O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Innovatsion g‘oyalar–ishlab chiqarishga

2018-03-26 | Jamiyat

“Qo‘qon mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyatida yangi turdagi mahsulotlar – qishloq xo‘jaligi, fermer, bog‘bon va dehqon xo‘jaliklari, shaxsiy tomorqa yer egalari, parrandachilik, baliqchilik hamda chorvachilik tarmoqlari uchun zamonaviy texnologiyalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Ayni paytda jamiyatda neft va gaz sanoati uchun 40 turdan ortiq ehtiyot qismlar, nostandart uskunalar, o‘ndan ortiq bosim ostida ishlovchi sig‘imlar, xo‘jalik gaz balloni, isitish qozonlari tayyorlanmoqda. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish borasidagi amaliy ishlar bu yerda ham o‘z samarasini berayotir. Jamiyatni zamonaviy dastgohlar va uskunalar bilan jihozlash orqali yangi imkoniyatlar ochildi, ish unumdorligi ortib, raqobatbardosh, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishga zamin yaratildi. Modernizatsiya dasturlari asosida keyingi yillarda ishlab chiqarish hajmi 60-65 barobarga, ishchi-xizmatchilar soni deyarli uch barobarga ko‘paydi. Hozir aksiyadorlik jamiyatida 800 nafardan ortiq ishchi-xizmatchi mehnat qilib, ularning qariyb 60 foizini yoshlar tashkil etadi. O‘tgan yilda bu yerda 80 milliard so‘mlikdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarildi. 

Bu yerga o‘rnatilgan asbob-uskunalarning aksariyati nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Masalan, qozon payvandlash sexida Germaniya texnologiyasi asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar o‘zining sifati va dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Muqobil isitish qozonlari, yuqori bosimga chidamli gaz sig‘imi idishlari, gaz ballonlari ilgari xorijdan keltirilar edi. O‘tgan yillar davomida mutaxassislar izlanishlar olib borib, mazkur mahsulotlarni shu yerning o‘zida tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. 

O‘tgan yilda aksiyadorlik jamiyatining yaqin istiqbol bilan bog‘liq biznes-rejalari asosida ilgari chetdan keltirilgan neft va gaz sohasida zarur bo‘lgan 4 turdagi mahsulot mahalliylashtirildi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida zararkunanda hasharot va kasalliklarga qarshi kurashishda foydalaniladigan qurilma va jihozlar, parrandachilik sohasida tovuq kataklari, sadok usulida baliq boqish imkonini beruvchi qafaslar, chorvachilik va baliqchilikda omuxta yem tayyorlash jihozlari, dala ekinlari va shaxsiy tomorqa yerlariga kimyoviy ishlov berish moslamalari ishlab chiqarish joriy etildi. 

– Joriy yilda 10 dan ziyod innovatsion g‘oyani hayotga tatbiq etish orqali o‘n turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishga joriy etish rejalashtirilmoqda, – deydi “Qo‘qon mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyati raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Sharifjon Yuldashev. – O‘tgan yili qo‘shni Qirg‘izistonga 40 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan edi. Bu yil mazkur davlatga eksport hajmini 300 ming dollarga yetkazish choralari ko‘rilyapti. Hozirgi kunda mahsulotlarimizni Tojikistonga eksport qilish bo‘yicha ham o‘zaro kelishuv ishlari olib borilmoqda. 

Ta’kidlash joizki, jamiyatda eskirgan texnologiyalarni bosqichma-bosqich yangilash natijasida zamonaviy faoliyat ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Innovatsion g‘oyalarni ishlab chiqarish jarayoniga keng tatbiq etish maqsadida ilmiy markazlar va iqtisodchi olimlar bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Investitsiyaviy jozibadorlik yaxshilanib borayotgani, valyuta mablag‘larini erkin ayirboshlash imkoniyati, kichik sanoat zonalarini tashkil etish uchun imtiyozlar korxonaning iqtisodiy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. 

 
 
Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat) O‘zA

Поделиться