O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga qabul test sinovlarida qo‘llaniladigan test topshiriqlarining namunaviy variantlariga tushuntirish xati
2018-03-13 | Ta’lim
Ma'lumki, oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga qabul test sinovlarida abiturientlarning bilimlari umumta'lim fanlaridan, ya'ni, ona tili va adabiyot, qoraqolpoq tili va adabiyot, rus tili va adabiyot, matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya, tarix, ingliz tili, nemis tili, fransuz tilifanlaridan bilimlari sinalib, ularning tanlovdagi reyting ballari aniqlanadi.
Oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga qabul test sinovlari uchun test topshiriqlari umumta'lim fanlarning mazmuni tarkibi va abiturientlarning tayyorgarlik darajasiga qo‘yiladigan talablar asosida, alohida har bir fan bo‘yicha test topshiriqlari tafsilotlariga muvofiq tuziladi.
Mazkur sahifada o‘qituvchilar, abiturientlar va ota-onalar diqqatiga 2018 yilda oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga qabul test sinovlarini o‘tkazish uchun har bir umumta'lim fani bo‘yicha uning mazmuni tarkibi va abiturientlar tayyorgarligi darajasiga qo‘yiladigan talablar kodifikatori, test topshiriqlarining tafsilotlari hamda mazkur tafsilotlar asosida ishlab chiqilgan test topshiriqlari namunalari taqdim etilmoqda.
Talablar kodifikatori umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limining Davlat ta'lim standartlari, o‘quv dasturlari hamda umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun tavsiya etilgan darsliklar asosida tayyorlangan.
Talablar kodifikatori va test topshiriqlarining tafsilotlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi bilan kelishilgan holda ushbu ta'lim tizimidagi malakali mutaxassislari muhokamasidan o‘tkazilgan. Ushbu hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining Ilmiy-metodik kengashi qarori bilan tasdiqlangan.
Taqdim etilayotgan test topshiriqlarining namunaviy variantlari tasdiqlangan talablar kodifikatori va test topshiriqlari tafsilotlari asosida tayyorlangan bo‘lib, abiturientlarga, ularning ustozlari va keng jamoatchilikka umumta'lim fanlari bo‘yicha bo‘lg‘usi imtihonning shakli, mazmuni, murakkablik darajasini namoyish qilish uchun mo‘ljallangan. Ushbu variantlar boshqa metodik nashrlar bilan bir qatorda o‘quvchilarga qabul test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun yordam berishga qaratilgan.