O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident topshirig‘i Navoiyda bajarildimi?
2018-03-17 | Jamiyat
Shavkat Mirziyoyev joriy yil 2 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida sharoiti o‘ta og‘ir hududlarni obod, fayzli maskanga aylantirish, har bir oilaning turmush farovonligini oshirish xususida ko‘rsatma bergan edi.
Shundan so‘ng “Obod qishloq” dasturi doirasida 10 hudud belgilanib, bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan loyihalar ishlab chiqildi.
Tomdi tumanidagi O‘temurat ovuli viloyat markazidan 390 kilometr olisda joylashgan. Ushbu aholi punktida 217 oila, 1 ming 660 nafar kishi istiqomat qiladi. Bugungi kunda mazkur hududdagi 154 uy, maktabgacha ta’lim muassasasi hamda maktabda kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Rejaga ko‘ra, 3 kilometr yo‘lga asfalt yotqizilib, savdo markazi hamda maishiy xizmat nuqtasi barpo etiladi. Bundan tashqari, ayni kunlarda suv zaxiralarini o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Yakuniy xulosa asosida yangi quduqlarni qazish va ishga tushirish takliflari ishlab chiqiladi. Aholi xonadonlarida tovuqchilik, kurkachilik, echki va tuyachilikni yo‘lga qo‘yish maqsadida imtiyozli kreditlar ajratish ko‘zda tutilgan.
Nurota tumanidagi “Chuya” mahalla fuqarolar yig‘inida ham bunyodkorlik ishlari qizg‘in davom etmoqda. 3 ming 740 nafar aholi istiqomat qiladigan mahallada “Obod qishloq” dasturi ijrosi hududni shahar ko‘rinishiga olib kelmoqda. Sababi, eni avval 6,5 metr bo‘lgan asosiy yo‘l endilikda qayta qurilib, 10 metrga yetkaziladi hamda yo‘l bo‘ylab lotoklar, beton simyog‘ochlarga tungi chiroqlar o‘rnatiladi. Aholi punktidagi 431 xonadon ta’mirlanishi belgilangan. Yaqin oylarda bu yerda 150 o‘ringa mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim muassasasi ham barpo etiladi.
Qiziltepaning Malikobod qishlog‘ida ham ish qizg‘in. Qishloqdagi mavjud 481 xonadonning barchasi to‘liq va joriy ta’mirlanayotir.
– Bu yerda 75 o‘rinli nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi hamda 10 ta 2 sotixli, 3 xonali arzonlashtirilgan uy-joy qurish rejalashtirildi, – deydi tuman hokimining o‘rinbosari Hasan Aliyev. – 2 ta transformator o‘rnatilib, 3,5 kilometr elektr tarmog‘i va shuncha tabiiy gaz, 5,2 kilometr ichimlik suvi quvurlari tortiladi, 8,5 kilometr ichki yo‘llar to‘liq ta’mirdan chiqariladi.
Xatirchi tumanidagi Xo‘jaqo‘rg‘on, Uchquduq tumanidagi Qulquduq qishloqlarida ham xuddi shunday obodonlashtirish tadbirlari amalga oshirilayotir. Jarayonga sektorlar rahbarlari, viloyatning yirik sanoat korxonalari, idora va tashkilotlar jalb qilingan.
“Obod qishloq” dasturining navbatdagi bosqichi Karmana tumanidagi Toshrabot, Konimex tumanidagi Guliston, Navbahor tumanidagi Qushqochdi qishloqlari, Zarafshondagi Daugiztau hamda Navoiy shahridagi Tinchlik qo‘rg‘onlarida davom etadi.
Nuriddin Rahimov, O‘zA muxbiri