O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Maishiy chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada rivojlantirish: o'zaro tajriba

2018-03-13 | Jamiyat

2018 yil 9-10 mart kunlari O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi tomonidan sanitar tozalash sohasida faoliyat yurituvchi tashkilot vakillari uchun Buxoro viloyatiga Maishiy chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada rivojlantirish: o'zaro tajriba almashishga yo'naltirilgan ikki kunlik amaliy seminar tashkil etildi.

Seminarda soha vakillari bilan bir qatorda OAV vakillari ham ishtirok etdilar.

Tadbirni ochish uchun so'zga chiqqan O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari A.Adxamjnov chiqindilarni boshqarish tizimida olib borilayotgan islohotlar, xususan Prezidentimizning 2017 yil 21 apreldagi "2017-2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda atrof-muhit musaffoligini saqlash, maishiy chiqindilarni qayta ishlash bo'yicha keng ko'lamli ishlar xususida to'xtalib o'tdi.

Chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish klasterlari to'g'risida so'z borar ekan, A.Adxamjanov, Buxoro viloyati Kogon tumanida joylashgan "Aholi trans" mas’uliyati cheklangan jamiyati to'g'risida to'xtalib o'tdi.

Klasterga tumandagi bo'sh turgan bino va inshootlar "nol" qiymatda berilgan, o'z navbatida ular ta’mirlanib, Xitoydan bir kecha-kunduzda 450 tonna chiqindini qabul qilish quvvatiga ega texnologiya keltirib, o'rnatildi.

Bu yerda metall, tosh, shisha, yaroqsiz rezina va avtoshinalar, plastmassa, yog'och-taxta bo'laklari, shox-shabbalar, makalatura, qurilish materiallari, matolar chiqindisi saralanadi. Ulardan briket, sintetik tola, qog'oz karton, to'qimachilik matosi, qurilish bloklari, biogumus va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi.

To'rt yuzdan ziyod ishchi mehnat qilayotgan korxona bugungi kunda Buxoro va Kogon shaharlari, Buxoro, Kogon tumanlaridagi maishiy chiqindilarni tashib keltirmoqda. Keyinchalik korxona faoliyatini kengaytirib, viloyatning barcha hududlarida paydo bo'ladigan chiqindilarni yig'ib keltirishni rejalashtirgan.

Tadbir davomida ishtirokchilar bevosita "Aholi tarns" MCHJ faoliyatini ko'zdan kechirish uchun ob’yekt hududiga tashrif buyurib, texnologik jarayonlar bilan tanishish imkoniga ega bo'ldilar.

"Aholi trans" MCHJ hududi 22 gektar hududni egallagan bo'lib,  bugungi kunga kelib tashkilot  tomonidan 1 ta saralangan chiqindilarni qabul qilish estakadasi tashkil qilingan, 70 ta maxsus texnika,16 ta uskunalar (14 ta qayta ishlash va 2 ta saralash) to'liq olib kelinib, o'rnatilgan. Chiqindilarni qayta ishlash zavodi to'liq foydalanishga topshirilgan.

Ishtirokchilar korxonada chiqindilarni qayta ishlash hamda ulardan tayyorlanayotgan mahsulotlar bilan yaqindan tanishdilar.

Qishloq xo'jaligi (somon, sheluxa, makkajo'xori va b.), yog'onga ishlov berish (qirindi, parraxa va b.) sohalarining turli qoldiqlari, torf, pista ko'mir va boshqa mahsulotlardan tayyorlanadigan yoqilg'i briketlari ekologik toza, arzon va haroratni uzoq vaqt bir me’yorda saqlashi bilan aholini o'ziga jalb etmoqda.

YOqilg'i briketlari turli shakldagi pechlar uchun qattiq yoqilg'i sifatida qo'llaniladi. Shu bilan birga  ekologik sof mahsulot bo'lib, yonganda deyarli tutamaydi. Uy-joylar, hammom, issiqxona, sabzovot omborlari, palatkalari va hokazolarni istishda yoqilg'i briketlari nihoyatda qulay.

Shisha tolalar yoki steklovato deb nomlanuvchi mahsulot hozirgi zamon texnikasida shishaplastikalar uchun armirlovchi (mustahkamlovchi) material sifatida, filtrlashda va elektrotexnikada izolyatsiya materiali sifatida ishlatiladi.

Shisha tola xossasi, kimyoviy tarkibi, issiqqa chidamliligi, elektr tokini o'tkazmasligi, issiqlik o'tkazuvchanligining  pastligi, termik kengayish koeffitsiyentining kichikligi, kimyoviy chidamliligi va mexanik puxtaliligi bilan belgilanadi.

Ishtirokchilar bayon etilgan va yana boshqa mahsulotlar, ularning texnologik jarayonlari yuzasidan barcha savollarga javob olish imkoniga ega bo'ldilar.

Tadbirning ikkinchi kuni maishiy chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada rivojlantirish, sanitar tozalash sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar vakillarining o'zaro fikr, tajriba almashishiga bag'ishlandi.

Seminarni O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi raisi B.Qo'chqorov hamda Buxoro viloyati hokimining o'rinbosari ochib berdi.

Qo'mita raisi asosiy ustivor yo'nalish - maishiy chiqindilarni kompleks boshqarish tizimini tashkil etish, chiqindilar bilan bog'liq ishlarda davlat boshqaruvi va ekologik nazoratni takomillashtirish, chiqindilarni sarash, qayta ishlash bo'yicha klasterlarni tashkil etish masalalariga alohida to'xtalib o'tildi.

Ta’kidlab o'tganidek, maishiy chiqindilarni qayta ishlash sohasida respublikaning 9 ta yirik shaharlarida (Angren, Nukus, Urgench, Navoi, Buxoro, Qarshi, Termez, Jizzax, Guliston) maishiy chiqindilarni saralash va qayta ishlash klasterlari tashkil etildi.

Hozirda respublikaning boshqa hududlarida klasterlarini tashkil etish bo'yicha to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish loyihalari yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, Janubiy Koreyalik hamkorlar bilan qattiq maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlash, Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan Toshkent shahar poligonida chiqindixona gazini qayta ishlab, undan elektr va issiqlik energiyasini olish texnologiyalarni joriy etish bo'yicha loyihalarni amalga oshirish ko'zda tutilgan.

Shu bilan birga ushbu yo'nalish bo'yicha xalqaro moliya institutlarining 113,4 mln. AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag'lari hisobidan (Samarqand shahrida - Fransiya rivojlanish agentligi, Toshkent shahrida - Osiyo taraqqiyot banki) loyihalar amalga oshirilmoqda.

Tadbirda so'zga chiqqanlar maishiy chiqindilarning hosil bo'lishi, yig'ilishi, tashilishi, saralash, qayta ishlash, utilizatsiya qilish sohasida Turkiya davlati tajribasi, sanitar tozalash sohasida, klasterlar faoliyati davomida yuzaga kelayotgan muammolar xususida so'z yuritdilar.

Поделиться