-sinfda ta’lim olmoqda.

10-11-sinflar uchun jamiyatni rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda, olimlar, amaliyotchi-o‘qituvchilar hamda keng jamoatchilikning fikri asosida 12 ta umumta’lim fani bo‘yicha o‘quv rejalari qaytadan ishlab chiqilib, qator o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, 11-sinfda kasb ta’limi orqali 50 dan ziyod kasb o‘rgatilishi bilan birga “Tadbirkorlik asoslari” fani ham o‘qitiladi.

Fan dasturlari asosida 10-sinf o‘quvchilariga umumta’lim fanlaridan 18 nomdagi darsliklar 7 tilda — jami 9 million nusxada chop etildi va joylarga yetkazildi. Mazkur darsliklarni yaratish jarayoniga tajribali o‘qituvchilar, pedagog-olimlar va metodistlar keng jalb etildi.

Eng asosiysi, yoshlarimizning ertangi kuni uchun zamin tayyorlaydigan, ularning kelajagini belgilab beradigan, o‘zi qiziqqan, iqtidori va qobiliyatiga mos kasb egasi qilib yetishtirish va hayotda o‘z o‘rnini topishga ko‘maklashish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Ta’lim sifatini ta’minlashning asosiy omillaridan biri bu — pedagog mahoratidir. Ya’ni, o‘z kasbining ustasi bo‘lgan malakali o‘qituvchigina o‘quvchi qalbiga yo‘l topib, bilim sirlarini o‘zlashtirishiga yordam bera oladi.

Shu ma’noda, yurtimizda 11 yillik ta’lim tizimining joriy etilishi munosabati bilan oldimizda “Kim dars beradi?” degan masala turgan edi.

Bu vazifani hal qilish yo‘lida tegishli vazirlik va idoralar bilan birga ishlab, yuzaga keladigan ehtiyojni qoplash maqsadida oliy ta’lim muassasalarining 9526 nafar bitiruvchisi, shuningdek, akademik litsey va kollejlarda dars soatlari qisqargan 12 ming nafardan ortiq umumta’lim fanlari o‘qituvchilari ishga qabul qilindi. 10-sinflarda dars beradigan fan o‘qituvchilariga o‘quv reja, malaka talablari, o‘quv dasturlari va darsliklarning mazmun-mohiyatini yetkazish maqsadida o‘quvlar tashkil etildi. O‘quv-tarbiya jarayoniga o‘qitishning zamonaviy ilg‘or shakllari va usullarini, innovatsion pedagogik texnologiyalarni tatbiq etishni o‘rgatishga qaratilgan kurslarda 90 ming nafar o‘qituvchining malakasi oshirildi, 2,5 ming nafar nomutaxassis kadr qayta tayyorlash kurslaridan o‘tdi.

Joylarda o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash maqsadida Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti tashkil etilib, joriy o‘quv yilida 750 nafar yigit-qiz talabalikka qabul qilindi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz, Termiz davlat universitetining Denov filiallari ochildi. Shu bilan birga, respublikamizning 15 ta oliy ta’lim muassasasida tashkil etilgan maxsus sirtqi bo‘limlarda 9 mingdan ortiq o‘rta maxsus ma’lumotga ega pedagoglarning oliy ma’lumot olishiga imkoniyat yaratildi.

Bundan tashqari, har bir tuman va shaharda to‘rtta yo‘nalishda zamonaviy moddiy-texnik bazaga ega, malakali rahbar boshqarayotgan, yuqori pedagogik salohiyatli jamoaga ega bo‘lgan ta’lim muassasalarida aniq fanlar, tabiiy fanlar, gumanitar fanlar va filologiya fanlari bo‘yicha tayanch maktablar belgilab olindi.

Bu maktablar tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari pedagoglariga uzluksiz metodik xizmat ko‘rsatishda asosiy metodik baza hisoblanib, o‘z faoliyatini viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazlari kafedralari bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi. Tayanch maktablardagi mahorat darslari xalq ta’limi tizimida faoliyat olib borayotgan davlat mukofotlari sohiblari, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining tuman, viloyat va respublika bosqichi g‘oliblari, oliy toifali o‘qituvchilar tomonidan tashkil etilmoqda.

— 10–11-sinf o‘quvchilariga kasb o‘rgatish vazifasi ham Xalq ta’limi vazirligiga yuklatildi. Avvalo, qanday kasblar o‘rgatilishi nazarda tutilgan? Bu tadbirlar qanday tashkil etilmoqda?

— Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari 10–11-sinf o‘quvchilariga kasb-hunar o‘rgatish, o‘quvchilarning qiziqish va qobiliyatidan kelib chiqqan holda, o‘quv-ishlab chiqarish majmualarini tashkil etish va ularni zarur jihozlar bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-oktyabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10–11-sinf o‘quvchilariga kasbiy ta’lim berishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga asosan, respublikamiz bo‘yicha 470 ta maktab va 1018 ta kasb-hunar kollejida o‘quv-ishlab chiqarish majmualari tashkil qilindi. Mazkur majmualarda o‘quvchilar haftada bir kun maxsus va chuqurlashtirilgan tayyorgarlikni talab etmaydigan ellikdan ortiq kasb-hunarlarni o‘rganmoqda.

