Termizdagi “Termiz kargo” eksport markazida O‘zbekiston Respublikasining Surxondaryo va Afg‘oniston Islom Respublikasining Balx viloyatlari tovar ishlab chiqaruvchilarining ko‘rgazma-yarmarkasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasining Surxondaryo va Afg‘onistonning Balx viloyatlari bitta daryoning ikki qirg‘og‘ida joylashgan yon qo‘shnilardir. Qadimdan ikki voha xalqlari madaniyat, ta’lim, savdo va boshqa sohalarda o‘zaro hamkorlik qilib kelgan. Tinch, obod O‘zbekistonda yuz berayotgan ulkan yangilanishlar tufayli ikki viloyat ishbilarmonlari doiralarining teng sheriklik asosidagi aloqalari yangi bosqichda rivojlanayotir. Jumladan, Surxondaryo viloyatiga balxlik tadbirkorlar investitsiya kiritib, qo‘shma korxonalar tashkil etmoqda. Transport xizmati ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ymoqda. Denov tumanida intensiv bog‘ yaratayotir.
Surxondaryolik tadbirkorlar Balx viloyatiga qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari, xalq iste’moli tovarlarini eksport qilmoqda. Viloyatda qo‘shni davlatga mahsulot eksport qilayotgan ishbilarmonlar safi tobora kengayib borayotir.
Joriy yildan boshlab Termiz shahridagi “Alp Umid Fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyati yodlangan tuz, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Jarqo‘rg‘on parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyati tuxum, “Surxon sanoat qurilish invest” qurilish-ishlab chiqarish korxonalari birlashmasi qamish zarrachali plitalarni eksport qilishni yo‘lga qo‘ydi. Natijada bu yil Surxondaryo viloyatidan Afg‘onistonga jo‘natilgan mahsulotlar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan bir necha barobar o‘sdi.
– Ajdodlarimiz azaldan yaqin qo‘shni sifatida yaqin aloqada bo‘lgan, – deydi afg‘onistonlik tadbirkor Said Abdul Jabbor. – To‘ylarimiz, bayramlarimiz birga o‘tgan. Endilikda ana shu aloqalar qayta tiklanganidan behad mamnunmiz. Mozori Sharif shahrida un ishlab chiqaradigan korxonamiz bor. Yirik qurilish kompaniyamiz faoliyat yuritmoqda. Surxondaryolik hamkorlarimiz un ishlab chiqaradigan korxonamizni arzon, sifatli don bilan ta’minlamoqda. Mazkur ko‘rgazma-yarmarkada namoyish etilayotgan qurilish uchun zarur xomashyolar bizda alohida qiziqish uyg‘otdi. Sheriklarimiz bilan bu sohada ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni mo‘ljallayapmiz.
Ko‘rgazma-yarmarkada Surxondaryo viloyatidagi 80 dan ortiq tadbirkorlik subekti o‘zlari ishlab chiqarayotgan oziq-ovqat, yengil sanoat, charm-poyafzal, qurilish materillari va boshqa tayyor mahsulotlar bilan ishtirok etdi.
– Korxonamizda ishlab chiqarilayotgan chinni buyumlarga afg‘on do‘stlarimiz katta qiziqish bildirmoqda, – deydi “Surxon Termiz Chinni” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari R.Ne’matullaev. – Ikki oyda 60 ming dollar qiymatidagi mahsulot eksport qildik. Bugun balxlik bir guruh tadbirkorlar sifatli, arzon buyumlarimiz bilan tanishib, o‘zaro manfaatli savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish istagini bildirdi.
Tadbir doirasida biznes-forum tashkil etilib, “Surxondaryo viloyatining eksport va investitsiyaviy salohiyati”, “Surxondaryo va Balx viloyatlari tadbirkorlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning muhim masalalari” kabi mavzularda taqdimotlar o‘tkazildi. Kooperatsion birja tashkil etildi. Surxondaryolik tovar ishlab chiqaruvchilar va balxlik ishbilarmonlar o‘rtasida 5,5 million dollarlik shartnoma imzolandi.
– Zamonaviy xorij uskunalari bilan jihozlangan korxonamizda 70 turdagi muzqaymoq, sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda, – deydi Termiz shahridagi “Saidjon Muhammadjon muzqaymoqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari O‘.Sattorov. – Bugun Balx viloyatidagi “Pokiza shirkati” firmasiga 400 ming dollar qiymatidagi muzqaymoq va quritilgan sut yetkazib berish yuzasidan shartnoma imzoladik. Yon qo‘shnimiz buyurtmasini belgilangan muddatda sifatli amalga oshirish uchun barcha imkoniyatdan unumli foydalanamiz.
Tadbir doirasida Afg‘onistonning Balx viloyati tadbirkorlari Surxondaryo viloyatidagi qator eksportyor korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA