O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorijiy davlatlar hududida favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan fuqarolarga yordam ko‘rsatish to‘g‘risida Nizom tasdiqlandi
2018-03-26 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018 yilning 18 mart kuni “Xorijiy davlatlar hududida favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlatish haqida”gi № 206-sonli qarori tasdiqlandi.
Hozirgi vaqtda mazkur Nizom xorijiy davlatlar hududida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam ko‘rsatish, ularni hamda halok bo‘lganlarni evakuatsiya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish tartibini, shuningdek, ushbu jarayonga jalb etilgan vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining asosiy vazifalari va funksiyalarini belgilaydi.
Mazkur Nizom:
umumiy qoidalar;
maxsus tadbirlarni tashkil etish va amalga oshirish tartibi;
maxsus tadbirlarni o‘tkazishda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning asosiy vazifalari va funksiyalari;
yakunlovchi qoidalar kabi 4 bob, 10 bo‘limdan iborat.
Maxsus tadbirlarni amalga oshirishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar, Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Mudofaa, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, shuningdek, favqulodda vaziyatning xususiyatiga ko‘ra boshqa vazirlik va idoralarning mas’ul vakillaridan iborat maxsus guruh tashkil etilishi qayd etilgan.
Maxsus tadbirlarni amalga oshirishni muvofiqlashtirish:
O‘zbekiston Respublikasi hududida – O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga;
xorijiy davlatlar hududida – O‘zbekiston respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuklangan.
Shuningdek, mazkur nizomga “Xorijiy davlatlar hududida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam ko‘rsatish, ularni hamda halok bo‘lganlarni evakuatsiya qilish sxemasi” ilova qilingan bo‘lib, maxsus tadbirlarni amalga oshirish bosqichlari, ijrochilari, ularning bajarish muddatlari atroflicha belgilab berilgan.