O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonning 23 shahar va tumanida hunarmandlikni rivojlantirish markazlari tashkil etiladi
2018-03-13 | Iqtisodiyot
Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan navbatdagi tadbir mamlakatimizda hunarmandlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.
“Hunarmand” uyushmasi hunarmandlarga qulayliklar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, 2017-yilning dekabr holatiga ko‘ra, uyushma a’zolari 10 ming 247 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda ular safiga yana 8 mingdan ortiq hunarmand qo‘shildi.
Hunarmandlik mahsulotlarini eksport qilish hajmini oshirish hamda ushbu sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida joriy yilda dunyoning 20 dan ortiq davlatida 113 ko‘rgazma va yarmarka o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, uyushma ta’sischiligida “Uz craft and art” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Kelgusida mazkur korxona tizimida mamlakat turistik obyektlari, diqqatga sazovor joylari, hududlardagi hunarmandlik markazlarida hamda bir qator bozorlarda “Asr salon”lar, ya’ni amaliy va tasviriy san’at asarlarining savdosi bilan shug‘ullanuvchi do‘konlar ochiladi.
– Prezidentimizning farmoni asosida hunarmandlarga bir qator imtiyoz va preferensiyalar berildi, – deydi uyushma mas’ul xodimi D.Sattorov. – Unga ko‘ra, endi hunarmandlar soliq to‘lovidan ozod etilishi, mahsulotlarini eksport qilishdan tushgan xorijiy valyutani erkin tasarruf qilishi mumkin. Ularga yer maydonlari va binolar ajratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, imtiyozli kreditlar berish, hunarmandlik mahsulotlarini sotish va eksport qilish borasida yaratilgan qulayliklar asriy an’nalarimiz bardavomligini ta’minlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, “Usta-shogird” maktablari sonini ko‘paytirish dolzarb masala. O‘tgan yili 1 ming 326 ta ana shunday maktab tashkil etilib, hozirgi kunda ularning soni 2 mingtaga yetkazildi. Ularda hunar o‘rganayotganlar soni 7 ming 356 nafarni tashkil etmoqda. Mamlakatimizning 23 shahar va tumanida hunarmandlikni rivojlantirish markazlarini tashkil etish, shu yo‘nalishda 3015 ta loyihani amalga oshirish galdagi rejalarimizdandir.
Matbuot anjumani qizg‘in bahs-munozaralar va savol-javoblar bilan yakunlandi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA muxbiri