Poytaxtimizdagi «City Palace» mehmonxonasida «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» Davlat dasturi ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda ommaviy axborot vositalarining roli" mavzusida respublika anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda senatorlar, deputatlar, tegishli vazirlik va idoralardan vakillar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anjumanda «Innovatsion texnologiyalarni qo‘llash orqali davlat xizmatlari ko‘rsatishning yuqori sifati, tezkorligi, ochiqligini ta’minlash, aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida», «Iqtisodiyotni rivojlantirish va faol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga oid ustuvor yo‘nalishlar», «Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, shuningdek, tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar» singari mavzularda ma’ruzalar tinglandi.