O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qonun loyihalari deputatlar muhokamasida
2018-03-15 | Jamiyat
Parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishga havola etilayotgan “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish, o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama etildi.
Ushbu loyihadan asosiy maqsad ziddiyatlar, noaniqliklarni bartaraf etish, qonunlarning to‘g‘ri ijro etilishini ta’minlovchi, ularning qo‘llanilishini yengillashtiruvchi norma va qoidalarni o‘zaro muvofiqlashtirish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Partiya saylovoldi dasturida ishlatiladigan energiya hajmini kamaytirish, qat’iy tejash tartibi, ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulot tannarxini kamaytirish, qayta tiklanadigan noan’anaviy energiya manbalaridan foydalanishni asoslash mexanizmlarini ishlab chiqish va tatbiq etish, energiyaning mavjud barcha muqobil turlarini kompleks ravishda rivojlantirish orqali raqobatli energetika bozorini tashkil etishni rag‘batlantirish masalalari belgilangan.
Shundan kelib chiqib, “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 275- va 290-moddalariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar e’tibor markazida bo‘ldi. Qonun loyihasida turar joylarda muqobil elektr energiya manbalaridan foydalanadigan jismoniy shaxslarga mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilish shaklidagi imtiyozlar berish ko‘zda tutilmoqda.
Avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, saqlash va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni takomillashtirish maqsadida taklif etilayotgan “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi mamlakatimiz mintaqalaridagi ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanishni ta’minlash, transport va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.
Yig‘ilishda, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 338-moddasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi haqida so‘z yuritildi. Mazkur qonun loyihasi notarial idoralarga murojaat qiluvchilarga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini yanada soddalashtirish, ularga keng qulayliklar yaratish hamda ushbu sohada aholining huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun davlat boji undirishda aniq miqdorlar belgilanadi.
Yig‘ilishda muhokama etilgan qonun loyihalari bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berildi.