O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qaysi sohalarda murojaatlar kamaydi?
2018-03-15 | Jamiyat
2017 yilda murojaatlar bilan ishlash tizimining qonunchilik asoslarini yanada mustahkamlash maqsadida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi dasturining qo‘shimcha qulayliklarga ega yangi versiyasi ishlab chiqildi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida aniqlangan muammolar yuzasidan 98 ta axborot-tahliliy materiallar tayyorlanib, ular asosida tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish hamda chora-tadbirlar belgilash nazarda tutildi.
Aholining istak-xohishlari va takliflari asosida ko‘plab hayotiy muhim masalalarda 50 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilindi. Xususan, arzon uy-joylar qurish, ichimlik suvi, issiqlik ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini yaxshilash, yo‘llarni ta’mirlash, mahsulot va xizmatlarni to‘liq milliy valyutada sotishga o‘tish, aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish, pensiyalarni naqd pulda berish kabi masalalarda huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi.
Ko‘rilgan amaliy choralar natijasida fuqarolik pasportini rasmiylashtirish 2 barobarga, ta’lim sohasida – 1,8, uy-joy bilan ta’minlash – 1,6, amnistiya masalalarda – 1,5, davolanish uchun moddiy yordam berish borasida – 1,4 barobarga kamaydi.
O‘rta hisobda oylik murojaatlar 2017 yilning oxirida 30 foizga pasaydi.
Farhod Erkinov, O‘zA