O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Bir darcha” faoliyatiga doir masalalar muhokama qilindi

2018-03-17 | Jamiyat

Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar sifatida eksport operatsiyalarini “bir darcha” tamoyili bo‘yicha amalga oshirish mexanizmi amaliyotda qo‘llanilib kelayotganligi barchaga ma’lum.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 17 noyabrdagi 305-sonli qaroriga asosan faoliyat ko‘rsatayotgan mazkur tizim hozirgi kunda Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Termiz” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida ham ishlab turibdi. Ammo ““Bir darcha” mexanizmining ishlash samarasi qanday bo‘lmoqda, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirilishida bu yengillikdan qay darajada foydalanilmoqda?” kabi savollar “Termiz” tashqi iqtisodiy bojxona postida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishning kun tartibidagi asosiy masala sifatida ko‘rib chiqildi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi rahbariyati, mazkur mavzuga aloqador tashkilot vakillari hamda tadbirkorlik subyektlari ishtirok etdilar.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 noyabrdagi “Tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3351-sonli qarorining 5-bandida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi, veterinariya davlat qo‘mitasi, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi va “O‘zbekekspertiza” aksiyadorlik jamiyati eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishni tezlashtirish, maqsadida berilgan sertifikatlar va ruxsat berish tusidagi hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Yagona darcha” unifikatsiyalashtirilgan bojxona axborot tizimiga o‘z vaqtida va to‘liq hajmda kiritilishini ta’minlash belgilangan.

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i T.Saidov tadbirda ta’kidlaganidek, ayni damda “bir darcha” markazi faoliyati qoniqarsiz tashkillashtirilgan. Axborot texnologiyalari rivojlangan bir paytda, sertifikat organlari tomonidan tegishli sertifikat va ruxsat berish tusidagi hujjatlarni rasmiylashtirish uchun tadbirkorlik subyektlaridan hujjatlarning qog‘oz nusxalari talab qilinayotganligi salbiy ko‘rinish sifatida baholanib, bu kabi harakatlarning oldi olinishida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida qat’iy kelishib olindi.

“Termiz” TIF bojxona posti hududidagi “Termez Cargo Centre” xalqaro logistika markazi faoliyatini yanada rivojlantirish, eksport ishlarini jadallashtirish uchun “bir darcha” markazi faoliyatini to‘liq qayta shakllantirish hamda uni yo‘lga qo‘yish, hujjatlar almashinuvini real vaqt rejimida elektron tarzda amalga oshirish ishlariga asosiy e’tibor qaratildi. Yuqoridagi ishlarning tez va sifatli tashkil etilishi o‘z navbatida tadbirkorlik subyektlari va tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarining ham vaqt, ham pul mablag‘larining tejab, ular tomonidan davlat xizmatlariga bo‘lgan ishonchning ortishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, qizg‘in muhokamalarga boy tarzda o‘tgan mazkur tadbirda ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga atroflicha javob oldilar. Masalan, “Farovon Agro Invest” MCHJ ishonchli vakili A.Azimov o‘z savolida eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda tegishli sertifikat va ruxsat berish tusidagi hujjatlarni rasmiylashtirishda to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar qayerda aniq ko‘rsatilganligi hamda muammoli holatlarda kimga murojaat qilinishi yuzasidan bergan savoliga sertifikatlashtirish idoralari rahbariyati tomonidan shu kunning o‘zida tegishliligi bo‘yicha yuqori turuvchi idoralar tomonidan tasdiqlangan preyskurant hamda “Ishonch telefonlari”ni “bir darcha” markazining hamma ko‘ra olishi mumkin bo‘lgan hududda joylashtirilishi ta’minlandi.

“AGRO-EXPORT TRADING” MCHJ ishonchli vakili Sh.Yalkapovning ta’kidlashicha, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda tovarlarni sinov tahlillaridan o‘tkazish uchun, aksariyat hollarda, Toshkent shahriga murojaat qilinayotganligi, bu esa tadbirkorlik subyektlari va tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarining qo‘shimcha vaqt va pul mablag‘larining sarf bo‘lishiga olib kelayotganligini aytib o‘tib o‘tdi.

Mutasaddilar bunga javoban ayni vaqtda viloyatda tovarlarni sinov tahlillaridan o‘tkazishga mo‘ljallangan laboratoriya haqiqatdan ham mavjud emasligini, ushbu kamchilikni bartaraf etish va “Termez Cargo Centre” xalqaro logistika markazi faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida “bir darcha” markazi negizida ekspress-laboratoriya tashkil etilishi yuzasidan viloyat hokimligi va yuqori turuvchi idoralarga taklif yuborilganligi hamda ushbu yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilayotganligini bildirdilar.

Bundan tashqari, “Janub Nur Zamin” MCHJ brokerlik firmasi rahbari X.Sadayev “yagona darcha” unifikatsiyalashtirilgan bojxona axborot tizimiga ma’lumotlarni kiritish qanday amalga oshiriladi, degan savoliga bojxona nazoratini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Sh.Boboyev tomonidan to‘liq tushuntirish berildi va “Yagona darcha” unifikatsiyalashtirilgan bojxona axborot tizimida ma’lumotlar bilan ishlash tartibi ko‘rsatildi.

Shu kunning o‘zida, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan tegishli sertifikat va ruxsat berish tusidagi hujjatlar uchun arizaning yagona elektron shakli rasmiylashtirilib, sertifikat idoralariga elektron tarzda yuborildi. O‘z navbatida, sertifikat idoralari xodimlari tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga elektron tarzda sertifikatlar va ruxsat berish tusidagi hujjatlarni rasmiylashtirib berishdi.

 

Sardor Amonov

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi

Bojxona laboratoriyasi guruhi katta inspektori

Поделиться