O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorijlik dam oluvchilar soni 35 foizga oshdi
2018-03-12 | Turizm
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sanator-kurortlar boshqarmasiga qarashli “Umid gulshani sanatoriysi” MCHJda boshqarma hamda kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarining rahbar va mutasaddi vakillari uchun o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda “2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ning “Ijtimoiy sohani” rivojlantirish yo‘nalishi maqsad va vazifalarining mazmun-mohiyati, tizimdagi sanatoriy va dam olish uylarida malakali xizmat ko‘rsatish, sihatgohlarning moddiy-texnik negizini mustahkamlash, xodimlar malakasini oshirish masalalari muhokama etildi.
Ta’kidlash joizki, sanatoriylarda davolanayotganlar bilan tizimli muloqotda bo‘lish, ko‘rsatilayotgan tibbiy va servis xizmatlarini tahlil qilib borish maqsadida davolanuvchilar o‘rtasida muntazam ravishda so‘rovnomalar o‘tkazilib, olingan takliflar asosida tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, sanatoriylar atrofida joylashgan mahallalarda istiqomat qiladigan kam ta’minlangan oilalar va fuqarolarni tashxis qo‘yish, ambulator yo‘l bilan sog‘ligini tiklash bo‘yicha ro‘yxat shakllantirilgan. Ushbu ro‘yxat asosida yaqinda 2 nafar ehtiyojmand fuqaro yo‘llanma asosida sog‘ligini yaxshiladi. 157 nafar fuqaro esa sihatgoh hisobidan ambulator sharoitda bepul tekshiruvdan o‘tkazildi.
O‘tgan yili tajriba sifatida birinchi marta 6 ta sanatoriyda jahondagi rivojlangan davlatlar tajribasiga tayangan holda ichki va tashki baholash tizimi joriy qilindi. Sanatoriylarda tibbiy turizmni yanada rivojlantirish bo‘yicha xalqaro ko‘rgazmalarda faol ishtirok etish va xorijiy sayyohlarni ko‘paytirish maqsadida xodimlarimiz xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganib kelmoqda. Buning natijasida MDH mamlakatlaridan sanatoriylarga davolanish uchun kelayotgan fuqarolar soni 35 foizga oshdi.
Bugun hayotimizni axborot texnologiyalarisiz tasavvur qilish qiyin. Shuning uchun sihatgohlarda bu masalaga jiddiy e’tibor qaratilgan. Ayni paytda “Kosonsoy”, “Chinobod”, “Sitorai Mohi Xosa”, “Chortoq”, “Bo‘ston” sanatoriylarida “Wi-Fi” aloqasi tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu davolanuvchilar uchun yana bir qulaylikdir.
Abdurahim MUHAMMADIYEV,
Sanator-kurortlar boshqarmasi mas’ul xodimi