O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Matbaa sohasidagi ilk xalqaro forum yakunlandi
2018-03-16 | Jamiyat
Poytaxtimizda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, “A2 Digital” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida o‘tkazilgan “Innovatsion texnologiyalarning yangi qirralari” xalqaro matbaa forumining ikkinchi kunida ishtirokchilar mazkur MChJ va qator nashriyot-matbaa ijodiy uylari faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda matbaa sohasini rivojlantirishda davlat korxonalari va xususiy sektor faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 13-sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori hamda 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida“gi farmoyishi matbaa sohasiga yangi innovatsion raqamli texnologiyalarni olib kirishda muhim ahamiyat kasb etyapti.
Anjuman ishtirokchilari “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyiga tashrif chog‘ida u yerda ishlab turgan 8 bo‘yoqli chop etish uskunasini ko‘zdan kechirdi. Germaniyaning “KBA” kompaniyasida ishlab chiqarilgan mazkur uskuna Markaziy Osiyoda yagona sanaladi.
– 2015-yilda o‘rnatilgan ushbu dastgohning afzalliklari ko‘p, – deydi “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi bosh muharriri Azimboy Boboniyozov. – Ish kuchi va energiya tejaladi, bo‘yoq 20-30 foiz kamroq ishlatiladi, qog‘ozning bir yo‘la ikki tomoni sifatli chop etiladi. Eng muhimi, kam vaqt sarflanadi. Mahsulotlarimiz turi ko‘paymoqda. Kelajakda raqamli chop etish uskunalarini olib kelib, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz.
Mohigul Qosimova, O‘zA