Bu kasblar ro‘yxatini hududlarning shart-sharoitidan hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturidan kelib chiqib, qolaversa, mutasaddilar hamda ish beruvchi tashkilotlar mutaxassislari bilan birga shakllantirdik. Ya’ni, 11-sinf o‘quvchisi maktabni tamomlagandan keyin egallagan hunari bilan o‘z ishini topa olishiga maksimal darajada e’tibor qaratdik.

Majmualarda kasblar murakkabligiga qarab 1 yoki 2 yil davomida o‘rgatiladi va mehnat bozoridagi ehtiyojga asosan kasblar o‘zgarib turadi. 10–11-sinf o‘quvchilariga haftada 1 kun 6 soatdan 2 yil davomida kasbiy ta’lim beriladi. Hududlarning talab va ehtiyojidan kelib chiqib, keyingi o‘quv yilidan o‘rgatilayotgan kasblar sonini 60 dan oshirishni rejalashtirganmiz. E’tiborli jihati, 11-sinfni tugatgan o‘quvchilarga o‘rta ma’lumot to‘g‘risida attestat bilan birga, kasb malakasi bo‘yicha davlat namunasidagi diplom beriladi.

— Davlatimiz rahbari yosh avlod tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib kelgani, ammo biz yashayotgan XXI asrda bu masala haqiqatan ham, hayot-mamot masalasiga aylanib borayotgani haqida gapirib, turli tashkilotlar rahbarlari zimmasiga katta vazifalarni yukladi. Bola tarbiyasida hamkorlik bo‘yicha xalq ta’limi tizimida qanday o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda?

— Darhaqiqat, Prezidentimiz “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyidagi nutqida bu haqda alohida to‘xtalib, “Tarbiya qancha mukammal bo‘lsa, xalq shuncha baxtli yashaydi”, deydi donishmandlar. Tarbiya mukammal bo‘lishi uchun esa bu masalada bo‘shliq paydo bo‘lishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, deya ta’kidladi.

Yuqorida Xalq ta’limi vazirining yoshlar siyosati bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilingani haqida to‘xtalgandik. Xulq-atvorida muammolar mavjud bo‘lgan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport va jismoniy tarbiyaga jalb qilish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish hamda profilaktika qilish masalalari ham hal etilib, vazirlik tizimida bevosita Xalq ta’limi vazirining yoshlar siyosati bo‘yicha o‘rinbosariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunuvchi O‘quvchi-yoshlar bilan ishlash boshqarmasi tuzildi. Yoshlar bilan ishlash tizimini zamon talablari darajasida tubdan o‘zgartirish, barcha ta’lim muassasalarida boshlang‘ich tashkilotlar tuzish orqali O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlik kuchaydi, yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamiyatimizda kechayotgan izchil islohotlarda yoshlar faolligini oshirish imkoniyati yaratildi.

Musiqa va san’at ta’limi muassasalari boshqarmasi va Bolalar sportini rivojlantirish boshqarmasi negizida Maktabdan tashqari ta’limni tashkil etish boshqarmasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi ham o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, darsdan tashqari mashg‘ulotlar samaradorligini ta’minlashga hissa qo‘shadi.

Bugungi kunda barcha umumta’lim maktablarida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlari faoliyat yurityapti. Mazkur boshlang‘ich tashkilotlarda sardorlar tomonidan “tengdosh-tengdoshga” tamoyili asosida ijtimoiy loyihalar amalga oshiriladi. Shuningdek, yoshlar yetakchilari maktablarda o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ular dunyoqarashini kengaytirish maqsadida “Yosh kitobxonlar”, “Zakovat”, “Munozara”, “Muvaffaqiyat maktabi” kabi qator to‘garaklarni olib boradi.

Vazirligimiz tashabbusi bilan har yili o‘quvchi va o‘qituvchilar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish va ularning kitobga mehrini oshirish maqsadida ta’lim muassasalarida o‘tkazib kelinayotgan “Kitobxonlar bayrami” tadbiri doirasida 1—4-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Kitobim — oftobim”, 5–9-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Adabiyot kunlari”, “Kitob taqdimoti” tadbirlari va “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi” tanlovi bundan keyin mutlaqo o‘zgacha ruhda tashkil etiladi.

Bugungi kunda respublikamizda 211 ta “Barkamol avlod” bolalar markazi faoliyat ko‘rsatib, ularda tashkil etilgan 5068 ta to‘garakda 130304 nafar o‘quvchi qo‘shimcha kasb-hunar sirlarini o‘rganmoqda, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazmoqda.

Ushbu to‘garaklarga jalb qilingan o‘quvchilarning 12792 nafari kam ta’minlangan oilalar farzandlari, 1970 nafari Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, 101 nafari “SOS-O‘zbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari, 342 nafari imkoniyati cheklangan bolalar, 120 nafari ichki ishlar organlarida profilaktik hisobga olingan bolalardir.

Tarbiya ko‘pchilik bilan mukammal bo‘ladi. Avvalo, ota-onalar, mahalla va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamjihat ishlasak, bu, albatta, o‘z mevasini beradi. Sharoitlar esa yaratilmoqda. Bizdan faqat fidoyilik talab etiladi.

— Savollarimizga atroflicha javoblaringiz uchun rahmat.

 

“Ma’rifat” gazetasi
muxbiri suhbatlashdi.

Поделиться