O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Harbiy qasamyod – yurtga sadoqat demak
2018-03-28 | Jamiyat
Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qismda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlarning harbiy qasamyod qabul qilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda istiqlol yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida professional milliy armiyamiz shakllantirilgani, Qurolli Kuchlarimiz Vatanimiz mustaqilligi, suvereniteti, uning hududiy yaxlitligi, xalqimiz tinch-osoyishta hayotining ishonchli kafolatiga aylangani ta’kidlandi. “Milliy armiyamiz – bizning iftixorimiz va g‘ururimiz” tamoyili asosida hududlarda mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, armiya va xalqning yakdilligini ta’minlash maqsadida harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etilganiga alohida e’tibor qaratildi.
Askarlik libosida saf tortib turgan mard va jasur o‘g‘lonlarga barcha havas bilan boqadi. Harbiy qasamyod qabul qilayotgan askarlar nigohida o‘ziga ishonch, jasurlik va qat’iyat mujassam. Ular qasamyod qilish orqali o‘z Vataniga, xalqiga, Prezidentiga bo‘lgan sadoqatini ifoda etdi.
Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA