O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Surxondaryoning eksport imkoniyati keng

2018-03-27 | Iqtisodiyot

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 27 fevral kuni eksportni oshirish va importni qisqartirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar ijrosi, bu borada tarmoqlar va hududlardagi ishlar holati tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi.

Unda davlatimiz rahbari eksport rejasini bajarishdagi kamchiliklarni chuqur tahlil qilib, asosiy yo‘nalish va vazifalarni belgilab berdi. Ana shulardan kelib chiqib, Surxondaryo viloyatida ham raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport qilish uchun qulay sharoit hamda imkoniyatlar yaratish borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. - Surxondaryoda ishlab chiqarilayotgan va yetishtirilayogan mahsulotlarga chet davlatlar katta qiziqish bilan qaramoqdalar. Jumladan, 2017 yilning birinchi choragida ushbu viloyatda 27 ta eksportyor faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 38 nafarga yetdi. Shu o‘rinda eksportyorlar nafaqat mahsulotlar oldi-sotdisi, balki ularni klasterni tashkil qilish bo‘yicha ham o‘z takliflari bilan murojaat qilmoqdalar, - deydi Surxondaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari To‘ra Bobolov.

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasida eksportga yuborilayotgan barcha turdagi mahsulotlarni “Termiz”, “Jarqo‘rg‘on”, “Denov” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida tez fursatlarda rasmiylashtirish tizimi yaratilgan. Masalan, “Termiz Kargo Centr” MCHJ hududida joylashgan “Termiz” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti orqali hozirda eksport qilish uchun olib o‘tilayotgan tovar va transport vositalarini zamonaviy rengen majmuasi orqali bojxona ko‘rigidan o‘tkazish hamda rasmiylashtirish ishlari tez fursatda amalga oshirilib, eksportga yo‘naltirilmoqda. Mazkur bojxona maskanida bir sutkada o‘rtacha 70 ga yaqin avtotransport vositalari chuqur nazoratdan o‘tkazilyapti.

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Tolibjon Saidov ta’kidlaganidek, joriy yilning 27 fevral kuni Muhtaram Prezidentimiz raisligida hududiy eksport hajmini kamida 30 % ga oshirish, importni esa 30% ga optimallashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqish va shu asosda ishlarni tashkil etish vazifasi belgilab berilgan edi. Mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan viloyat hokimligi hamda viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda har kuni 2 soat eksport va 2 soat import masalalari bo‘yicha chuqur tahlil olib borilmoqda. Natijada, 2018 yilning 2 oyida eksport hajmi 17,2 mln. (10,8 mln) AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,5 mln. AQSH dollariga, yoki 60,6 % ga ko‘paygan. Eksport hajmining oshishi bilan bir qatorda yaratilgan yengilliklardan kelib chiqib, eksport geografiyasi ham kengaymoqda. Masalan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 72 % Afg‘onistonga, 10 % i Rossiyaga, qolgan 18% i Turkiya, Xitoy, Ukraina, Qozog‘iston kabi davlatlarga eksport qilingan.

Bu yerda shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar sifatida eksport ishlarini “Bir darcha” tamoyili bo‘yicha amalga oshirish mexanizmi qo‘llanib kelinmoqda. Ahamiyatlisi, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan tegishli sertifikat va ruxsat berish tusidagi hujjatlar uchun arizaning yagona elektron shakli rasmiylashtirilib, sertifikat idoralariga elektron tarzda yuboriladi. O‘z navbatida ular ham tadbirkorlarga kerakli hujjatlarni elektron tarzda rasmiylashtirib berishadi. Bu esa tadbirkorlarning ham vaqtini, ham naqdini tejab, davlat xizmatlariga bo‘lgan ishonchini oshirmoqda.

“Termiz Kargo Centr” MCHJ hududida shuningdek, zamonaviy mehmonxona ham bunyod etilgan bo‘lib, unda chet ellik tadbirkorlar va mahalliy ishbilarmonlarning o‘z biznesini samarali olib borishi va dam olishlari uchun har tomonlama qulay sharoitlar mavjud. 15 yil davomida tadbirkorlik sohsasida faoliyat olib boruvchi afg‘onistonlik eksportyor Muhammadjavid Muhammadamin Surxondaryodan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilayotganligini ta’kidlab, bojxona va bank xizmatlarini alohida e’tirof etdi.

- Ilgari O‘zbekistondan mahsulot eksport qilish jarayonlari biz uchun og‘ir kechar edi, hozir 20 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlarni eksport shartnomalarini tuzmasdan, invoys asosida eksport qilmoqdamiz, - deydi afg‘onistonlik eksportyor suhbat jarayonida. Soha rivoji yo‘lida qo‘yilgan yana bir istiqbolli qadam bu –Afg‘oniston Islom davlatiga yurtimiz tadbirkorlari tomonidan tuxum mahsuloti eksporti yo‘lga qo‘yilganidir. “Jarqo‘rg‘on parranda” MCHJ hamda qo‘shni davlat tadbirkorlari o‘rtasida 3 mln. AQSH dollari miqdorida shartnoma imzolangan bo‘lib, ayni kungacha 569 ming dollarlik tuxum ushbu davlatga eksportga chiqarildi.

Mazkur korxona rahbari Abduqahhor Qulmatovning so‘zlariga ko‘ra, mahsulotni eksport qilishda bojxona operatsiyalari shu yerning o‘zida amalga oshirilib, mahsulot ortilgan yuk avtotransporti “Jarqo‘rg‘on parranda” MCHJ hududidan to‘g‘ri Afg‘onistonga qarab yo‘l olishi natijasida tuxum mahsulotlari sifati buzilmasdan, tez fursatlarda manziliga yetib bormoqda.

Davlat bojxona qo‘mitasi va Rossiya Federatsiyasi Federal bojxona xizmati o‘rtasida “Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi” to‘g‘risida bitim imzolangan. Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilinganda, qabul qiluvchi mamlakatda tovarlar bojxona ko‘rigidan ozod qilinishi belgilangan. Bu esa yurtimizdan keltirilgan meva-sabzavotlarning sifati va ta’miga ta’sir ko‘rsatmasdan, tez fursatlarda Rossiyaning bozorlariga chiqish imkoniyatini yaratadi. Bundan tashqari, fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining tez va sifatli eksportini ta’minlash maqsadida viloyatimiz bo‘ylab qator markazlar tashkil etilgan.

Birgina Angor tumanida to‘rtta mana shunday qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish shaxobchalari faoliyat yuritmoqda. Ahamiyatlisi, bojxona ko‘rigi va hujjatlar rasmiylashtiruvi shu yerning o‘zida amalga oshirilib, mahsulotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijga jo‘natiladi. “GOLD DRIED FRUITS” MCHJga qarashli 639 gektar yer maydoniga ega agrofirma, asosan, meva-sabzavot yetishtirish hamda ularni eksport qilishga ixtisoslashtirilgan. Bu yerda issiqxona sharoitida noan’anaviy sabzavot mahsulotlari yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Eng zamonaviy texnologiyalar asosida bunyod etilgan qiymati 35 million AQSH dollariga teng 100 gektarlik issiqxona korxona imkoniyatlarini yanada kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda.

— Prezidentimiz viloyatimizga tashrifi chog‘ida agrofirmamiz faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, o‘zlarining qimmatli taklif va tavsiyalarini bergan edilar. Jumladan, yilda ikki marotaba hosil olishga mo‘ljallangan issiqxonamiz imkoniyatini yuqori baholab, bunday ilg‘or texnologiyani viloyatda keng ommalashtirish lozimligini ta’kidlagandilar – deydi agrofirma mutaxassisi Alisher Nurmatov. Hozirda vohamizdan chet davlatlarga nafaqat qishloq xo‘jalik mahsulotlari balki, qurilish materiallarining ham eksporti amalga oshirilmoqda.

Ona zamin ne’matlaridan biri – qamish o‘simligi Termiz shahridagi mebel va shunga o‘xshash mahsulotlar (DSP) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonaning asosiy xom ashyosi hisoblanadi. Mazkur quvvatning tashkil etilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan, ammo, u allaqachon, o‘zining xorijiy xaridorlarini topib ulgurdi. Shu bois ham mahsulotning 50 foizi ichki bozorga chiqarilayotgan bo‘lsa, 50 foizi eksportga yo‘naltirilmoqda. Hozirgacha korxona Afg‘oniston hamda Tojikiston bilan 2 mln AQSH dollarlik shartnoma tuzishga erishdi. Surxondaryo viloyatining boshqa hududlarda uchramaydigan alohida eksport imkoniyati bor. Bu – Respublikamizni qo‘shni Afg‘oniston bilan bog‘lab turgan Amudaryo orqali aloqalarni amalga oshiruvchi “Termiz Daryo porti” MCHJning mavjudligidir.

Termiz daryo porti Amudaryoning qirg‘og‘ida, O‘zbekiston Respublikasi bilan Afg‘oniston Islom Respublikasi chegarasida joylashgan. “Termiz Daryo Porti” MCHJ hududiga temir yo‘l vagonlari va avtoulovlar orqali kelgan yuklar tushiriladi va ularni tashish uchun mo‘ljallangan barjalarga ortiladi, keyin yuklar Termiz portidan Amudaryo bo‘ylab, daryo transportida birinchi raqamli Xayraton portiga yetkazib beriladi.

Birgina Afg‘oniston Islom Respublikasiga har oy o‘rtacha 25 ming tonna yuk tashiladi. Termiz daryo porti bojxona nazorati zonasi bo‘lib, 6 ta yopiq turdagi omborxonalari bor, u bir vaqtning o‘zida 30 ming tonnagacha yukni saklashga imkoniyatiga ega. Shu bilan bir qatorda, Termiz Daryo porti ochiq maydonida bir vaqtning o‘zida 3 mingga yaqin 20 va 40 futli konteynerlarni saqlashga imkoniyati bor. Bugungi kunda bularning barchasi mahsulotlarning eksport-importi hamda tranzit maqsadlariga xizmat qilishga safarbar etilgan.

Mutaxassislarning fikricha, Surxondaryo viloyatining iqlimi qulayligi va tuprog‘i unumdorligi bois qishloq xo‘jaligi sohasida bir yilda uch marotabagacha hosil yetishtirish mumkin. Bu vohada agrar tarmoqni jadal rivojlantirishda ulkan imkoniyat mavjudligidan dalolat beradi. Shulardan kelib chiqib, hududda yetishtirilgan mahsulotlarni xorijga eksport qilishga qaratilgan qator istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

 

Gavhar Maxmudxonova,

Rustam Norqulov,

Surxondaryo viloyati

bojxona boshqarmasi

Axborot xizmati

Поделиться