O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Mudofaa vaziri Belarus Respublikasi harbiy delegatsiyasini kutib oldi
2018-03-29 | Siyosat
27-mart kuni O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrif bilan Belarus Respublikasi Mudofaa vaziri general-leytetant Andrey Ravkov boshchiligidagi harbiy delegatsiya keldi.
28-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov Belorussiya harbiy delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuvda mudofaa sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati muhokama qilinib, istiqboldagi rejalar belgilab olindi. O‘zaro manfaatli hamkorliklarni kuchaytirish borasida fikrlar almashildi.
Belarus Respublikasi Mudofaa vaziri O‘zbekiston xalqini o‘tgan Navro‘z–Umumxalq bayrami bilan chin dildan muborakbod etib, mamlakatlarimiz o‘rtasida harbiy sohada hamkorlik yo‘nalishlarida o‘sish sur’atlari ortib borayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, uchrashuvda mamlakatlararo har tomonlama va ko‘p rejali hamkorlikni rivojlantirishda katta yutuqlar qo‘lga kiritilgani aytib o‘tildi.
Jumladan, qisqa vaqt davomida harbiy hamkorlikning huquqiy-me’yoriy bazasini kengaytirish borasida salmoqli ishlash qilindi: O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi va Belarus Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy akademiyasi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi tuzildi (2017-yil 20-iyulda, Minsk shahrida), 2018-yilda ikki davlat mudofaa vazirliklari o‘rtasida Harbiy hamkorlik rejasi imzolanib, uning doirasida tadbirlar amalga oshirilyapti.
Suhbat davomida mehmon davlat tomonidan O‘zbekiston harbiy xizmatchilarining maxsus qo‘shinlar o‘rtasida Belorussiyada muntazam o‘tkazib kelinayotgan “Доблесть и мастерство” musobaqasida ishtirok etishiga taklif bildirildi.
Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston va Belorussiya mudofaa vazirliklari o‘rtasida harbiy sohada hamkorlik bo‘yicha Bitim imzolandi.
Shundan keyin mehmonlar Qurolli Kuchlar akademiyasining vazifa va faoliyati hamda malakali harbiy kadrlarni yetishtirishda zamonaviy yondashuvlar bilan yaqindan tanishishdi.
Shu kuni Belorus Respublikasi Mudofaa vaziri general-leytetant Andrey Ravkovni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Maxmudov qabul qildi.
Shuningdek Belorussiya delegatsiyasi poytaxtimizdagi Motamsaro ona monumentiga gulchambarlar qo‘yib, bir qator muzey ekspozitsiyalari bilan tanishishdi.
29-mart kuni Belorussiya harbiy delegatsiyasi Samarqand va Buxoro shaharlarining tarixiy va madaniy merosi bilan yaqindan tanishish uchun yo‘lga chiqadi.