O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Erishilgan kelishuvlar ikki mamlakat tarixida muhim qadam bo‘ldi
2018-03-13 | Jamiyat
Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan 9-10 mart kunlari davlat tashrifi bilan Dushanbe shahrida bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining Tojikistonga davlat tashrifi kutilganidan ham samarali bo‘ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, hal qilinmagan masala qolmadi. Darhaqiqat, muzokaralar yakunida ikki mamlakat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida Do‘stlik va yaxshi qo‘shnilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonot, O‘zbekiston – Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar. Bundan tashqari, savdo, iqtisodiyot, investitsiya, moliya, transport va tranzit, qishloq xo‘jaligi, suv-energetika, soliq, bojxona, turizm, fan-ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, xavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlik hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirishga doir 27 hujjat imzolandi.
O‘zA muxbiri erishilgan kelishuvlar natijasi haqida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolarining fikrlari bilan qiziqdi:
Achilboy RAMATOV, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi:
– Tojikiston Respublikasi hududiy joylashuviga binoan mamlakatimizga chegara davlat hisoblanadi. Shunday ekan, temir yo‘l va avtomobil yo‘llarimiz bir-biri bilan bog‘liq. Ya’ni qo‘shni davlatning asosiy yuklari O‘zbekiston hududi orqali o‘tadi. So‘nggi yillarda Tojikiston tomonining yuklari O‘zbekiston hududidan aylanib o‘tar edi. Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, yangi qatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Bu borada qo‘shni mamlakatga o‘ziga xos chegirmalar taqdim qildik va bir to‘xtamga keldik. Bu ikki mamlakat iqtisodiyotiga katta foyda keltiradi, deb hisoblaymiz.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida temir yo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Davlatimiz rahbarining tashrifi doirasida “G‘alaba – Amuzang – Xoshadi” temir yo‘l liniyasi ochildi. Tahlillarga ko‘ra, bu yo‘ldan millionlab aholi foydalanishi mumkin. Shunday ekan, bu boradagi ishlar izchil davom ettiriladi.
Jamshid XO‘JAYEV, O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri:
– O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi doirasida tashkil qilingan uchrashuvlar, muloqotlar samimiy va o‘zaro ishonch ruhida o‘tdi. Misol uchun, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi va biznes-forum natijasiga ko‘ra, 200 million dollardan ortiq shartnomalar imzolandi. Ko‘rgazmada yurtimizning 100 dan ortiq korxonasi o‘zining mingdan ortiq mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Davlat rahbarlarining uchrashuvida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasini bir milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Eng muhim jihati, O‘zbekiston va Tojikiston viloyatlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi. Bu mamlakatlarimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Shavkat HAMROYEV, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri:
– Tojikiston bilan Amudaryo hamda Sirdaryo suvlaridan foydalanib kelmoqdamiz. Suv resurslaridan foydalanishda xalqaro me’yorlarga amal qilish talab etiladi. Bundan tashqari, tabiatning bu ne’matidan samarali foydalanish kerak. 9-10 mart kunlari ikki davlat tarixida muhim kun bo‘lib qoldi. Chunki suv va energetika resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida kelishuvga erishildi.
Shuningdek, gidroelektr stansiyalari qurish bo‘yicha ham nufuzli komissiya tuzishga kelishib olindi. Bu qaror nafaqat ikki mamlakat, balki butun mintaqa iqtisodining rivojiga salmoqli hissa qo‘shadi. Yangi qurilayotgan gidroelektr stansiyasi mintaqaning energetikaga bo‘lgan talabini qondiradi.
Turob JO‘RAYEV, Samarqand viloyati hokimi:
– Davlatimiz rahbarining Tojikistonga tashrifi tarixiy ahamiyat kasb etdi. Bu ikki xalq o‘rtasidagi aloqalarning takomillashishida muhim qadam bo‘ldi. Muzokaralar yakuniga ko‘ra, Tojikiston Respublikasining So‘g‘d va O‘zbekistonning Samarqand viloyatlari hokimlariga keng imkoniyatlar yaratib berildi. Endi munosabatlarda ortiqcha rasmiyatchiliksiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri telefon orqali bog‘lanish, o‘zlariga ma’qul bo‘lgan vaqtda ikki tomon ishbilarmonlari o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib olindi. Buning amaliy natijasi sifatida joriy yilning aprel oyida Tojikiston tadbirkorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tadi.
Tashrif doirasida juda ko‘p samarali kelishuvlarga erishildi. Birgina misol: erishilgan kelishuvga ko‘ra, endi fuqarolar mamlakatlarda o‘ttiz kungacha vizasiz yurish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu ikki xalq vakillarining azaldan yo‘lga qo‘yilgan qarindoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash, qolaversa, turizmni rivojlantirishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Erkin TURDIMOV, Surxondaryo viloyati hokimi:
– Davlatimiz rahbarining Tojikistonga oliy darajadagi davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu nafaqat ikki davlat o‘rtasida, balki Markaziy Osiyo miqyosida ham e’tirof etilmoqda.
Savdo-iqtisodiy sohalarda ikki davlat imkoniyatlari yetarli darajada rivojlanmay qolgan edi. Mamlakatlar endi bu borada ham o‘zining haqiqiy ko‘rsatkichlarini namoyon qiladi. Men tashrif davomida turli sohalarda imkoniyatlar bo‘laturib, aloqalar uzilib qolganining guvohi bo‘ldim. Bu tarixiy tashrifni ikki xalq vakillari ham intiqlik bilan kutgan edi. Tashrif doirasida ikki xalq manfatlariga to‘la javob beradigan kelishuvlarga erishildi. “G‘alaba – Amuzang – Xoshadi” temir yo‘lining ochilishi muhim voqea bo‘ldi. Surxondaryo viloyati Tojikiston bilan chegara hudud bo‘lganligi uchun bugundan boshlab barcha sohalarda aloqalarni keng miqyosda rivojlantiramiz.
Botir ZARIPOV, “O‘zqurilishmateriallari” AJ boshqaruvi raisi:
– Ma’lumki, mamlakatimizda mineral xom ashyo resurslaridan samarali foydalangan holda yuzdan ziyod qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasida 50 dan ortiq turdagi qurilish materiallari bilan ishtirok etmoqdamiz. Noyob qurilish materiallari hisoblangan granit, marmar, gabbro, travertin toshlari, devorbop, tomyopqich materiallar, bazalt toshidan olingan armaturalar, qamish o‘simligidan ishlangan DSP kabi mahsulotlarimiz tojikistonliklarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tojikistonning o‘nlab kompaniya va firmalari bizning qurilish materiallarimizni olish bo‘yicha shartnomalar imzoladi.
O‘zA muxbiri Abu Bakr O‘rozov yozib oldi