O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Afg‘oniston Markaziy Osiyo mintaqasi doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik va sherikchilik markazida

2018-03-24 | Siyosat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi haqidagi tashabbusni ilgari surar ekan, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha mintaqa davlatlarini o‘zaro hamkorlikka da’vat etish barobarida, barcha uchun o‘zaro manfaatli bo‘ladigan mintaqaning savdo-iqtisodiy, transport-logistik imkoniyatlaridan unumli foydalanishni taklif etmoqda. 

Albatta, izolatsiyada bo‘lish, integratsion jarayonlarni rad etishdan hech kim manfaat topmagan. Shu nuqtai nazardan, keyingi bir yarim yil mobaynida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari bilan olib borilayotgan yaqin qo‘shnilik, qardoshlik aloqalaridagi yangicha yondashuvlarni butun dunyo e’tirof etmoqda, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Davlatimiz rahbari mintaqa mamlakatlari, dunyodagi yetakchi davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida Afg‘oniston atrofida ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni muhokama qilish taklifini ilgari surar ekan, muzokaralar davomida jafokash afg‘on xalqiga ko‘mak va yordam berishning istiqbollari hamda ushbu jarayonda har bir davlatning ishtiroki va o‘rniga katta ahamiyat berish orqali afg‘on muammosini bartaraf etish yo‘lida o‘ziga xos yondashuvni namoyon qildi. 

O‘zbekiston bir necha yillar davomida notinch bo‘lib kelayotgan Afg‘oniston bilan bevosita chegaradoshligi tufayli afg‘on muammosining ijobiy hal etilishidan manfaatdordir. Chunki qo‘shni afg‘on zaminida mojaroli vaziyat saqlanayotgan bir vaqtda barqarorlikni ta’minlash va osoyishtalikka erishish muammoli bo‘lib qolaveradi. Prezidentimiz aytganidek: “Afg‘onistonda tinchlikka erishishning yagona yo‘li – markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borishdir”. 

Davlatimiz rahbarining afg‘on zaminida siyosiy maslahatlashuvlar orqali tinchlik va barqarorlikka erishish bo‘yicha takliflari bilan bir qatorda mamlakatning qariyb qirq yillik urush va mojaro tufayli butkul vayron bo‘lgan iqtisodini qayta tiklash hamda afg‘on xalqining izdan chiqqan turmush tarzini o‘nglash borasidagi yondashuvi ham tahsinga loyiqdir. Bu borada gap ketganda, qo‘shni mamlakatning iqtisodiy ahvoli, imkoniyatlari va salohiyati xususida fikr bildirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. 

Chet ellik yetakchi kompaniya va tashkilotlarning Afg‘onistonda olib borgan tadqiqotlarida afg‘on zamini 3 trillion AQSh dollari miqdoridagi mis, ko‘mir, temirning yirik konlari, shuningdek, oltin, kumush, litiy, platina, rux, nikel, turli qimmatbaho bezak toshlari (zumrad, lojuvard, yoqut, la’l, turmalin), xromit (tarkibida xrom va temir bo‘lgan mineral), osh tuzi hamda bir qator radioaktiv elementlarning o‘rta va kichik hajmdagi jami 400 dan ortiq koniga ega ekanligi ma’lum qilinadi. 

Shuningdek, Afg‘onistonda keng ko‘lamli qayta tiklash ishlarini olib borishda elektr energiyasiga ehtiyoj sezilishi tabiiydir. Ayni paytda Afg‘oniston o‘zining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘la ravishda import hisobiga qondirib kelmoqda. Xususan, O‘zbekistondan Afg‘onistonga Termiz – Mozori Sharif va Hayraton – Puli Xumri – Kobul elektr uzatish liniyalari orqali mamlakatimizdan qo‘shni davlatga har yili o‘rtacha 1,6-1,8 milliard KVt/s elektr energiyasi yetkazib berilmoqda. 

Afg‘onistonda arzon va ekologik jihatdan tabiatga zarar keltirmaydigan elektr energiyasini olish usuli – gidroelektrostansiya (GES)lar orqali katta hajmdagi elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Kelgusida mamlakatning 23 GVt quvvatdagi gidroenergetik salohiyatidan unumli foydanish, xususan, tegishli loyiha-o‘rganish ishlarini olib borish va shu asosda yirik, o‘rta va kichik GESlarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish, barpo etish orqali Afg‘onistonni elektr energiyasi bilan ta’minlash istiqbolli yo‘nalishlar sirasiga kiradi. 

Afg‘oniston tog‘-kon sanoatida 2017 yilda 1 milliard AQSh dollaridan ortiq miqdorda daromad olish imkoniyati mavjud bo‘lsa, 2025 yilga borib ushbu ko‘rsatkich 3 milliard AQSh dollarigacha yetishi mumkin. 

Xalqaro mehnat tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, tog‘-kon sanoati afg‘on iqtisodiyotini ko‘tarishga xizmat qiladigan asosiy tarmoq bo‘lishi mumkin. Aynan tog‘-kon sanoatida minglab ishchi o‘rinlari yaratish va daromad olish imkoniyati mavjud. Biroq mazkur sohaga dastlab yirik investitsiyalar kiritish talab qilinadi. 

Afg‘onistonni qayta tiklash va afg‘on xalqiga ko‘mak berish haqida so‘z yuritganda, mamlakatimizdan qo‘shni afg‘on zaminiga elektr energiyasi, qora metallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar, yo‘l qurilishi texnikasi, qurilish materiallari, mebel, bug‘doy va un mahsulotlari, alkogolsiz ichimliklar hamda ko‘plab turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilayotganini aytish joizdir. 

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasining Afg‘onistonda xavfsizlikni ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish bo‘yicha taklif va tashabbusi, shuningdek, ushbu mamlakatdagi qayta tiklash jarayonlaridagi amaliy yordam va sa’y-harakatlari o‘zining faqat ijobiy xarakterga egaligi bilan ajralib turadi.

O‘zbekiston Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajada yirik anjumanga mezbonlik qilar ekan, uni bir martalik tadbir sifatida o‘tkazish bilan cheklanib qolmay, kelgusida ham ikki va ko‘p tomonlama munosabatlar doirasida Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish borasidagi siyosiy jarayonga ko‘maklashishga o‘z hissasini qo‘shishda davom etadi. 

Prezidentimiz aytganidek, bu jafokash yurtda tinchlik o‘rnatishga ko‘maklashish yo‘lidagi bizning umumiy qat’iy harakatlarimiz aslo susaymasligi lozim. 
 

Rustam Rashidov,
Toshkent davlat sharqshunoslik
instituti tadqiqotchisi.

Поделиться