O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kattaqo‘rg‘onda tadbirkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda
2018-03-13 | Jamiyat
Yaqinda Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligining katta majlislar zalida Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tashabbusi bilan Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi, Bosh prokuratura huzuridagi Soliq va valyutaga oid jinoyalarni legallashtirishga qarshi kurashish departementi Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi, O‘zLiDeP viloyat kengashi rahbariyati va tumanda faoliyat olib borayotgan tashqi iqtisodiy qatnashchilari, fermerlar, tegishli idora, tashkilot rahbarlari, tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlar, mahalla faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida “Tadbirkorlikni rivojlantirish va uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridir” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Kattaqo‘rg‘on tuman hokimi A.Baxramov ochib, Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirishga oid qabul qilingan qarorlar asosida bugungi kunda davlat boshqaruvi hamda nazorat organlarining tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga e’tibori tobora ortib borayotganligini va bu borada tumanda eksportni rivojlantirish mexanizmini ishlab chiqish, tegishli idora hamda tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlarni olib borish lozimligini ta’kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng, Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshliq o‘rinbosari J.Qodirov bugungi kunda mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini shakllantirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 noyabrda qabul qilingan “Tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3351-sonli qarori asosida yaratilayotgan qulayliklarga alohida urg‘u berib o‘tdi.
Viloyat bojxona boshqarmasining Valyuta guruhi bosh inspektori Sh.Raxmatov bugungi kunda davlat boshqaruvi hamda nazorat organlarining tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga e’tibori ortib borayotganligi, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan mahsulotlarni eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirishda bojxona organlari tomonidan yaratilayotgan qulayliklar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 noyabrdagi “Tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-3351 sonli qaroriga ko‘ra 2017 yilning 1 dekabrdan boshlab, tovarlar, xizmatlarni (ishlarni) eksport qilish operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan debitor qarzdorlik hosil bo‘lishini hisoblashning yagona muddati sifatida 120 kun belgilanganligi, tadbirkorlik subyektlariga tovarlar, ishlar va xizmatlar eksportini oldindan to‘lovsiz, akkredetiv ochmasdan, bank kafolati va sug‘urta polisidan holi ravishda eksport qilish huquqi berilganligi, bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarning bojxona qiymatini tasdiqlash uchun import qiluvchilar tomonidan eksport bojxona yuk deklaratsiyasini majburiy taqdim etish, shu bilan birga “vaqtincha olib kirish” bojxona rejimidagi tovarlarni qayta eksport qilishga davlat bojxona xizmatlari organlari tomonidan ruxsatnoma berish talablari bekor qilinganligi tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarining diqqat-markazida bo‘ldi.
2017 yil 1 dekabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlariga tovarlarni, ishlar va xizmatlarni eksport kontraktini tuzmasdan, oldindan 100 foiz to‘lov sharti bilan invoyslar asosida eksport qilish huquqining berilishi esa tadbirkorlik faoliyatiga qaratilgan yana bir qulaylik ekanligi alohida ta’kidlandi.
Tadbirda davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalarni mahalliy eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori haqida kengaytirilgan ma’lumotlar berildi. Mazkur qarorning qabul qilinishi tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirish, eksportga mahsulot yetkazib berishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish, mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarning raqobatdoshligini va moliyaviy barqarorligini oshirish, ortiqcha va eskirgan ruxsat berish tartibotlarini bekor qilish orqali ishbilarmonlik muhitini takomillashtirishga xizmat qiladi. Ushbu hujjat bilan tadbirkorlik subyektlariga yangi meva-sabzavot, uzum va poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan meva-sabzavotlarni eksport kontrakti tuzmasdan invoys asosida eksport qilish, yetkazib berish summasi eksport bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish kunida 20 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmasligiga oid ma’lumotlar yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
“Kattaqo‘rg‘on” TIF bojxona posti boshlig‘i L.Ziyadullayev, tadbirkorlarga qulay shart-sharoit va imkoniyatlarni yaratish borasida bojxona idorasida barcha imkoniyatlar mavjudligi, tadbirkorlar uchun imtiyozlar qo‘llanilayotganligi, yoshlarni har xil illatlar va qonunbuzarliklardan asrab qolish uchun xamkorlikda ishlarni olib borishning naqadar muhimligi, O‘zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonunining mazmun-mohiyati, Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 2017 yil davomida Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hamda eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bojxona organlari tunu-kun faoliyat olib borayotganligi, nojo‘ya xatti-xarakatlar yuzasidan boshqarmaning 233-63-00 ishonch telefoniga xabar berish haqidagi ma’lumotlarni aytib o‘tdi.
Ma’ruzalardan so‘ng, tadbirkorlar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan to‘liq javoblar olishdi.
Samarqand viloyati
bojxona boshqarmasi
Axborot xizmati