O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qonunni bilgan qoqilmaydi

2018-03-17 | Jamiyat

Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan o‘tkazilgan seminar O‘zbekiston Respublikasining yangi qabul qilingan Iqtisodiy protsessual kodeksi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi va yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksi, shuningdek, Jinoyat protsessual kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlandi.

Tadbirda Oliy sud va viloyat sudlari sudyalari, viloyat prokuraturasi, adliya, advokatlar palatasi, savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy va viloyat ichki ishlar boshqarmalari, tadbirkorlar hamda fuqarolar ishtirok etdi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini, ularning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish ustuvor vazifa sifatida belgilab olingan. Shunga muvofiq sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar sohaga oid qonunchilik asoslarini yanada mustahkamlab, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017 yil 1 iyundan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudining fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasida sud hokimiyatining yagona oliy organi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirilgani sud tizimini boshqarishdagi bir-birini takrorlovchi funksiyalarni bartaraf etib, yagona sud amaliyotini shakllantirishda muhim omil bo‘ldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlari tegishli iqtisodiy sudlar etib o‘zgartirildi. Tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari tashkil etilib, chekka va olis hududlardagi ho‘jalik yurituvchi subyektlarning qonuniy manfaatlarini ifoda etishda yangi tizim yaratildi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, joriy yilning birinchi aprelidan kuchga kiradigan yangi qabul qilingan kodekslarda mavjud bo‘shliqlar to‘ldirilib, amaldagi normalar zamon talablariga mos takomillashtirilgan. Jumladan, yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksi fuqarolik sudi ishi yurituvini mukammal tartibga solib, mavjud huquqiy bo‘shliqlarga barham bergan, yangi boblar bilan boyitilgan. Shuningdek, birinchi instansiya sudlarida sansolarlikka chek qo‘yish maqsadida arizani harakatsiz qoldirish instituti tugatilib, uning o‘rniga arizani qaytarish instituti kiritilgan. Fuqarolarning ortiqcha vaqti va mablag‘ini tejash maqsadida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish belgilab qo‘yilgan.

Seminarda yangi Iqtisodiy protsessual kodeksining amaldagi Xo‘jalik protsessual kodeksidan farqli jihatlari atroflicha tahlil qilingani ishtirokchilarda katta qiziqish o‘yg‘otdi.

– Yangi kodeksda taraflar o‘rtasidagi munosabatlarni saqlab qolishga shart-sharoit yaratish ko‘zda tutilib, ularni o‘zaro kelishtirish bilan bog‘liq huquqiy mexanizm takomillashtirilib, kelishuv bitimiga oid yangi bob kiritilgani ayni muddao bo‘lgan, – deydi Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi tadbirkorlarni huquqiy himoya qilish sektori mudiri Sh.Xolbo‘tayev. – Apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarining hal qiluv qarorini bekor qilish va birinchi instansiya sudiga yangidan ko‘rish uchun qaytarib yuborish bo‘yicha vakolatlari qayta ko‘rib chiqilib, ish yuzasidan uzil-kesil qaror qabul qilish tartibi joriy etilgani e’tiborga molikdir. Nazorat instansiyasida ish yuritish tartibini belgilovchi normalar tubdan qayta ko‘rib chiqilib, nazorat instansiyasida ishlar nafaqat Oliy sud raisi, Bosh prokuror va o‘rinbosarlarining protesti, balki taraflarning nazorat shikoyati asosida ko‘rib chiqilishi belgilangani ham muhim yangilik bo‘lgan. Bularning barchasi tadbirkorlar huquqi va ularning qonuniy manfaatlarini mustahkam himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi bir tarafdan davlat organlari va (yoki) ularning mansabdor shaxslari hamda boshqa tarafdan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar, tashkilotlar o‘rtasidagi ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha ish yuritish tartibi, shuningdek, boshqa ommaviy munosabatlardan kelib chiqadigan talablar bo‘yicha ishlar yuritilishini tartibga solgani bilan ahamiyatlidir.

Jinoyat protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalar ham odil sudlovni og‘ishmay amalga oshirishga xizmat qiladi.

Anjumanda mazkur kodekslarni amaliyotga joriy etish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri

Поделиться