O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yangi majmuada innovatsion loyihalar namoyishi

2018-03-29 | Texnologiyalar

Poytaxtimizning Sirg‘ali tumanidagi «Yoshlar sport city» majmusida yuzga yaqin yoshlar o‘zlarining innovatsion g‘oyalari, texnologiyalar va loyihalarini namoyish etib, yarmarka ishtirokchilari e’tiboriga sazovor bo‘ldi. Ayniqsa, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining 2-kurs talabalari A.Saidov, T.Tursunpo‘latov va T.Boborahimovning «Robot dehqon» deb nomlangan loyihasi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.

– Talabalarimiz taqdim etgan loyiha issiqxonalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda ekish, parvarishlash, namlikni aniqlash va sug‘orish ishlari avtomatik tarzda amalga oshiriladi, – dedi universitetning mexatronika va robototexnika kafedrasi mudiri M.Abdullayev. – 2016 yil tashkil etilgan kafedramiz faoliyati yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvvatlash, ularning bu boradagi sa’y-harakatlarini targ‘ib qilishga qaratilgan. Bugungi tadbirga 6 ta loyihani havola qildik. 

Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili munosabati bilan tashkil etilgan mazkur innovatsion yarmarkada olimlar, keng jamoatchilik vakillari, talabalar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. 

«O‘zikkilamchiranglimetall» aksiyadorlik jamiyati va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbir ochilishida mamlakat iqtisodiyotini taraqqiy ettirish bevosita bugungi kun innovatsion g‘oyalari, texnologiya va loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlar bilan bog‘liq ekani qayd etildi. 

Shu ma’noda bu yarmarka iqtidorli va kreativ mushohada qiladigan yosh olimlar va talaba-yoshlarni kashf etish, ularga har tomonlama ko‘mak berishda katta ahamiyatga ega. Tadbir korxonalar, ilmiy va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikda ham foydalidir. 

Tadbir doirasida «O‘zikkilamchiranglimetall» AJga qarashli yangi «Yoshlar sport city» majmuasining ochilish marosimi ham o‘tkazildi. 

– Bugun mahallamizda qo‘shaloq bayram bo‘ldi, – dedi Sirg‘ali tumanidagi Mehrigiyo mahallasida yashovchi F.To‘laganova. – Bir tomonda yosh tadqiqotchilarimiz yangi ishlanmalarini taqdim etayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomonda mahallamiz bolalari yangi sport majmuasining ishga tushirilganidan xursand. Hammamiz shu tadbir ishtirokchisimiz. Zamonaviy va juda chiroyli qilib barpo etilgan bu inshootda endi mahalla ahli, farzandlarimiz tennis, basketbol, futbol kabi sport turlari bilan mashg‘ul bo‘ladi. 

Jozibali va diltortar kuy-qo‘shiqlarga ulangan tadbirlar ishtirokchilar, yosh tadqiqotchilar va Mehrigiyo mahallasi ahlida katta taassurot qoldirdi. 

 
 
Nasiba Ziyodullayeva, Temur Mamadaminov (surat) O‘zA

Поделиться