O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent konferensiyasi doirasida ilk bor “Markaziy Osiyo + Afg‘oniston” formatiga asos solinadi
2018-03-25 | Siyosat
Bu fikrni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘rayev Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasi matbuot markazida O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan sessiya yig‘ilishida bildirdi.
– Nufuzli Toshkent xalqaro konferensiyasi qo‘shni Afg‘onistonni jahon hamjamiyati va Markaziy Osiyoda yuz berayotgan faol jarayonlarga keng jalb qilishi kutilmoqda. Shu maqsadda anjuman arafasida mintaqaviy hamkorlikning yangi shakli sifatida “Markaziy Osiyo + Afg‘oniston” (C5+1) birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Mazkur format Afg‘onistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy va infratuzilma aloqalari tizimining muvaffaqiyatli integratsiyasi, mintaqaviy miqyosdagi aniq loyiha va dasturlarning samarali amalga oshirilishiga xizmat qiladi, – dedi u.
Ma’lumot o‘rnida, Afg‘oniston bo‘yicha nufuzli konferensiya yakunida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda. Unda Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va barqaror rivojlanishi uchun sharoit yaratish, afg‘on xalqining mintaqa hamda butun dunyodagi ijobiy jarayonlarga jalb qilinishini ta’minlashga qaratilgan ustuvor vazifalar aks etishi aytilmoqda.