O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Tojik tilidagi durdona asarlar tadqiq etilmoqda

2018-03-13 | Madaniyat

Shu kunlarda O‘zbekiston va Tojikistonda umrguzaronlik qilayotgan 40 millionli xalq xursandchiligining cheki yo‘q. Chunki ma’lum muddat turli obyektiv va subyektiv sabablarga ko‘ra sustlashib qolgan o‘zbek-tojik azaliy va abadiy do‘st-birodarligi yo‘lidagi barcha to‘siqlar olib tashlandi. Ikki tomonlama manfaatli hamkorlik, yonqo‘shnichilik munosabatlari, o‘zaro bordi-keldilarning tamoman yangi davri boshlandi.

O‘zbek va tojik – bir daryodan suv ichib, bir havodan nafas olib, qadim ul-ayyomdan hayotning barcha issig‘u sovug‘ini birga kechib kelayotgan, jondosh, qondosh, hamsoya, hammaslak, ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq.

Biz o‘zaro mushtarak meros yaratganmiz. Qaysi tilda yozilganidan, hatto, uni qaysi qavm vakili bitganidan qat’iy nazar, O‘zbekistonimiz hududida yaratilgan har qanday asar xalqimizning yagona mulki tarkibiga kiradi. Hatto, O‘zbekistonimizda tojik tilida shu qadar boy meros yaratilganki, dunyo, haqli ravishda, yurtimizni forsiy lisonning ham sarzaminlaridan biri hisoblaydi. Bundan tashqari, mamlakatimiz qo‘lyozmalar xazinalaridan shu qadar katta miqdordagi tojikcha asarlar saqlanadiki, bu jahon bo‘yicha forsiy tilda yaratilgan merosning ulkan qismini tashkil etadi.

Ramziylik yoki o‘zaro muvofiqlikni qarangki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qo‘shni Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi boshlangan 9 mart kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashda ana shu muassasa kichik ilmiy xodimi Komiljon Rahimov dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi. Uning bu ishi tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari mutaxassisligi yo‘nalishida “Mustamliy Buxoriyning “Sharh at-Ta’arruf” asari hamda uning XI – XV asrlar Movarounnahr va Xuroson tasavvuf manbalariga ta’siri” mavzusida tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan. Dissertatsiyaga tarix fanlari doktori Bahrom Abduhalimov ilmiy rahbarlik qilgan.

Tadqiqotga Kalobodiy Buxoriyning arab tilida “At-ta’arruf li mazhab ahl at-tasavvuf” (“Tasavvuf ahli yo‘lini tanitish”) asarining shogirdi Mustamliy Buxoriy tomonidan tojik tilida yozilgan batafsil sharhi – “Sharh “At-ta’arrufli mazhab at-tasavvuf” (“Tasavvuf ahli yo‘lini tanitish”ning sharhi”) asari asos qilib olingan.

Muhim bir nozik jihat shundan iboratki, manbashunoslik nuqtai nazaridan qaraganda, Mustamliy Buxoriyning sharhi – tarixan fors-tojik tilida yozilgan va bizgacha yetib kelgan ikkinchi qo‘lyozma. Undan oldin, ya’ni 1036-yili ko‘chirilgan muallifi noma’lum “Kitob ul-abniya an haqoiq ul-adviya” (“Dorilarning haqiqiy xususiyatlari asoslari haqida kitob”) asari dunyo bo‘yicha forsiy tildagi bizgacha yetib kelgan birinchi qo‘lyozma manba hisoblanadi.

Tojik tilidagi bunday mo‘tabar asarlarni ilmiy tadqiq etish jahon sharqshunosligi ravnaqiga hissa bo‘lib ham qo‘shiladi va yurtimizning obro‘-e’tibori yanada ortishiga xizmat qiladi. Chunki yurtimizda yaratilgan va ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab saqlanayotgan bunday mo‘tabar asarlarni o‘rganish, eng avvalo, o‘zbek olimlarining vazifasiga kiradi.

Bir buxorolik olim tasavvuf haqida arab tilida kitob yozgan. Oradan yillar o‘tib, yana bir buxorolik olim unga fors-tojik tilida sharh bitgan. Mana, oradan ming yilga yaqin davr o‘tganidan so‘ng yana bir buxorolik olim shu fors-tojik tilidagi sharh haqida o‘zbek tilida dissertatsiya yoqladi. Uning tadqiqotida “Sharh “At-ta’arruf...” xususiyatlari, jahon xazinalarida saqlanayotgan nusxalari, tasavvuf ilmiga oid muhim manba ekani, o‘zidan keyingi shu sohada yaratilgan asarlarga ta’siri, shuningdek, uning muallifi hayoti va faoliyati keng yoritilgan. Bu esa jahon tasavvufshunosligiga qo‘shilgan munosib hissa hisoblanadi.

Komiljon Rahimov bu mavzuni o‘rganishga katta tayyorgarlik bilan kirishganini ham alohida qayd etib o‘tish kerak. U, avvalo, Buxorodagi Mir Arab madrasasini tugallagan. Keyin esa Buxoro davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetining bakalavriat va magistratura bo‘limlarida o‘qigan. Orada Misr Arab Respublikasida bir yil tahsil olgan. Arab, fors, tojik, ingliz tillarini yaxshi biladi. O‘zbekiston me’moriy obidalaridagi turkiy, forsiy va arabiy bitiklarni o‘rganish asnosida 12 jilddan iborat albom tayyorlanib, chop etildi. Matn – o‘zbek, rus va ingliz tillarida. Biroq arabiy va forsiy matnlarning asli ham berilgan. Shu tariqa bu albom amalda besh tilda chiqdi. Komiljon Rahimov ana shu qadim bitiklarni o‘qib, chala joylarini to‘ldirib, nashrga tayyorlagan asosiy mualliflardan biri sifatida katta mehnat qilganini ham qayd etish kerak.

Bu bilimlarining bari tadqiqotining mukammaligini ta’minlash uchun asos bo‘lgan.

Sultonmurod Olim, 
filologiya fanlari nomzodi,
"Naqshbandiya” jurnali bosh muharriri.

 

Поделиться