O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Karam eksporti oshishi kutilmoqda
2018-03-12 | Iqtisodiyot
Har yilning bahorida Surxondaryo viloyati Angor tumani uchun bu yerda mahalliy aholi tomonidan yetishtirilgan karam mahsulotlarini eksport qilish mavsumi jarayoni qizg‘in tus oladi. Bu yil ham ushbu ishlar susaygani yo‘q.
O‘tgan yilgi statistik raqamlar bilan tanishar ekansiz, Surxondaryoda yetishtirilgan 15 ming 500 tonnadan ortiq karam mahsulotlari Rossiya, Qozog‘iston, Belorusiya, Ukraina kabi davlatlarga eksport qilinganligini ko‘rish mumkin. Demakki, ushbu hudud karam mahsulotining eksportiga o‘zining alohida ulushini qo‘shishini inobatga olib,fermer-dehqonlarning bu yilgi hosil yetishtirish imkoniyatlarining darajasi, ularni qiynayotgan muammolar bilan tanishish dolzarb masala hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan Angor tumani aholisi va tadbirkorlarini eksportga jalb qilish maqsadida bojxona qonunchiligi, eksport uchun qulay muhit va yaratilgan sharoitlar mavzusidagi muloqotlar o‘tkazilishi muntazamlik tusini olgan.
Xususan, muloqotlar davomida bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Mansurjon Nabiyev boshchiligidagi ishchi guruhi karam mahsulotining asosiy yetishtiruvchilari hisoblanmish angorliklarning shaxsiy tomorqalariga borib, u yerdagi hosil bilan tanishish asnosida dehqon-fermerlarning murojaatlarini tingladi.
Murojaatlar mazmuni asosan, yetishtirilgan mahsulotni daromad manbaiga aylantirilishi uchun hosilni eksportga yo‘naltirishdagi jarayonlar xususida bo‘ldi.
Yig‘ilganlarga bugungi kunda bojxona rasmiylashtiruvi jarayoni qisqa muddatlarda, sifatli davlat xizmatini ko‘rsatish asnosida tashkil etilganligi aytib o‘tildi. Ayni shu yo‘nalishdafaoliyat olib borayotgan “Termiz” va “Jarqo‘rg‘on” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarieksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda yuzaga keladigan muammolarini tadbirkorlar bilan bevosita birgalikda ijobiy yechimini topishda doimiy amaliy yordam ko‘rsatilishi xususidagi ma’lumotlar berildi.
Uchrashuv davomida, “Jarqo‘rg‘on” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti boshlig‘i Ro‘zimurod Panjiyev mirishkorlarga bojxona sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, halol tadbirkorlarga keng imkoniyatlar eshigini ochib beruvchi “xavfni boshqarish” tizimining o‘ziga xos xususiyatlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga har qanday asossiz aralashuvlarga chek qo‘yilganligi, bojxona statistikasiga oid ma’lumotlarni o‘zaro almashish to‘g‘risidagi xalqaro bitimlar hamda eksport-import operatsiyalari ustidan doimiy tahlil olib borilayotganligi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, fuqarolarga Termiz tumani Ayritom mahallasida barpo etilgan xalqaro standartlarga javob beruvchi “Termez Kargo Centr” MCHJ bojxona terminalida karam mahsulotinining eksport operatsiyalarini 24 soat mobaynida amalga oshirish uchun barcha sharoitlar mavjudligi to‘g‘risida ham batafsil axborotlar berildi. Muloqot davomida bojxona ishi bilan bog‘liq muammolarga duch kelinganda, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining (0346)225-26-05 raqamli “Ishonch telefoni”ga tunu-kun murojaat qilinishi mumkinligi to‘g‘risidagi axborot dehqon-fermer va tadbirkorlar diqqatiga yetkazildi. Yil boshidan bugungi kungacha Surxondaryo viloyatidan Qozog‘iston va Rossiya davlatlariga 504 ming AQSH dollari miqdoridagi 4 ming tonna karam mahsuloti eksport qilingan.