O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qariyb 30 mln so‘mlik cho‘g‘lanma lampalarni noqonuniy olib kirishga bo‘lgan urinish fosh etildi
2018-03-24 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 20 oktyabrdagi 299-son qarori talablariga binoan 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab cho‘g‘lanma lampa mahsulotlarni realizatsiya qilish taqiqlangan. Biroq, ushbu noqonuniy tovar moddiy boyliklarini ayrim shaxslar tomonidan o‘z manfaatlarini ko‘zlab, respublika hududiga olib kirilayotganligi achinarli albatta.
Yaqinda Farg‘ona viloyati bojxonachilari tomonidan shu kabi qonunbuzarlik holatiga chek qo‘yildi. Gap shundaki, viloyat bojxonachilari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari bilan hamkorlikda, qo‘shni respublika bilan chegaradosh bo‘lgan qishloq hududida harakatlanib kelayotgan “Mersedes-Bens” rusumli yuk avtomashinasini bojxona nazoratidan o‘tkazishdi.
Avtomashina haydovchisi negadir xodimlarni ko‘rishi bilanoq mashinasini to‘xtatib, juftakni rostladi. Uning qochishi bejiz emas ekan, avtoulov xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida avtoulov yukxonasida Qirg‘iziston Respublikasida ishlab chiqarilgan umumiy qiymati 29 million 700 ming so‘mni tashkil etuvchi 11 880 dona 100 vattli elektr cho‘g‘lanma lampochka mahsulotlari mavjudligi aniqlandi. O‘zbekiston Respublikasida sotilishi taqiqlangan ushbu yuklarning egasi Farg‘ona tuman U.Yusupov ko‘chasida istiqomat qiluvchi 1985 yilda tug‘ilgan Sh.S. bo‘lib chiqdi.
Endi o‘ylab ko‘ring, ushbu cho‘g‘lanma lampochka mahsulotlari ichki bozorda sotilganida iqtisodga qancha zarar keltirishi mumkin edi. Keling, jami 11 880 dona cho‘g‘lama lampasining aholi tomonidan elektr energiyasi iste’moliga talab kuchayadigan tungi 5 soat (soat 18:00 dan 23.00 ga qadar) mobaynida qancha elektr quvvatini sarf etishini tahlil qilib ko‘raylik.
Bir dona cho‘g‘lanma lampaning quvvati 0.1(kVt/s) olinsa, 11 880 dona lampalar uchun 5 soat davomida 5940 kVt/s sarf etiladi. Bu bilan salkam 1 mln. 358 ming so‘mlik (2018 yil 1 apreldan e’tiboran elektr energiyasining narxi 1 kVt/s uchun 228.60 so‘mni tashkil etadi) elektr energiyasi iste’mol qilinadi. Bu ko‘rsatkich bir oyda o‘rtacha 178 200. kVt/s. yoki 40 mln. 736 ming so‘mni tashkil etadi.
Zamonaviy tejamkor lampalar nafaqat elektr energiyasi, shu bilan birga hamyonmizdagi mablag‘larning ham tejalishiga xizmat qiladi. Masalan, zamonaviy svetodiod lampaning bir donasi 0.025(kVt/s) energiya talab etadi. Tungi 5 soat davomida 11 880 dona tejamkor lampalar 1485 kVt/s yoki 339 ming so‘mlik elektr energiyasini sarflaydi. Bu ko‘rsatkich bir oyda 44 550 kVt/s yoki 10 mln 184 ming so‘mni tashkil etadi.
Demak, aholi tomonidan bir oyda tejamkor yoritish lampalaridan foydalanish natijasida o‘rtacha 30 mln 552 ming so‘m mablag‘ yoki 133 650 kVt/s elektr energiyasi tejab qolishiga erishiladi.