O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adolat sudda qaror topadi
2018-03-14 | Jamiyat
Termizda “O‘zbekistonda tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining sud orqali himoyasini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oliy sud sudyalari, mas’ul xodimlari, Surxondaryo viloyati prokuraturasi, iqtisodiy sudi, adliya, bojxona, soliq boshqarmalari, tijorat banklari, advokatlar palatasi, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi vakillari, tadbirkorlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari B.Isaqov, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatorining katta maslahatchisi Xans Ulrix Im, viloyat prokurori o‘rinbosari O‘.Yusupov va boshqalar mamlakatimizda tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlari sud orqali ishonchli himoya qilinishini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar milliy iqtisodiyotimizni yangi bosqichda rivojlantirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakatimizda sud-huquq sohasining qonunchilik asoslari yanada takomillashtirilib, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, odil sudlovga erishish darajasi oshirilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017 yil 1 iyundan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasida sud hokimiyatining yagona oliy organi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi. Sohada yuz bergan bu yangilanish sud tizimini boshqarishdagi bir-birini takrorlovchi funksiyalarni bartaraf etib, yagona sud amaliyotini shakllantirdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlari iqtisodiy sudlar qilib o‘zgartirilgani, tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari tashkil etilgani tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini ishonchli himoya qilishda bir qator qulaylik yaratdi.
– Ish bor joyda goho nizolarga sabab bo‘luvchi holatlar ham bo‘lib turadi. Bu hayot qonuni, – deydi Angor tumanidagi “Joziba invest” xususiy korxonasi rahbari Ismatulla Ro‘ziyev. – Bunday vaziyatga duch kelgan tadbirkor, albatta, sudga murojaat etadi. Avvallari xo‘jalik sudi faqat viloyat darajasida faoliyat yuritib, nizolarni shu yerning o‘zida ko‘rib chiqqan bo‘lsa, endilikda tashkil etilgan tumanlararo iqtisodiy sudlari da’vo arizalarini bevosita hududning o‘zida ko‘rib chiqayotgani biz uchun ham katta imtiyoz yaratdi. Bu viloyat markaziga qatnash bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlarga chek qo‘yib, tadbirkorlarning qimmatli vaqtini tejamoqda.
Ayni paytda Surxondaryo viloyatida beshta tumanlararo va Boysun iqtisodiy sudi faoliyat yuritayotir.
– O‘tgan yili viloyat, tuman hamda tumanlararo iqtisodiy sudlarida 41 ming 827 iqtisodiy ish mazmunan ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi, – deydi Surxondaryo viloyati iqtisodiy sudi raisi vazifasini bajaruvchi I.Hakimov. – Yoki jami ko‘rilgan ishlarning 67,7 foizi sayyor sud majlislarida muhokama etildi. Buning natijasida ko‘plab tadbirkorlarning da’vo arizalari hududning o‘zidagi dastlabki sud instansiyasida qanoatlantirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2017 yil 20 dekabrdagi o‘n uchinchi yalpi majlisida Iqtisodiy protsessual kodeksi ma’qullanib, joriy yilning yanvar oyida tasdiqlangani iqtisodiy nizolarni odilona ko‘rib chiqib, hal etishda yangi imkoniyatlar yaratdi. 2018 yil 1 apreldan kuchga kiradigan mazkur kodeks iqtisodiy sudlarda ishlarni yuritish tartibini takomillashtirib, sohadagi qonunchilik va amaliyotdagi ayrim kamchiliklarga barham berayotgani bilan ahamiyatlidir.
Mutaxassislarning fikricha, amaldagi Xo‘jalik protsessual kodeksi bundan 20 yil muqaddam qabul qilingan bo‘lib, u bozor iqtisodiyoti va tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishi bilan xo‘jalik yurituvchi subyektlar huquq va qonuniy manfaatlarini ifoda etishda ayrim muammolarni ko‘ndalang qo‘yayotgan edi. Shunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi orqali ishlab chiqilgan Iqtisodiy protsessual kodeksini qabul qilish zarurati yuzaga keldi. Yangi kodeks keng jamoatchilik muhokamasi asosida olimlar, advokatlar, tadbirkorlarning fikrlari, shuningdek, ilg‘or xorij tajribasi va amaliyoti chuqur tahlil qilingan holda ishlab chiqildi.
Kodeksda sudda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, odil sudlov faoliyatining sifat hamda samaradorligini oshirish, fuqarolar va tadbirkorlarga huquq hamda qonuniy manfaatlarini muhofaza etish uchun qulay imkoniyatlar yaratish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda sud ishlarini yuritishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy qilish, sudlarga elektron murojaat etish, sud hujjatlarini taraflarga elektron yuborish, sud majlislarini videokonferensaloqa rejimidan foydalangan holda o‘tkazish, sud majlisini audio-videoda qayd etish belgilandi.
– Tadbirda biz, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarimizni sud organlarida ishonchli himoya qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar haqida yetarli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘ldik, – deydi Termiz shahridagi “Gulbahor Nurli Kelajak” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Dilafro‘z Karimova. – Ayniqsa, yangi kodeksda sud majlisida audio va video qayd etish tizimi yo‘lga qo‘yilayotgani, ular sud majlisining audio yoki videoyozuvlari bilan tanishish huquqiga ega bo‘layotgani taraflarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtiradi. Shaffoflikni ta’minlaydi.
Davra suhbatida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalarni Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi va uning mazmun-mohiyati xususida atroflicha fikr almashildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA