O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston madaniyati va sayyohlik salohiyati Germaniyada namoyish etildi

2018-03-26 | Turizm

Yaqinda Germaniyaning Frayburg shahrida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

O‘zbekistonning Frankfurtdagi bosh konsulxonasi va Olmon-o‘zbek ilmiy jamiyati (OO‘IJ) hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda ushbu davlat siyosiy, iqtisodiy va akademik doiralari vakillari o‘zbek xalqining boy madaniyati, tarixi, urf-odatlari hamda respublikamizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va mamlakatimiz sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishdilar.

Ma’lumot uchun: Olmon-o‘zbek ilmiy jamiyati 2002 yilda Germaniyaning Frayburg shahrida tashkil etilib, unda nemis va o‘zbek ilmiy doiralari, oliy o‘quv yurtlari rahbarlari, professor-o‘qituvchilari hamda jamoatchilik vakillari muntazam ishtirok etib kelmoqda. Jamiyat har yili turli ilmiy va amaliy tadbirlar tashkil etadi, shuningdek, ko‘plab loyihalarni ham amalga oshirib keladi. Nemis va o‘zbek tillari, madaniyatlari, tarixi bo‘yicha professor-o‘qituvchilar hamda talabalar o‘rtasidagi almashinuvga ko‘maklashadi. Jamiyat raisi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti professori Xurram Raximovdir.

Tadbir chog‘ida Olmon-o‘zbek ilmiy jamiyati raisi X.Raximov ishtirokchilarni mamlakatimizda so‘nggi yillarda ta’lim va ilm-fan sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, shu jumladan, yoshlarning xalqaro me’yorlar asosida bilim olishlari uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, turli yo‘nalishlarda olib borilayotgan tadqiqot va ilmiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan batafsil tanishtirdi. Shuningdek, jamiyat ko‘magida nemis tiliga tarjima qilingan va Germaniyada chop etilgan “O‘zbek xalq ertaklari” hamda “Boburnoma” (yangi tahrirda) asarlarini ham namoyish qildi.

O‘zbekiston madaniyati va sayyohlik salohiyatiga oid tarqatma materiallar, yurtimizda chop etiladigan gazeta va jurnallar, shuningdek, nemis tiliga o‘girilgan turli o‘zbek asarlari ham mehmonlar e’tiboriga havola qilindi.

Tadbir ishtirokchilari turli konsert dasturlar va taqdimotlarni o‘z ichiga olgan mazkur kecha yakuni bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Investment-Trade-Marketing GmbH kompaniyasi bosh direktori Dirk Troyendle:

- Men O‘zbekistonda bo‘lganman. Mamlakatni doimiy ravishda kuzatib borishim shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi paytlarda yurtingizda juda ko‘p o‘zgarishlar yuz beryapti, ko‘plab sohalarda rivojlanish ro‘y bermoqda.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar meni hayratga soldi. Ishonchim komilki, mazkur ishlar qisqa vaqt mobaynida nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari uchun kutilgan ijobiy natijalarni beradi.

Biz mamlakat tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaymiz va uni modernizatsiyalashda yonma-yon turamiz hamda ushbu yo‘nalishda barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqi va rahbariyatini bahor bayrami – Navro‘zi ayyom bilan qutlayman. Yurtingizga tinchlik va farovonlik, kelgusida bundanda ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolaman!

Tarixchi, etnograf va ertakchi olima Gabriele Keller:

- 20 yildan buyon o‘zbek xalqining madaniyati, milliy urf-odatlari va an’analari bilan bog‘liq ertaklar, hikoyalar, topishmoq hamda latifalarni to‘playman, ularni o‘rganaman.

Bugun ajoyib bahor bayramini nishonlayapmiz. Ushbu kun O‘zbekistonda keng va turli madaniy tantanalar bilan nishonlanishi biz, nemislarda, Navro‘zga nisbatan bo‘lgan qiziqishni doimo orttirib kelgan.

Bugun Frayburgda tashkil etilgan kecha, buning uchun O‘zbekistondan kelgan musiqa guruhi va yozilgan dasturxonlar, ulardagi milliy taomlar so‘zimizning yorqin tasdig‘i bo‘la oladi.

Aytish joizki, bu kabi tadbirlar germaniyaliklarning mamlakat sayyohlik salohiyati, o‘zbek xalqining madaniyati, tarixi va mehmondo‘stligi haqida yanada ko‘proq ma’lumotlarga ega bo‘lish hamda nemis jamoatchiligi va men kabi olimlar diqqatini O‘zbekistonga jalb etishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston xalqini eng go‘zal va betakror bayram – Navro‘zi ayyom bilan tabriklayman. Ularga uzoq umr va sihat-salomatlik tilayman. Har kuningiz Navro‘zdek bo‘lsin!

Germaniyada istiqomat qiluvchi vatandosh Tursunoy Raxmonova:

- Bugungi tashkil etilgan tantanada o‘z vatanimizdan kelgan yurtdoshlarimizni ko‘rib, ular bilan suhbatlashib va bayramni birga nishonlab, juda xursand bo‘ldik.

Oilamiz bilan 20 yildan buyon Germaniyada yashab, mazkur davlat urf-odatlariga moslashgan bo‘lsak-da, farzandlarimizga imkon qadar o‘z milliy an’analarimizni o‘rgatishga, Navro‘z kabi bayramlarimiz haqida batafsil ma’lumot berishga harakat qilamiz. Bugungi tadbir farzandlarimizga madaniyatimiz, tariximizmi amalda ko‘rsatishga imkon yaratdi. Bundan minnatdorman!

Shu fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini Navro‘z ayyomi bilan chin dildan muborakbod etaman. Tinchlik, xotirjamlik va farovonlik doimo hamrohingiz bo‘lsin! Bu kabi tadbirlar muntazam ravishda tashkil etilib turishini istab qolamiz.

Поделиться