O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Uzbekistan Industrial exhibitions": O‘zbekiston sanoati yutuqlari, ilg‘or tajribalar namoyishi

2018-03-29 | Iqtisodiyot

Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuida “Uzbekistan Industrial exhibitions – 2018” xalqaro sanoat ko‘rgazmalari boshlandi. 

Xalqaro namoyishda O‘zbekiston sanoati va iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijobiy o‘zgarishlar o‘z aksini topgan. Bu mamlakatimizda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarga xorij ishbilarmon doira vakillarining qiziqishi ortayotganida, qulay ishbilarmonlik muhiti samarasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar safi va mahsulotlar turi kengayayotganida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. 

Ko‘rgazmalarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan birga Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Slovakiya, Ukraina, Belarus, Hindiston, Polsha, Birlashgan Arab Amirliklari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan 100 ga yaqin kompaniya mahsulotlari va xizmatlari namoyish etilmoqda. 

Mazkur ko‘rgazmada ishtirokchilar soni 2017-yilga nisbatan 40 foizga ko‘paydi. Ayniqsa, Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston va Turkiya davlati sanoatchilari O‘zbekistonga katta qiziqish bildirmoqda. 

“UzMiningExpo” xalqaro ko‘rgazmasida yerosti tabiiy boyliklarini qazib olish va ularni qayta ishlash majmui uchun asbob-uskunalar, boyituvchi va tashuvchi texnologiyalar, istiqbolli xizmatlar namoyish etilmoqda. 

Tog‘-kon ishi mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biridir. Shu bois, O‘zbekistonda tog‘-kon sanoati korxonalarini texnik jihozlash, texnologiyalarni takomillashtirish borasida yaxshi tajriba to‘plangan. Shuningdek, sohaga jalb etilayotgan investitsiyalar, sanoatga eng zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi izchil rivojlanish omili hisoblanadi. 

– Tog‘-kon mahsulotlarini saralash, ularni maydalashda qo‘llaniladigan asbob-uskunalar ishlab chiqaramiz, – deydi “KSC Metallurgy Private Limited” kompaniyasi direktori Svarn Kapur (Hindiston). – O‘zbekistonga birinchi bor kelib, bu ko‘rgazmada ishtirok etayapmiz. Kelajakda o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlikda ishlashni rejalashtirganmiz. 

“UzTechTransExpo” ekspozitsiyasi yo‘l-qurilish sohasi mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi. Bu yerda maxsus texnikalar, avtomobil butlovchi qismlari, transport va logistika, ombor majmualaridan foydalanish xizmatlari ko‘rgazmaga qo‘yilgan. 

Xalqaro ko‘rgazmadan o‘rin olgan “UzSecureExpo” ekspozitsiyasi mahsulotlari ham e’tiborga molik. Unda sanoat obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash texnik vositalari, ogohlantirish tizimlari, kompleks xavfsizlikni ta’minlash jihozlari, ratsiyalar, shaxsiy himoya vositalari, o‘t o‘chirgichlar, audio va video kuzatuv, texnika, texnologiyalar, halokat va ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish jihozlari namoyish etilmoqda. 

– Intellektual xavfsizlik tizimini nazorat qilish uchun dasturiy texnologiya va qurilmalar ishlab chiqaramiz. Ular asosida mijozlarimizga eng zamonaviy xavfsizlik yechimini taklif qilamiz, – deydi “ABL-Soft&SS” kompaniyasi direktori o‘rinbosari Sherzod Olimov. – Bugun yetti turdagi mahsulot namoyish etayapmiz. Bular odamlarni yuzidan shaxsini va barmoq izini aniqlaydigan, ta’lim sohasida qo‘llaniladigan elektron davomat qurilmalari, axborot kiosk, avtomobil yo‘llari va inshootlari uchun videokuzatuv, jarimaga tortilib, qidiruvda bo‘lgan avtomobillarni aniqlash moslamalaridir. Mahsulotlarimizga talab yuqori. Bu ko‘rgazmada o‘zimizga yangi hamkorlar topamiz, degan umiddamiz. 

“UzMetalMashExpo” ko‘rgazmasida metallurgiya, metallga ishlov berish, uskunasozlik texnologiyalari ham namoyish etilayotir. Bu sanoatning rivojlanish tendensiyalarini shakllantirish, mahalliy sanoatchilar bilan xorijlik mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. 

“Uzbekistan Industrial exhibitions – 2018” xalqaro sanoat ko‘rgazmalarida “UzChemPlastExpo” va “InterPackExpo” ekspozitsiyasi ham alohida ajralib turibdi. Ularda kimyo sanoati hamda qadoqlash, poligrafiya texnologiyalari ishtirokchilar e’tiboriga havola etilgan. 

“O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuida yana bir xalqaro tadbir – “Charm, poyabzal, kiyim va aksessuarlar" ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Mahalliy korxonalar vakillari, xorijlik tadbirkorlar tomonidan zamonaviy dizayn asosida yaratilgan mahsulotlar ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda. 

Ko‘rgazmalar doirasida ilmiy-amaliy konferensiya, seminar va taqdimotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati, Toshkent shahar hokimligi va boshqa idora hamda tashkilotlar ko‘magida «IEG Uzbekistan» ko‘rgazma kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan “Uzbekistan Industrial exhibitions – 2018” xalqaro sanoat ko‘rgazmalari 30 martga qadar davom etadi. Shu kunlar davomida “O‘zekspomarkaz” pavilyonlari zamonaviy sanoat uchun innovatsion texnologiyalar namoyish etilayotgan ishchan muloqot maydoniga aylanadi. 
 

Ulug‘bek Asrorov, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA

Поделиться