O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

"Agro World Uzbekistan": innovatsion texnologiyalar namoyishi

2018-03-15 | Iqtisodiyot

“O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuida “Qishloq xo‘jaligi – Agro World Uzbekistan – 2018” xalqaro ko‘rgazmasi ish boshladi. U o‘n uchinchi bor tashkil etilmoqda.

16 martga qadar davom etadigan nufuzli tadbir qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilarini, dehqon va fermerlar, tadbirkorlar, hamkor tarmoqlar mutaxassislarini o‘ziga xos innovatsion maydonda birlashtirdi.

Unda Avstriya, Ozarbayjon, Belarus, Belgiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Qozog‘iston, Xitoy, Latviya, Janubiy Koreya, Niderlandiya, Rossiya, Turkiya, Ukraina, Fransiya kabi 20 ga yaqin mamlakatdan 100 dan ortiq kompaniya, mahalliy qishloq xo‘jaligi vakillari ishtirok etmoqda. 

Ko‘rgazma ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari, sohaga aloqador tashkilotlar vakillari qatnashdi.
 
Ta’kidlandiki, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga, tadbirkorlar, fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda 2017-yilda soha rivojiga doir 5 qonun, 20 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilindi. Ular asosida qishloq xo‘jaligida keng islohotlar amalga oshirilmoqda. 

“O‘zekspomarkaz” pavilyonlarida, shuningdek, ochiq maydonda namoyishga qo‘yilgan mahalliy va xorij mamlakatlarining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash uskunalari, parrandachilik va chorvachilik uchun dorivor vositalar, issiqxonalar uchun zamonaviy texnologiyalar, tezpishar va hosildor ekinlar urug‘lari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
 
– O‘zbekiston uchun qishloq xo‘jaligi sohasi juda muhim va ahamiyatli tarmoq. Mamlakatda bu soha jadal rivojlanmoqda, – deydi Niderlandiya Qirolligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Regina Veronika Mariya Jons-Bos. – Niderlandiyada agrar tarmoq yaxshi rivojlangan. Aminmanki, o‘zbekistonlik soha vakillari bilan bu borada tajriba almashib, samarali hamkorlik aloqalarini o‘rnatamiz. Bugungi ko‘rgazmada 11 Niderlandiya kompaniyasi ishtirok etmoqda. Ko‘rgazma davomida o‘zaro istiqbolli shartnomalar imzolanishiga ishonchimiz komil. 

Innovatsion g‘oyalarni hayotga tatbiq etgan Toshkentdagi “Uzbiogaz” mas’uliyati cheklangan jamiyati ko‘rgazmada fermer va aholi uchun organik chiqindilardan biogaz oladigan uskunani namoyish etmoqda. Taqdim etilayotgan uskuna yordamida 1 tonna organik chiqindidan 60-70 metr/kub gaz olish mumkin. Shuningdek, qolgan o‘g‘it yerga tashlansa, 30-40 foizgacha hosildorlik oshadi. Aholiga, tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida uskunani 10 yil muddatga hech qanday kafilliksiz lizingga o‘rnatib berish yo‘lga qo‘yildi.
 
Ko‘rgazma nufuzi yil sayin ortib bormoqda. Bu ishtirokchilar soni ko‘payganida ham ko‘zga tashlanadi. Bu yil ko‘rgazmaga ilk bor Tatariston Respublikasining 5 kompaniyasi vakillari tashrif buyurgan. 

– O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tabiiy sharoitda yetishtirilgani, totli ta’mi bilan dunyoga mashhur, – deydi Tatariston Respublikasi Eksportni qo‘llab-quvvatlash markazi mutaxassisi Olga Grezneva. – O‘tgan yili biz uchun uzoq kutilgan voqea – O‘zbekistonda valyutaning liberallashtirilishi ayni muddao bo‘ldi. O‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan istiqbolli kelishuvlarga erishishimizga ishonchimiz komil.
 
An’anaga ko‘ra, ko‘rgazmaning ikkinchi kunida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ko‘magida "Fermerlar kuni" bo‘lib o‘tadi. Unda ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashadi, sohaga doir yangi texnika va texnologiyalar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

 

Ulug‘bek Asrorov, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA

Поделиться