O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tadbirkor manfaati – el manfaati
2018-03-17 | Jamiyat
Bugun mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga keng imkoniyat va imtiyozlar yaratib berilmoqda. Natijada yangidan tashkil etilayotgan savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, kichik biznes subyektlari soni tobora ko‘payib bormoqda. Bu yaxshi, albatta. Yaratib berilayotgan imtiyozlardan unumli foydalanib, qonun talablari darajasida ishlayotgan tadbirkorlar daromadga ega bo‘lib, o‘z faoliyatlarini kengaytirmoqdalar. Qolaversa, olayotgan daromadlarini ezgu ishlarga sarflamoqalar.
Ammo, guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, qonun talablarini chetlab o‘tayotgan “ustamon” tadbirkorlar ham uchrab turibdi.
Viloyat davlat soliq boshqarmasi xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining naqd pul mablag‘larini bankdan tashqari aylanmasini qisqartirishga doir qaror va farmonlari ijrosini ta’minlash maqsadida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, nazorat profilaktika ishlari olib borilmoqda. Xususan 2017 yilda joylardagi naqd pul bilan ishlovchi savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida naqd pul tushumini ko‘paytirish yuzasidan 80489 marotaba monitoring o‘tkazildi.
Olib borilgan tushuntirish va targ‘ibot ishlari natijasida mazkur davrda viloyat bo‘yicha 453 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga 325 ta to‘lov terminallari hamda 418 ta NKMlar o‘rnatildi.
Shuningdek, “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nomlangan bu yilda soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan olib borilgan keng ko‘lamli profilaktik suhbatlar, uchrashuvlar davomida yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun 2018 yil soliq siyosatida birmuncha yengillik hamda imtiyozlar belgilangangi to‘g‘risida ma’lumotlar berib o‘tilmoqda. Natijada faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turgan 67 nafar fuqaro qaytadan yakka tartibda tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, chakana savdo faoliyati turi bilan band bo‘lmoqda.
Guliston shahar dehqon bozorida I.Umerov va G.Shernazarova, Yangiyer shahar dehqon bozorida T.Qurbonov, F.Xodjiyorova, Sirdaryo shahri dehqon bozorida Sh.Sharipov, T.Jongirov yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, chakana savdo faoliyatini amalga oshirmoqdalar.
– Faoliyatimni qonuniy yuritayotganimdan mamnunman, – deydi yakka tartibdagi tadbirkor T.Jongirov biz bilan suhbatda. – Sababi endilikda bankda o‘z hisobraqamim bor. Plastik kartochkada to‘lov qabul qilish uchun terminal o‘rnatganman. Bu esa xaridorlarning sezilarli daraja ko‘payishiga xizmat qilyapti.
Azamat MAMARAIMOV,
Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi
bo‘limining sho‘ba boshlig‘i