O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Mas’uliyatsiz tibbiyot xodimlariga keskin choralar ko‘rilmoqda

2018-03-17 | Sog‘liqni saqlash

Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbariyati tomonidan tizimdagi davolash-profilaktika muassasalari rahbarlari va xodimlariga nisbatan talabchanlik tobora kuchaytirilmoqda.

Zero, inson omili oliy qadriyat, manfaati ustuvor mamlakatimizda el-yurt salomatligi posbonlarining xizmat burchiga mas’uliyatsizligi keng ko‘lamda olib borilayotgan islohotlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, fuqarolarning o‘rinli e’tirozi va ishonchsizligiga sabab bo‘lishi muqarrar. 

– Sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tizimning moddiy-texnik bazasi har jihatdan mustahkamlanmoqda, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Solijon Mo‘minov. – Bugun davlat sektorida ham, xususiy sektorda ham diagnostika va davolash ishlariga eng zamonaviy tibbiyot texnika va texnologiyalari joriy etilmoqda. Aholi salomatligini muhofaza qilishga davlat byudjetidan juda katta mablag‘ ajratilmoqda. Biroq, yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, tibbiy xizmat samaradorligini oshirish uchun faqat muhtasham binolar, qimmatbaho apparaturalarning o‘zi kifoya qilmaydi. Bu o‘rinda soha xodimlari, ya’ni oliy ma’lumotli shifokordan tortib o‘rta bo‘g‘in tibbiyot personalining bilimi, malakasi, tajribasi, eng asosiysi, o‘z kasbiga mehri, fidoyiligi hal qiluvchi omil hisoblanadi. 

Boshqarma axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning dastlabki oylarida viloyat bo‘yicha o‘z vazifasiga noloyiq 30 ga yaqin tibbiyot xodimi ishdan bo‘shatilib, ular o‘rniga tashabbuskor va tashkilotchi, bilimdon va yuqori malakali mutaxassislar tayinlandi. 

Jumladan, Kosonsoy tumani tibbiyot birlashmasining rahbariyati to‘la tarkib bilan, ya’ni birlashma boshlig‘i B.Xoldorov, uning o‘rinbosari R.Abdullayev, koordinator M.Toshmatov, markaziy poliklinika mudiri M.Karimova, poliklinika bosh feldsheri A.Abdullayev o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani uchun vazifasidan ozod etildi. 

Shuningdek, Namangan tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi mudiri N.Qosimova, shu tumandagi 14-qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri N.Irisova, To‘raqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli “Shohidon” qishloq vrachlik punkti mudiri Z.Xushmatova, Norin tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 18-qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri G.Shamsutdinovaga nisbatan ham shunday chora qo‘llanildi. 

Onalik va bolalik muhofazasiga doir vazifalarni bajarishdagi mas’uliyatsizligi, berilgan topshiriqlar ijrosiga bepisandlik bilan munosabatda bo‘lganligi natijasida tumanda bolalar va go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichlari ortib ketishiga yo‘l qo‘yganligi uchun To‘raqo‘rg‘on va Mingbuloq tumanlari tibbiyot birlashmalari boshliqlarining onalik va bolalik muhofazasi bo‘yicha o‘rinbosarlari Z.Zokirova hamda O.Qo‘ldoshev, Pop tumani tibbiyot birlashmasi tug‘ruqxona bo‘limi mudiri Sh.Latifova, tug‘ruq bo‘limi akusher-ginekologi M.Egamberdiyeva va navbatchi hamshirasi G.Nurmatova ham vazifasidan bo‘shatildi. 

Shuningdek, birlamchi tizimda qoniqarsiz ish tashkil etayotgan shifokor va hamshiralar bilan ham murosasozlik muhitiga barham berilmoqda. Ular yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklarni tuzatish bilan birga, o‘zlariga nisbatan tegishli tashkiliy va intizomiy choralar ko‘rib borilmoqda. Jumladan, Chust tumanidagi 44, 45, 46-qishloq oilaviy poliklinikasi mudirlari A.Turg‘unov, M.Xalilova, H.Lutfillayevga o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi miqdorida jarima solindi. Yangiqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 58-qishloq vrachlik punkti mudiri M.Tursunboyevaga, Namangan shahridagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaning akusher-ginekologi M.Yakubboyevaga, 1, 10, 13-oilaviy poliklinikalari umumiy amaliyot shifokorlari Sh.Ortiqboyev, V.Salomov, N.Mavlonova, M.Nishonova, A.Siddiqova, M.Ibragimov, Uchqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasining 39-qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri M.Zayniddinovaga xayfsan berildi. 

Prezidentimizning soha faoliyatini takomillashtirishga doir tegishli qaror va farmonlarining izchil bajarilishini ta’minlash, pirovardida tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirib borish yo‘lida ko‘rilayotgan bunday chora-tadbirlar kutilgan natijani berishi shubhasiz. 

 

Akromjon Sattorov, O‘zA

Поделиться