O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zgidromet aviamet bo‘linmalarida Xalqaro standartlashtirish tashkilotining (ISO) yangi versiyasi bo‘yicha sifat menejmenti tizimi joriy etildi
2018-03-13 | Jamiyat
O‘zgidrometda 2011 yildan beri Xalqaro standartlashtirish tashkiloti standartlari bo‘yicha sifat menejmenti tizimi (SMT) joriy etib kelinmoqda. Jahon amaliyotida standartlar "eng yaxshi tajriba"ni aks ettiradi. Bu doimiy ravishda sifat sohasidagi ishlanmalarni e’tiborga olgan holda va oldingi versiyalarni tatbiq etish natijasida orttirilgan tajribaga asoslanib ISO Texnik kengashlari tomonidan takomillashtirib kelinayotgan dinamik tuzilmadir. Odatda ISO Xalqaro standartlari har 5 yilda ko‘rib chiqiladi. Oxirgi ISO 9001:2015 versiyasi ISO 9001:2008 versiyasining o‘rniga keldi.
O‘zgidromet aviatsiyani meteorologik ta’minlash bo‘linmalarida hamda Aviatsiyani meteorologik ta’minlash xizmatida yangi ISO 9001:2015 versiyasi 2017 yil davomida joriy qilingan edi. Hozirgi vaqtda O‘zgidrometning 12 ta aviametbo‘linmasi va Aviatsiyani meteorologik ta’minlash xizmati xalqaro darajada yangi standartdagi sifat menejmenti tizimiga muvofiqlik sertifikatlarini oldi.
Bu jarayonda Germaniyaning TÜV International Certification (TIC) kompaniyasi sertifikatlashtirish organi bo‘lib xizmat qildi. Bu kompaniya tomonidan beriladigan sertifikatlar xalqaro bozorda yuqori ishonchga ega bo‘lib, jahon miqyosida 90 ta mamlakatda 10 mingdan ortiq korxona mazkur sertifikatlarni olgan. Ular orasida “Aeroflot Rossiya avialiniyalari” OAJ, Sony Technical Service Group, Siemens, Scoda Gruppe, Los-Angeles Airport va boshqalar bor.
Hozirgi vaqtda ISO 9001:2015 sifat menejmenti yangi tizimini ishchi holatda saqlash va nazorati bo‘yicha O‘zgidromet aviatsiyani meteorologik ta’minlash bo‘linmalari va Aviatsiyani meteorologik ta’minlash xizmatida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Yil davomida bo‘linmalarda belgilangan tartibda ichki va kuzatuv auditlari o‘tkaziladi.