O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Murojaatlarning aksariyati kommunal xizmatlar sohasiga tegishli ekani aytildi
2018-03-13 | Jamiyat
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, aholining iste’mol madaniyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va uning hududiy organlariga iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha o‘tgan yili jami 6 ming 602 murojaat kelib tushgan. Ularni o‘rganib chiqish natijasida iste’molchilar foydasiga 2,3 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi. Murojaatlarning aksariyati kommunal xizmatlar sohasiga tegishli bo‘lib, ularda to‘lov bilan bog‘liq muammoli vaziyatlar, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati, qo‘shimcha haq hisoblash kabi holatlar bayon etilgan.
Anjumanda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 2017 yildagi faoliyati yakunlari va 2018 yilgi vazifalariga to‘xtalib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, federatsiya markaziy apparati va uning tarkibidagi hududiy birlashmalar, tuman (shahar) jamiyatlari rahbariyati yil davomida joylarga chiqib, odamlar bilan muloqot o‘tkazdi. 231 nafar ehtiyojmand fuqaro holidan xabar olinib, ularga 54 million so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatildi.
2017 yil davomida federatsiya va uning hududiy tuzilmalariga 14 ming 127 murojaat kelib tushgan. Ularning 12 ming 976 tasi ijobiy hal etildi. Natijada iste’molchilar foydasiga 4 milliard so‘mdan ortiq yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilib berildi.
Anjumanda xalqaro hamkorlik borasida olib borilayotgan ishlar xususida ham so‘z bordi. Jumladan, o‘tgan yil boshida federatsiya Consumers International – Xalqaro iste’molchilar tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun barcha hujjatlarni tayyorlab taqdim etgani ma’lum qilindi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA muxbiri