O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston erishilgan natijalar bilan to‘xtab qolmoqchi emas
2018-03-25 | Siyosat
Toshkent shahrida 26-27 mart kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli anjumanga nafaqat qo‘shni davlatda, balki mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda muhim voqelik sifatida qaralmoqda.
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston Afg‘oniston bilan ikki tomonlama aloqalarni sezilarli darajada kengaytirdi, afg‘on muammosini hal etishda xalqaro sa’y-harakatlarda faol ishtirok etdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston – Afg‘oniston munosabatlarining yuqori sur’atda rivojlanib borayotgani Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yuritayotgan tashqi siyosiy strategiyasining natijasidir.
Davlatimiz rahbari Prezidentligining ilk kunlaridanoq qo‘shni davlatlar bilan konstruktiv va o‘zaro manfaatli munosabatlarni o‘rnatish yo‘lini tanladi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar Toshkentga chegaralar va suvdan foydalanish masalalari bo‘yicha yillar davomida yechilmay kelayotgan murakkab muammolarni hal qilishda ijobiy natijaga erishish imkonini berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qo‘shni davlatlar bilan vizalar rejimini liberallashtirish, ular bilan chegarada nazorat punktlarini tashkil etish borasidagi amaliy harakatlari Markaziy Osiyo davlatlarining oddiy fuqarolari muloqotini sezilarli darajada yengillashtirdi.
Natijada O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, qariyb 3 milliard dollarni tashkil etdi, ya’ni 20 foizga ortdi. O‘zbekiston rahbari Ostonada o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvida yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazishni mo‘ljallayotganini ta’kidladi.
Ayni paytda Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish istiqbollari qo‘shni Afg‘onistonda tinchlikka erishish bilan uzviy bog‘liq. Afg‘on muammosini hal etmay turib, mintaqada farovonlikni ta’minlash mumkin emas.
Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘onistonni umumiy tarix, din, madaniyat va urf-odatlar birlashtiradi. Tinch Afg‘oniston Markaziy Osiyo davlatlariga Hind okeani va Fors ko‘rfazining portlariga qisqa muddatda chiqish imkonini beradi, Janubiy Osiyo davlatlarining Yevropa va Xitoy bozorlari bilan bog‘lanishini ta’minlaydi.
Mazkur omillarni hisobga olib, Afg‘onistonga mintaqaviy muammolar, tahdid va qiyinchiliklar manbai sifatida emas, balki Yevroosiyoda keng transmintaqaviy aloqalarni rivojlantirishga yangi turtki beradigan noyob strategik imkoniyat sifatida qarash juda muhimdir.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosat strategiyasi doirasida Toshkent Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy, transport, energetika va madaniy-gumanitar aloqalarni har tomonlama rivojlantirish borasida izchil va ishonchli ishlarni amalga oshirmoqda.
O‘zbekiston va Afg‘oniston rahbarlari o‘rtasida muntazamlik kasb etayotgan o‘zaro munosabatlar ikki tomonlama muloqotda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. So‘nggi vaqt ichida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani besh marta uchrashishdi. Ikki davlat yetakchilari yaqin va samarali munosabat o‘rnatdi, o‘zaro ishonchli hamkorlikni shakllantirdi.
Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘anining o‘tgan yil dekabrda O‘zbekistonga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda tom ma’noda tarixiy voqea bo‘lganini alohida ta’kidlash joiz. Mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy aloqalar va amaliy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar xavfsizlik, energetika va transport masalalari bo‘yicha 20 qo‘shma hujjat, shuningdek, Afg‘onistonga qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari, bug‘doy, maishiy texnika, transport vositalari kabilarni yetkazib berish bo‘yicha yarim milliard dollarlik 40 shartnomani imzoladi.
Ikki mamlakat Prezidentlari o‘rtasidagi kelishuvlar vazirlik va idoralar rahbarlari darajasidagi aloqalarni ham faollashtirdi. O‘tgan bir yarim yil ichida O‘zbekistonga Afg‘onistondan ko‘plab yuqori martabali delegatsiyalar tashrif buyurgani O‘zbekiston – Afg‘oniston munosabatlari tarixida muhim voqea bo‘ldi.
Joriy yilning fevral oyi boshida Xavfsizlik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston – Afg‘oniston qo‘shma komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda terrorizm va ekstremizm, qurol savdosi va giyohvand moddalar noqonuniy aylanishi kabi tahdidlarga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Barcha darajadagi jadal va ishonchli aloqalar, ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi O‘zbekiston va Afg‘onistonga ikki tomonlama munosabatlarga yangicha sur’at bag‘ishlash imkonini berdi, bu hamkorlikning hamma sohalarida aniq namoyon bo‘lmoqda.
Birinchidan, savdo-iqtisodiy sohada ulkan yutuqlarga erishildi. Oxirgi bir yarim yil davomida nafaqat ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi oshgani, balki mutlaqo yangi turdagi tovarlar kiritish hisobiga uning tarkibiy jihatdan tobora kengayayotgani kuzatilmoqda.
2017-yil yakunlari bo‘yicha tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga oshib, qariyb 600 million dollarni tashkil etdi. Bu tendensiya joriy yilda ham davom etmoqda. 2018 yil yanvar oyida tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizga o‘sdi.
Ayni paytda bu quruq ko‘rsatkichlar emas, balki tizimli ishlarning natijasidir. O‘zbekiston Prezidentining topshirig‘iga ko‘ra, 2017-yil boshida hamkorlikni rivojlantirish uchun yo‘l xaritasi qabul qilindi, uni hayotga tatbiq etish yaqin yillarda tovar aylanmasini sezilarli darajada oshirish va 1,5 milliard dollarga yetkazish imkoniyatini beradi.
Kobulda “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” nomli doimiy ko‘rgazma bilan O‘zbekiston savdo uyining ochilishi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishda muhim qadam bo‘ldi.
2017-yil sentabrda Mozori Sharifda keng turdagi O‘zbekiston mahsulotlarini namoyish etuvchi “UzTrade” shou-rumi ochildi. Bugungi kunga qadar afg‘onistonlik sheriklar bilan 29 million dollardan ortiq shartnoma tuzildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston tomonidan qo‘shni davlatga “SamAvto” rusumli 25 avtobus, 3 traktor va ehtiyot qismlari sovg‘a qilindi.
Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida Termizda bojxona terminali bilan xalqaro logistika markazi tashkil etildi. Ushbu markaz ikki davlatning eksport-import va tranzit yuk tashishdagi hamkorligi, Yevropa va Osiyo bozorlariga birgalikda kirib borishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston erishilgan natijalar bilan to‘xtab qolmoqchi emas. O‘zbekiston Afg‘onistondagi tinch rivojlanishga qaratilgan sa’y-harakatlarni davom ettiradi. Bu esa Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va farovonlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.