O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qizg‘in ijodiy jarayonlarga bag‘ishlandi
2018-03-29 | Jamiyat
Milliy matbuot markazida “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarga oid matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori F.Zokirov va boshqalar mamlakatimizda milliy kinematografiyani rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlash yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
O‘tgan yili ijodkor ziyolilar, soha vakillari bilan bo‘lgan uchrashuv va yig‘ilishlarda davlatimiz rahbari tomonidan bu yo‘nalishga oid muhim vazifalar belgilab berildi.
“O‘zbekkino” milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida agentlik tomonidan davlat buyurtmasi asosida 11 ta badiiy, 5 ta multiplikatsion, “Zumrasha” bolalar yumoristik kinojurnalining 2 ta to‘plami, 11 ta hujjatli va ilmiy-ommabop filmlar ishlab chiqarishga kirishildi.
Shu kunga qadar nodavlat kinostudiyalar tomonidan agentlikka fuqarolar va turli studiyalardan jami 30 ta badiiy, 25 ta hujjatli va 8 ta multfilm ssenariysi taqdim etildi. Badiiy kengash yig‘ilishlarida kino sohasidagi dolzarb vazifalarni izchil hal etishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Nodavlat studiyalar tomonidan agentlikka qilingan murojaatlarga binoan, Respublika Kinoarboblari ijodiy uyushmasi ishchi guruhi tomonidan 19 ta film ko‘rib chiqilib, ulardan 2 tasini yaxshilash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Ayrim filmlar esa davlat kinoteatrlarida namoyish etishga tavsiya etilmadi.
O‘tgan vaqt mobaynida agentlikda Turkmaniston, Polsha, Chexiya, Slovakiya kabi mamlakatlarning diplomatik korpuslari, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining yurtimizdagi vakolatxonasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, kinematografiya sohasidagi hamkorlikning yangi ufqlari belgilandi.
Qirg‘izistonning “Dan” prodyusserlik markazi bilan mashhur adib Chingiz Aytmatovning 90 yilligini nishonlash arafasida yozuvchining “Sarvqomat dilbarim” asari asosidagi badiiy filmni hamkorlikda suratga olishga kelishildi. Hindistonning “Emmay Entertaintment” prodyusserlik kompaniyasi va “Star TV” telekanali bilan Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ko‘p seriyali filmni hamkorlikda suratga olish bo‘yicha muzokaralar boshlangan.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda 2018-yil may oyida Fransiyada o‘tkaziladigan nufuzli Kann xalqaro kinofestivalida O‘zbekiston pavilonini tashkil qilish, unda filmlar bilan ishtirok etish bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Joriy yilning 21-26-mart kunlari Rossiyaning Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan turkiy xalqlar kinofestivali o‘zbek rejissyori Qamara Kamolovaning “Yo‘l bo‘lsin” filmi bilan ochildi.
Ayni paytda Yaponiya va Xitoy Xalq Respublikasining kinokompaniyalari bilan hamkorlikda filmlar ishlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yangi hujjatli filmlarning taqdimoti bo‘lib o‘tmoqda. Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyida, Samarqand shahridagi “Sharq yulduzi” kinoteatrida tashkil etilgan retrozallarda o‘zbek kinosi durdonalarining muntazam namoyishi bo‘lib o‘tayotir.
Anjumanda ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga batafsil javob qaytarildi.
N.Usmonova, O‘zA